Seshanba 17-Iyun 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Xalqni rozi qilish — eng ustuvor vazifa

17.06.2025
97

So‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida inson huquqlari va manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu aholi daromadlari izchil o‘sayotgani, odamlarning yashash sharoiti tubdan yaxshilanib, kayfiyati, dunyoqarashi va hayotga munosabati o‘zgarayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq, hududlarni kompleks rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratdi. Barcha bo‘g‘inlardagi rahbarlarning faoliyati ular odamlar tashvishlarini qay darajada hal qilishiga bog‘liq bo‘lgan muhit yaratildi. Bu odamlarda ertangi kunga bo‘lgan ishonchni oshirdi.

Tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi. Ular huquqini himoya qilishning butunlay yangi va zamonaviy talablarga javob beradigan mexanizmi yaratildi. Yangi qonunlar va tartiblar ishlab chiqildi. Tadbirkorlikni boshlash uchun ruxsatnoma olish tizimi soddalashtirildi. Bu xalq turmush farovonligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga ulkan hissa qo‘shdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda inson manfaatini ta’minlashga qaratilgan islohotlar, amalga oshirilayotgan ishlar o‘z natijasini bermoqda. Muhimi, yangi barqaror rivojlanish bosqichiga kirgan O‘zbekiston kelajakda taraqqiyotning yuqori cho‘qqisiga chiqish uchun ulkan imkoniyatlarga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

Birgina joriy yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz o‘sdi, eksport miqdori 18 foiz, xorijiy investitsiyalar 46 foiz oshdi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2 ming 500 dan ziyod yangi quvvat ishga tushib, 2 million 400 ming odam daromadli bo‘ldi. Bu kabi yutuqlar, natijalar haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin ayrim hududlarda aholini o‘ylantirayotgan masalalar o‘z vaqtida hal etilmayotgani bu boradagi ishlar ko‘lami va samarasini oshirishni taqozo etadi.

Prezidentimiz raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu masala hududlar va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, tizimli kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlashi aytilib, lekin ayrim oddiy masalalarni hal qilish uchun ham viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerakligi, yoki, vakolati va mablag‘i yetarli bo‘lgan tashkilotlar o‘zini “nazoratchi” deb bilib, aholining og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanmayotgani urg‘ulandi.

Vazirlar, hukumatdagi mas’ullar tartib-intizomga qattiq e’tibor bermagani uchun islohotlar ijrosi cho‘zilib ketyapti. Sud qarorlari vaqtida bajarilmayotgani yuzasidan ham murojaatlar ko‘paymoqda. Demak, quyi bo‘g‘indagi ishlar samaradorligini oshirish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash barcha rahbarlar, jumladan, deputatlar faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim.

Chunki aholining dardu tashvishlarini eshitib, odamlarga sharoit yaratib berish barcha rahbarlarning asosiy vazifasidir. Prezidentimiz aytganidek, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat.

Biroq oxirgi paytlarda Xalq qabulxonalari aholi dardini eshitib, masalalarni hal qilish o‘rniga, murojaatlarni davlat tashkilotlariga taqsimlovchi vositachiga aylanib qoldi. Joylardagi muammolar hal bo‘lmagani uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar ham ko‘paydi. Yig‘ilishda ayni jihatlar alohida tilga olinib, bu borada muhim vazifalar belgilab berildi.

Xalq qabulxonalari tarkibi fidoyi mutaxassislar bilan to‘ldirilishi, endi ularga viloyat va tuman hokimining o‘zi rahbarlik qilishi, ular har kuni ishini aholi dardi va tashvishini eshitishdan boshlashi belgilandi. Bu o‘z navbatida, muammolarni joyida bartaraf etish, odamlarni rozi qilish, murojaatlarni boshqa idoraga yubormasdan, shu joyning o‘zida hal qilish imkonini beradi.

Bular hali hammasi emas. Yig‘ilishda hududlarda bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya va eksport hamda muhitni yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Soliq ma’murchiligini yaxshilab, aholi tadbirkorligini va ish o‘rni yaratishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi. Bu aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, odamlarning real daromadlarini oshirish, biznesni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim omil bo‘ladi.

Mahallalarga suv olib borib, meva-sabzavot yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalar orqali eksportni ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tilgani, o‘rmon va yaylovlardan chorvachilikda foydalanib, go‘sht va sut mahsulotlarini ko‘paytirish, oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlash chora-tadbirlari belgilangani ham inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan diqqatga sazovor.

Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan zalvorli vazifalar mahalliy rahbarlar faoliyati samaradorligini oshirish, aholi bilan ochiq muloqotda bo‘lish, har bir muammoni joyida hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, vazifalar — zalvorli, ijro ishtiyoqi — baland.

 Aktam ХAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?