“Gʻalaba intizomdan boshlanadi”: Chempionlar yoshlarga hayotiy saboq berdi
O'zLiDeP Chilonzor tuman Kengashi tashabbusi bilan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” mavzusida chempionlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir O'zLiDeP Toshkent shahar Kengashi Yoshlar bo‘limi hamda Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda partiya vakillari, ta’lim muassasalari rahbarlari, sport ustalari va yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda ishtirok etgan Dilnoza Tajiyeva yoshlarni sog‘lom va barkamol avlod etib voyaga yetkazish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda sport sohasiga ajratilayotgan mablag‘ 3 trillion so‘mga yetdi, 100 dan ortiq yirik sport inshootlari barpo etildi, murabbiylar maoshi ikki baravarga oshdi.
Chempionlardan biri, 9 karra karate chempioni M.X.Xodjakulov ham yoshlar bilan o‘z tajribasini o‘rtoqlashib, maqsadga intilish va intizomning ahamiyati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, “Krossfit Trayb” sport klubi rahbari Denis Djen yoshlarga sog‘lom turmushni ommalashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Uchrashuv so‘ngida yoshlar tomonidan sport infratuzilmasini rivojlantirish, ommaviy musobaqalarni ko‘paytirish va qiziquvchi yoshlar uchun maxsus dasturlar joriy etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Partiya vakillari ushbu g‘oyalarni amalga oshirish yuzasidan aniq choralar ko‘rishlarini ma’lum qildi.