Har bir fuqaro uchun munosib mehnat: bandlikni oshirish va kambag‘allikni kamaytirish yo‘lida
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholining turmush darajasini yaxshilash, oilalar daromadini oshirish, xalqimiz uchun farovon hayot sharoitlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Yangi O‘zbekistonda barcha islohotlar “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilib, Asosiy qonunimizda ham pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligini qat’iy belgilab qo‘yildi.
Faol investitsiya siyosati tufayli shu yilning o‘zida 35 milliard dollar sarmoya evaziga 9 mingdan ortiq yangi korxona, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni tashkil etilmoqda. Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga o‘tgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor o‘zining barqaror biznesiga ega bo‘ldi.
Har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini bugun odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Eng muhimi, qisqa davrda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar esa xalqaro tashkilotlar, ekspertlar e’tiborini tortmoqda.
O‘tgan davrda bu yo‘nalishdagi ishlarni quyida to‘g‘ri tashkil qilish, mahallama-mahalla yurib, yangi tashabbuslarni topib, odamlar hayotini yaxshilashga mas’ul bo‘lgan viloyat, tuman hokimlari va ular xodimlarining moddiy va texnik imkoniyatlari tubdan yaxshilangani alohida e’tiborga molik.
Yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushgan bo‘lsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi. Eng muhimi, joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.
Prezidentimiz raisligida shu yil 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisob qilinib, kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Xususan, 2026-yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi aytilib, buning uchun kelgusi yilda iqtisodiyotga 450 trillion so‘m kredit ajratilishi, 140 trillion so‘mi mahalladagi kichik va o‘rta loyihalar uchun berilishi belgilandi.
Sir emaski, aholi bandligini ta’minlash, doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish va fuqarolarning daromadini oshirishda sanoat loyihalari muhim o‘rin tutadi. Shu sababli kelgusi yilda hududlardagi korxonalarda 52 milliard dollarlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish reja qilingan.
Bugungi kunda 400 ta mahalla mebelchilik, hunarmandchilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, tadbirkorlarning joyi kengaytirib berilsa, har biri yana 5-10 kishini ishga olishga tayyor. Bu borada tuman hokimlariga kelasi yilda sanoatga ixtisoslashgan bunday mahallalarda 50 ta “mikro sanoat markazi”ni ishga tushirib, 10 ming nafar odamni ishli qilish topshirilgani ayni muddao bo‘ldi.
Og‘ir hayotiy vaziyat sababli kambag‘allikka tushib qolishi xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bularning barchasi eng avvalo, inson qadrini ulug‘lash, odamlarning turmush sharoitini yaxshilash va aholi bandligini oshirishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda va uning natijasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida his qilib turibdi. 2030-yilga borib esa O‘zbekiston mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishni maqsad qilgan.
Yig‘ilishda kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha kelgusi yil uchun qo‘yilgan aniq maqsad va vazifalar albatta, biz deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Demak, sohaga doir normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan ta’sirchan nazoratni olib borishga ustuvor ahamiyat qaratishimiz lozim bo‘ladi.
Jasurbek SHODIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati