Asosiy kontentga o‘tish
Juma 28-Noyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Konstitutsiya — inson qadri va adolatning mustahkam kafolati

26.11.2025
82

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasida O‘zbekiston — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Bu mamlakatimiz oldida turgan ulkan maqsadlarni amalga oshirishda o‘ziga xos, mustahkam poydevor vazifasini bajarib kelmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Asosiy Qonunimiz shu kunga qadar erishgan barcha yutuqlarimizning, yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining huquqiy kafolati hamda inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan ham Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun eng ulug‘ bayramlardan sanaladi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 21-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishiga ko‘ra, Konstitutsiyamiz o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish, “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy hamda boshqa tadbirlarni samarali tashkil etish nazarda tutildi.

Farmoyish bilan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning tarkibi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mitaga dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Konstitutsiya kuni bayramining respublikamizning barcha hududlarida ko‘tarinki ruhda nishonlanishini, shuningdek, aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar, badiiy kechalar, festivallar, sayllar, madaniyat va sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlari amalga oshirilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Farmoyishda belgilanishicha, joylarda o‘tkaziladigan bayramda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning tadbirkorlik va xususiy mulkning ishonchli himoyasini ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha yangidan-yangi yutuqlar va natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratib bergani keng jamoatchilikka tushuntiriladi.

Alohida ta’kidlash kerakki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdan kelib chiqib, 2023-yildan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasida amaldagi qator protsessual kodekslarimiz va qonunlarimizga uning normalarini implementatsiya qilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda.

Shuningdek, Konstitutsiya bayrami arafasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslarini, shu jumladan, atoqli huquqshunoslar, olimlar, sud, adliya va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari rahbar va xodimlari ishtirokida o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Farmoyishda o‘tkaziladigan bayram tadbirlarining moliyalashtirish manbalari ham ko‘rsatib berilganligi ushbu bayramning sermazmun o‘tishining kafolati hisoblanadi.

 

Zafar XUDOYBЕRDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?