Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 16-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Kapital bozorida ochiqlik va shaffoflik ta’minlanadi

16.11.2026
29

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida Prezidentimizning 10–11-noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarining ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi, qurg‘oqchilik va yerlar degradatsiyasi bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun umumiy muammoga aylanmoqda. Ularni hal etish davlatlardan o‘zaro hamkorlik va birgalikdagi sa’y-harakatlarni talab etadi. Mazkur sammit bu borada hamkorlikni kuchaytirish va umumiy yechimlarni belgilashda muhim maydon bo‘ldi.

—Sammitda ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekistonning ekologik masalalarga yuksak e’tibor qaratayotgani, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga intilayotganini ko‘rsatdi, — dedi fraksiya rahbari Aktam Xaitov. — Zero, bu tashabbuslar nafaqat ekologik xavfsizlikni ta’minlash, balki davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va aholi turmush farovonligini oshirishga ham xizmat qiladi.

Yig‘ilishda “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasining  muhokamasi ham qizg‘in kechdi. Ushbu hujjat sohani zamonaviy qonunchilik asosida tartibga solish, investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, bozorda adolatli raqobat, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan kapital bozori vositalari turlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, hosilaviy moliyaviy vositalar, qoplangan obligatsiyalar, sekyuritizatsiya, sukuk va barqaror rivojlanish obligatsiyalarini chiqarish hamda ularning bozorda aylanishini tartibga soluvchi qoidalar belgilanmoqda.

Muhokamalarda fraksiya a’zolari Atham Nazirqulov, Dilmurod Artiqov va Xushvaqt Hayitovlar qonun loyihasining ayrim moddalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va mulohazalarini bildirdi. Xususan, hujjatda nazarda tutilgan normalarning amaliyotda qo‘llanilishi, ularning ahamiyati va kutilayotgan natijalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddilar berilgan savol va takliflar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib, ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritishdi.

Fraksiya a’zosi Xusan Yarqulov esa qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani va hujjat matni yanada takomillashtirilganini ta’kidlab, deputatlarni uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Deputatning qayd etishicha, qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar kapital bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, investorlar ishonchini oshirish hamda mamlakat iqtisodiyotiga mahalliy va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?