Asosiy kontentga o‘tish
Juma 13-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Buxoroda O‘zLiDeP viloyat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

13.11.2026
177

Buxoroda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari B.Yakubov ishtirok etdi.

Yig‘ilishda dastlab, viloyat partiya tashkilotining 2026 yil davomida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zLiDeP Buxoro viloyati Kengashida 1 007 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti bo‘lib ular o‘z safiga 178 427 nafar a’zoni birlashtirgan. Mahalliy Kengashlarda esa partiyadan saylangan 109 nafar deputat aholi manfaatlarini ifoda etib kelmoqda.

Hisobot davrida deputatlik faoliyati ham sezilarli natijalar bilan boyidi. Xususan, deputatlar tomonidan ijro organlari mansabdor shaxslariga 652 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Deputatlik guruhlari tomonidan 143 ta yig‘ilish o‘tkazilib, doimiy komissiyalar va mahalliy Kengashlar sessiyalari kun tartibiga tegishli masalalar kiritildi, 125 ta eshituv tashkil etilib, mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

«Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida viloyatning barcha tuman va shaharlarida sayyor qabullar tashkil etildi. Ularda 1 630 nafar fuqaro ishtirok etib, 620 ga yaqin muammo va murojaat aniqlandi. Shulardan 516 tasi joyida hal etildi, qolganlari nazoratga olingan.

Sayyor qabullar davomida partiya faollari va tadbirkorlar ko‘magida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qo‘llab-quvvatlandi, ishsiz fuqarolar ishga joylashtirildi, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam, oziq-ovqat, dori-darmon va qurilish materiallari yetkazildi. Shuningdek, fuqarolarning bandligini ta’minlash, o‘zini o‘zi band qilishi va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Umuman, hisobot davrida partiyaning aholi bilan ishlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ko‘maklashish hamda deputatlik nazoratini kuchaytirish borasidagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

O‘zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi raisi Obidjon Hamidov boshqa ishga o‘tayotganligini munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilib, viloyat Kengashi raisi vazifasini bajarishni partiya viloyat Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari lavozimida faoliyat olib borayotgan Bobomurod Ochilov zimmasiga yuklash taklifi bildirildi. Ushbu taklif Kengash a’zolari tomonidan yakdillik bilan ma’qullandi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, partiyaviy faoliyat samaradorligini oshirish va aholi bilan ishlashda natijadorlikni kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?