Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 31-mart 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Mahsulotlar eksporti kengaytirilmoqda

31.03.2026
28

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimiz taklifiga binoan 26-27-mart kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga davlat tashrifining yakunlari ijobiy baholandi.

Deputatlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, 2030 yilgacha o‘zaro savdo hajmini sezilarli oshirish rejalari muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Fraksiya rahbari Aktam Xaitov mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikning amaliy iqtisodiy kooperatsiya va uzoq muddatli taraqqiyotga yo‘naltirilgan sifat jihatidan yangi modelini yaratishda muhim bosqich bo‘lganligini qayd etdi.

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston — Tojikiston munosabatlariga yangi sur’at bag‘ishlashi, bu esa, mamlakatlar taraqqiyoti va xalqlarimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga eksport tartib-taomillarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlariga binoan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilishga doir ruxsatnoma berish tartibini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, loyiha bilan litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga qo‘llaniladigan jarimalar ro‘yxatidan eksportga oid cheklovlar chiqarib tashlanmoqda.

—Mazkur qonun loyihasini partiyamiz maqsad va vazifalaridan kelib chiqib obdon muhokama qildik, — dedi fraksiya a’zosi Dilmurod Artiqov. —Unda belgilanayotgan normalar mahsulotlar eksportini kengaytirish, eksportdagi mavjud cheklovlarni bartaraf etish, raqobat va ochiq bozor muhitini yaratishga xizmat qiladi. Ushbu hujjat partiyamiz g‘oyalariga uyg‘un ekanligini e’tiborga olib, uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarimizni bergan holda, uni qo‘llab-quvvatladik.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?