Mahsulotlari jahonga chiqqan hunarmand Andijonning ishbilarmon ayol g‘olibi bo‘ldi
Andijonda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining respublika-hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlovning viloyat bosqichida tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar ishbilarmon ayol ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlov doirasida ishtirokchilar faoliyati, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan, tayyorlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan tanlov qatnashchilarining faoliyati bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar ko‘rib chiqildi. Baholash jarayonida ularning eksport-import salohiyati, xorijiy investisiyalarni jalb etishdagi faolligi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashda amalga oshirgan ishlari, “Ayollar daftari”da qayd etilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha amaliy harakatlari va boshqa mezonlar asos qilib olindi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, belgilangan shartlar asosida eng yuqori baho olgan Baliqchi tumanida yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Mehriniso Ismoilova g‘olib deb topildi.
– Men qariyb 10 yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, – deydi tanlov g‘olibi M. Ismoilova. – Yoshligimdan hunar o‘rgandim, bugun ana shu hunar ortidan o‘z brendimni yaratdim, ko‘plab festival va ko‘rgazmalarda qatnashib, yutuqlarga erishdim. Eng muhimi, hayotda o‘z o‘rnimni topdim. Tanlovning respublika-hududiy bosqichida g‘olib bo‘lganligimdan behad mamnunman. Ushbu muvaffaqiyat menga kuch va shijoat beradi. Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz turmush farovonligi yo‘lida yanada astoydil ishlashga undaydi.
Ko‘rik-tanlovda ikkinchi o‘rin Jalaquduq tumanidagi “Guljahon XXI” fermer xo‘jaligi rahbari Guljahon Usmonovaga, uchinchi o‘rin esa izboskanlik hunarmand Matluba To‘raboyevaga nasib etdi.
Gʻoliblar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar partiya viloyat kengashining diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.