O'zLiDeP bilan Belarus Respublikasining “Belaya Rus” partiyasi o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 12-dekabr kuni Belarus Respublikasining “Belaya Rus” partiyasining yangi saylangan raisi O.Chemodanova tashabbusi bilan O'zLiDeP raisi A.Xaitov qatnashgan videokonferensiya shaklidagi uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda “Belaya Rus” partiyasi raisi O.Chemodanova, rais o‘rinbosari A.Bugrov, Belarus Respublikasi Milliy majlisi vakillar palatasi deputati A.Shpakovskiylar ishtirok etdi.
O'zLiDeP raisi o‘z so‘zida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ishonchli va ochiq muloqotlarga asoslangan strategik hamkorlik natijasida Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini, shuningdek bunday ko‘p qirrali hamkorlikda siyosiy partiyalar xalq manfaatlari hamda uzoq muddatli milliy maqsadlarni chuqur anglash va ilgari surishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
O‘z navbatida, O.Chemodanovaning ta’kidlashicha, hozirgi kunda o‘zbek-belarus siyosiy hamkorligi, jumladan, ikki davlat yetakchilarining do‘stona munosabatlari tufayli parlamentlararo aloqalar va yoshlar diplomatiyasi yo‘nalishidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. O.Chemodanova ijtimoiy sohada partiyalararo munosabatlarni, shuningdek, mahalliy kengashlar o‘rtasidagi aloqalar, yoshlar va xalq diplomatiyasini faollashtirish uchun zarur sharoitlar yaratilganini bildirdi. Shu munosabat bilan O.Chemodanova “Belaya Rus” partiyasi O'zLiDeP bilan keng qamrovli aloqalarni jadallashtirishga tayyorligini ma’lum qilib, turli yo‘nalishlarda barqaror hamkorlik o‘rnatishga katta qiziqish bildirdi.
O'zLiDeP raisi partiyalar o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish maqsadida hamkorlik memorandumini tuzish taklifini ilgari surdi.
O. Chemodanova mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, memorandumni ishlab chiqish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzish, unda yoshlar va ayollar “qanotlar”i o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, gumanitar hamkorlikning yangi shakllarini ishlab chiqish lozimligini ta’kidladi.
Tomonlar, shuningdek, qo‘shma forumlar va davra suhbatlarini tashkil etish orqali siyosiy tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.