O'zLiDeP deputatlari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini tahlil qildi va nazoratga oldi
O'zLiDeP Buxoro shahar Kengashi deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda shahar hokimi, xalq deputatlari shahar Kengashi raisi Qurbon Tursunov, mahalliy deputatlar va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha shaharda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi. Elektr va gaz ta’minoti tizimlarini barqaror ishlatish, avariyaviy holatlarning oldini olish, uy-joy fondi va ijtimoiy ob’yektlarni isitish mavsumiga tayyorlash kabi dolzarb masalalar yuzasidan mutasaddilar hisobot berdi.
Hisobotlarda ta’kidlanishicha, Buxoro shahridagi 93 ta transformator punkti va 200 kmdan ortiq elektr tarmoqlari to‘liq ta’mirlandi, 3740 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi, 959 ta gaz maromlash punktlari to‘liq texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash va isitish tizimlarini yangilash ishlari ham izchil davom etmoqda.
Yig‘ilish yakunida deputatlar mas’ul idoralar rahbarlariga qish mavsumida aholi uchun barqaror energiya ta’minotini ta’minlash, isitish tizimlaridagi muammolarni joyida bartaraf etish hamda nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq tavsiya va takliflar berdilar.