O’zLiDeP ishsiz ayollarni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘rgatyapti
O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan Urganch shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida ishsiz ayollar uchun mahorat darsi tashkil qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan xotin-qizlar mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari, imtiyozli kreditlar, subsidiya va grantlar haqida batafsil ma’lumot oldilar. Shu bilan birga, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkor ayollar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yangi ish boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga amaliy maslahatlar berdilar.
— Bugun ayollarning jamiyatdagi o‘rni beqiyos. Biz ularni nafaqat ijtimoiy sohada, balki iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlarida ham faol ko‘rishni istaymiz. Shu bois partiyamiz ishsiz ayollarga amaliy yordam ko‘rsatish, ularni biznesga o‘rgatish va moliyaviy ko‘mak berish yo‘nalishida izchil ish olib bormoqda, — dedi xalq deputatlari Urganch shahar Kengashi deputati Muborak Jumaniyazova.
Tadbir ishtirokchilari “Ishga marhamat” monomarkazida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Markazda 24 turdagi o‘quv kurslari — tikuvchilik, oshpazlik, kompyuter savodxonligi, dizayn, sartaroshlik va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy bilimlar berilayotgani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
— Men uchun bu tadbir nafaqat ma’lumot, balki motivatsiya manbai ham bo‘ldi. Muvaffaqiyatga erishgan tadbirkor ayollarning tajribalarini eshitib, men ham ular qatori bo‘lishni orzu qildim. Shu sabab sartaroshlik bo‘yicha o‘quv kurslariga yozildim, — deydi tadbir ishtirokchisi Malohat Panoyeva.
Bunday loyihalar ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, ularning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi va yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga xizmat qilmoqda.