Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 05-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDeP vakillari Anqaradagi xalqaro forumlarda ishtirok etdi

05.11.2026
109

2026 yil 30–31 oktyabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) Xotin-qizlar qanoti tashabbusi bilan turkiy davlatlar xotin-qizlarining siyosiy yetakchiligi, iqtisodiy va ijtimoiy faolligi hamda o‘zaro hamkorligiga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar o‘tkazildi.

Anjumanlarda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari — O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Ayollar muammolarini o‘rganish va ishbilarmonligin qo‘llab quvvatlash bo‘limi bosh konsultani Nilufar Otayeva hamda partiya Andijon viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati Xurshida Xalilova ishtirok etdi.
Kunning birinchi yarmida Sheraton Ankara Hotel & Convention Center majmuasida «Turkiy dunyoda diplomatiyada xotin-qizlar forumi» bo‘lib o‘tdi. Unda turkiy mamlakatlar vakillari xotin-qizlarning davlat boshqaruvi va diplomatiyadagi ishtiroki, yetakchilik salohiyati, iqtisodiy mustaqilligi hamda mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Forumning asosiy sessiyasida Xurshida Xalilova «Xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi ishtiroki» mavzusida ma’ruza qildi. U O‘zbekistonda ayollar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtaldi. Shuningdek, O‘zLiDePning hududlarda xotin-qizlar bilan ishlash tajribasi haqida ma’lumot berdi.

Shu kuni kechqurun AK Parti Bosh qarorgohida «Siyosatda ayol bo‘lish: hikoyalarimiz, kurashimiz va mushtarak kelajagimiz» mavzusida xalqaro muloqot tashkil etildi. Unda Nilufar Otayeva «Xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish: siyosat, tadbirkorlik va ijtimoiy o‘zgarish» mavzusida ma’ruza qildi.

O‘z chiqishida u O‘zbekistonda xotin-qizlarning siyosiy va iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha erishilayotgan natijalar, ularning tadbirkorlik va zamonaviy kasblarga jalb etilishi, shuningdek, O‘zLiDePning «Ishbilarmon ayol» va «Xalq bilan birga» loyihalari doirasidagi faoliyati haqida so‘z yuritdi.

Tadbirlar davomida AK Parti Bosh raisining o‘rinbosari Kurshad Zorlu, partiya Xotin-qizlar qanoti raisi Tug‘ba Ishik Erjan va turkiy davlatlar vakillari ishtirokida o‘zaro muloqotlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zLiDeP vakillari turkiy davlatlar siyosiy partiyalarining xotin-qizlar tuzilmalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, tadbirkor ayollarning o‘zaro ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, tajriba almashish hamda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma o‘quv dasturlarini tashkil etish yuzasidan takliflar bildirdilar.

Anqaradagi xalqaro tadbirlar turkiy davlatlar xotin-qizlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va kelgusida amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?