Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 16-Noyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDePning o‘tgan yillardagi faoliyati sarhisob qilindi

15.11.2025
114

Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kyengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zLiDePning saylovoldi dasturi ijrosi, partiyadan vakillik organlariga saylangan deputatlar faoliyati, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ayollar bilan ishlash yo‘nalishidagi ishlari tahlil qilindi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov partiya tashkil topganining 22 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, partiyaning mamlakatimiz siyosiy hayotidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Bugungi kunda partiya 16 500 dan ortiq boshlang‘ich tashkilot va 2,1 milliondan ziyod a’zolarni birlashtirgan yirik siyosiy kuchga aylangani ta’kidlandi. So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investisiya muhitini yaxshilash, oliy va maktabgacha ta’lim qamrovini keskin oshirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan islohotlarda partiyamiz ishtiroki e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zLiDePning “Erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida ishlab chiqilgan saylovoldi dasturi doirasida belgilangan 500 vazifaning 93 tasi (18,6%) to‘liq bajarildi, 407 tasi bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.

Qonun tashabbuskorligi yo‘nalishida ham partiyamiz fraksiyasi a’zolarining faolligini qayd etish joiz. Joriy yilda fraksiyamiz tashabbusi bilan 2 ta qonun loyihasi, 11 ta hamtashabbuskorlikdagi qonun loyihalari ishlab chiqildi. Iqtisodiyot, suv xo‘jaligi, energetika, transport, investisiya kabi sohalar bo‘yicha qator mansabdorlarning hisobotlari eshitildi. 36 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, joylarda 300 dan ziyod uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, mahalliy Kengashlardagi 1 878 nafar partiya deputati tashabbusi bilan 4 297 ta deputatlik so‘rovi kiritilib, ularning 86 foizi ijobiy hal etildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida ishbilarmonlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Partiyaning “Tadbirkorlar muammolarini o‘rganish” loyihasi doirasida 436 ta uchrashuv o‘tkazilib, 13 mingdan ortiq tadbirkorning fikri o‘rganildi. 800 dan ziyod murojaat esa joyida hal etildi. “Taraqqiyot nuqtasi” klubi va “Biznes plyus” podkasti esa tadbirkorlar manfaatini ishonchli himoya qilishda muhim maydonga aylandi.

Bugungi kunda partiyamiz a’zolarining 60 foizi 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan iborat. Bu esa partiyamizdan yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida alohida mas’uliyat talab qiladi. Shu bois joriy yilda yosh yigit-qizlar ishtirokida 742 tadbir tashkil etilib, 74 mingdan ziyod yosh qamrab olindi. Shuningdek, ilk marotaba “Kreativ tadbirkor yoshlar forumi” tashkil etildi. “Yoshlar minbari” orqali kelgan 589 murojaatning 548 tasi hal etildi. Xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va ularni tadbirkorlikka jalb etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, joriy yilda ayollar ishtirokida 6 845 ta tadbir tashkil etilib, 150 ming xotin-qiz qamrab olindi. “Bunyodkor ayollar” dasturi orqali 318 ayolga 1,9 mlrd so‘mlik kredit ajratishga erishildi.

O‘zLiDeP o‘z saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda 101 ta yangi loyihani ishlab chiqdi. Mazkur loyihalar partiyamizda zamonaviy menejment madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida erishilgan natijalar ham tahsinga sazovor. Jumladan, “Yedinaya Rossiya”, “Yangi Ozarbayjon”, Turkiya AK partiyasi va Xitoy Kommunistik partiyasi bilan imzolangan memorandumlar partiyamiz diplomatiyasining yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.

Yig‘ilishda kelgusidagi vazifalarni bajarish uchun muhim vazifalar belgilab olindi. Jumladan, saylovoldi dasturimizda belgilangan 500 ta vazifaning bajarilishini jadallashtirish, har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq mas’ullar, muddatlar va monitoring mexanizmlarini belgilash, bajarilgan ishlar yuzasidan xalqqa doimiy hisobot berish tizimini kuchaytirish kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, 101 loyihani to‘liq amalga oshirish amaliy loyihalar va siyosiy ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan barcha konsepsiyalarni hayotga tatbiq etish, ularning natijalari bo‘yicha yagona monitoring tizimini yo‘lga qo‘yish, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faolligini yanada oshirish hamda “Tayanch BPT” loyihasini amaliyotga joriy etib, BPTlar faoliyatini indikatorlar asosida baholash taklif etildi.

Bundan tashqari, “Kreativ tadbirkor yoshlar forumi”ni doimiy asosda o‘tkazish, yoshlar parlamenti bilan institusional hamkorlikni kuchaytirish, siyosiy savodxonlik va biznes-mahorat dasturlarini ishga tushirish “Tadbirkorlar muammolarini o‘rganish” loyihasini har bir tuman kesimida doimiy monitoring platformasiga aylantirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, partiyaning barcha darajalardagi qabullari, murojaatlar, deputatlik so‘rovlari va yechim natijalarini “Ochiq partiya” tizimi orqali onlayn kuzatish imkoni yaratiladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi siyosiy partiyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, Toshkentda mintaqaviy partiyalar uchun muloqot maydonini yaratish va “Markaziy Osiyo siyosiy partiyalari forumi”ni tashkil etish kabi dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish so‘ngida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?