Seshanba 01-Iyul 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarni tayyorlash va malakasini yuksaltirish tizimi takomillashtiriladi

20.05.2025
107

So‘nggi yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimi zamonaviy dunyo talablariga moslashish yo‘lida yangilanib, takomillashib bormoqda. Bu jarayonda ta’lim tizimiga ajratilayotgan mablag‘larning sezilarli darajada oshishi muhim rol o‘ynamoqda.

Zero, oxirgi yetti yilda sohaga ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli darajada oshdi. Buning hisobiga maktablarda 1 million va bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratildi. Natijada, maktabgacha ta’lim qamrovi 3 barobarga oshib, 78 foizga yetdi. Bu, albatta, infratuzilmaviy islohotlarda katta bosqichdir.

Ammo, ta’lim tizimining samaradorligini oshirish uchun faqat infratuzilmaga e’tibor qaratish yetarli emas. Pedagoglarning malakasi va sifati, ta’lim jarayonining samaradorligi ham muhim ahamiyatga ega.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi mavjud muammolarga alohida e’tibor qaratilib, pedagog-kadrlar tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirishga bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, xususan, ilg‘or mamlakatlar tajribasiga moslashtirilgan yangi dasturlar, zamonaviy darsliklar va jihozlar bilan birga, muallimlarning malakasi va yangi metodikalarni o‘zlashtirish darajasi haqidagi savollarni ham ko‘taryapti. Ya’ni, ta’lim tizimidagi modernizatsiya faqat moddiy jihatdan emas, balki pedagoglarning kasbiy rivojlanishi, yangi ta’lim texnologiyalarini o‘zlashtirishiga ham bog‘liq.

Mazkur jarayonda ikki yil oldin toifa berish tizimi shaffof, raqamlashgan platformaga o‘tkazilgani haqiqiy ahvolni ko‘rsatdi. O‘tgan yili 341 ming o‘qituvchi yangi tizim asosida toifaga topshirgan bo‘lsa, shundan 102 ming nafari imtihondan o‘ta olmagan. Bu muammoni hal etish uchun ta’lim tizimidagi islohotlarni tezlashtirish bo‘yicha “favqulodda to‘qson kunlik” tartibi joriy etiladi. Ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarni tayyorlash va malakasini yuksaltirish tizimi mukammallashtiriladi.

Davlatimiz rahbari ta’limda sifat bo‘lishi uchun eng avvalo, pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerakligiga alohida urg‘u berdi. Shundan kelib chiqib, Avloniy malaka oshirish instituti transformatsiya qilinib, uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etilishi belgilandi.

Bugungi kunda ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, yangi dasturlar, zamonaviy darsliklar va texnologiyalar muallimlardan yuqori malaka va yangi bilimlarni talab qiladi. Avloniy malaka oshirish institutining transformatsiyasi muallimlarning malakasini oshirishga qaratilgan ishlarni hududiy miqyosda tashkil etish imkonini beradi. Bu, muallimlarning o‘z hududlarida o‘qish imkonini yaratib, ularning vaqt va mablag‘larini tejaydi.

Yana bir e’tiborli jihat, Avloniy nomidagi malaka oshirish instituti andozasi endi hududlardagi malaka oshirish markazlariga ham ko‘chadi. Bunda faqat binolar qurish, atrofini obodonlashtirish emas, balki u yerdagi muhit, moddiy texnik baza, malakali kadrlar, bilim va tajriba ham birxillashtiriladi.

Joriy yilda pedagogika oliygohlari va malaka oshirish markazlaridan kamida 5 nafardan, har bir tumandan shunchadan muallim xorijga yuborilishi ularning jahon ta’lim tizimidagi eng yaxshi amaliyotlar bilan tanishishiga, yangi pedagogik yondashuvlar, metodikalar va texnologiyalarni o‘rganishiga imkon beradi. Bu o‘z navbatida, ta’lim tizimidagi islohotlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu nuqtayi nazardan, biz deputatlar belgilangan maqsad va vazifalarning samarali amalga oshirilishini nazorat qilishga, ta’lim tizimidagi islohotlarning natijadorligini ta’minlashga yanada faol va tashabbuskor bo‘lishimiz zarur. Zotan, sifatli ta’lim — kelajak poydevoridir.

 Shahnoza XOLMAXAMATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?