Tadbirkorlikni noldan boshlash: O‘zLiDeP nukuslik xotin-qizlar uchun seminar o‘tkazdi
Nukusda O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning ishbilarmonlik salohiyatini oshirish hamda iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tadbirkorlikni noldan boshlash” mavzuida seminar-trening o‘tkazildi. Unda partiya mas’ullari, faol tadbirkor ayollar, kasb-hunar o‘rganayotgan yoshlar va tadbirkorlikka qiziqish bildirgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Seminarda Amudaryo tumanidagi non va sut mahsulotlarini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi “MF food” va “AMUDARYO Milky Food” brendlari asoschisi, “Ishbilarmon ayol-2025” tanlovi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi Dildora Hayitboyeva qatnashib, o‘zining tadbirkorlik sohasidagi tajribasi, muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘li va ayollar uchun amaliy tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Har bir ayol ish boshlashda, albatta, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘ladi, - deydi Dildora Hayitboyeva. – Avvalo, yaqinlarining ishonchi va ruhiy ko‘magi, shundan so‘ng esa davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda esa xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish uchun keng sharoit yaratilgan. Muhimi, ayollar o‘z qobiliyatiga, qudratiga ishonib ish boshlab olsa yetarli.
Seminar-trening faqat nazariy ma’lumotlar bilan cheklanib qolmadi. Unda ishtirokchilar uchun markaz oshxonasida amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etildi. Bu jarayonda xotin-qizlar non mahsulotlarini tayyorlash, masalliqlar tanlash va ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, eng faol qatnashchilarga O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan sertifikatlar topshirildi.