Asosiy kontentga o‘tish
Chorshanba 01-aprel 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tashabbuskor ayollar safi kengaymoqda

27.03.2026
63

Sirdaryo viloyatida xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat hamda Sardoba tuman Kengashlari tashabbusi bilan “Ishbilarmon ayol–2026” ko‘rik-tanlovining mahalla bosqichlari yuqori saviyada tashkil etildi.

Tanlov doirasida mahallalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollarning ish tajribasi, tashabbuskorligi va jamiyatdagi ishtiroki chuqur o‘rganildi. Mahalla bosqichlari yakunlariga ko‘ra, tumandagi 15 ta mahalladan jami 34 nafar tadbirkor ayol ishtirok etdi. Saralash natijalariga ko‘ra, ularning 15 nafari tanlovning keyingi — tuman bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Ishtirokchilar faoliyatining qamrovi keng bo‘lib, ular tikuvchilik, parrandachilik, tomorqachilik, qandolatchilik, tibbiyot, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida samarali mehnat qilayotganlari e’tiborga molik.
Ayniqsa, “Fayzliobod” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan tadbirkor — “Landshaft” yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yekti rahbari Mohigul Shodmonova tajribasi alohida e’tiborga sazovor. U so‘nggi ikki yil davomida 2 sotix issiqxonada gidroponika usulida qulupnay va turli ko‘katlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yib, barqaror daromad manbaini shakllantirdi. Shu bilan birga, ko‘chatchilikni ham rivojlantirib, qo‘shimcha daromad olishga erishmoqda.
Tadbirkor tomonidan issiqxona tashkil etish uchun 100 million so‘m sarmoya kiritilgan bo‘lib, bugungi kunda qulupnay yetishtirishdan olinayotgan yillik daromad 70 million so‘mni tashkil etmoqda. Mahsulotning tabiiyligi va vitaminlarga boyligi uning bozordagi talabini yanada oshirmoqda.

Ayni paytda Mohigul Shodmonova tomonidan 3 nafar doimiy va 10 nafar mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan. Kelgusida issiqxona maydonini 12 sotixga yetkazish orqali faoliyatni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.

– Tadbirkorlikni boshlash oson kechmadi. Ilk qadamlarimni kichik hajmdan boshlab, tajriba orttirdim. Gidroponika usulini o‘rganib, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish orqali hosildorlikni oshirishga erishdim. Eng asosiy maqsadim — yangi ish o‘rinlari yaratish va aholini sifatli mahsulot bilan ta’minlash. Kelgusida yana ko‘proq ayollarni tadbirkorlikka jalb qilish niyatidaman, – deydi u.

Mazkur tanlov nafaqat eng faol va tashabbuskor ayollarni aniqlash, balki ularning ilg‘or tajribasini ommalashtirish, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish va iqtisodiy faolligini oshirishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?