Juma 18-Oktyabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zbek va qirg‘iz xalqlarining azaliy do‘stligi yangi bosqichga ko‘tarildi

19.07.2024
437

Do‘stlik —qudratli kuch. Uning mohiyatini bir-biriga do‘st va qardosh hisoblagan qirg‘iz va o‘zbek xalqlari juda yaxshi anglashadi. Chunki, bu ikki xalq  bunday qadrdon rishtalarni azaldan bog‘lagan bo‘lib, bugungi kunda uning bardavom ekani Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida yana bir bor namoyon bo‘ldi

. Binobarin, tili, dini, qarashlari, urf-odatlari hamda kuy-qo‘shig‘iyu, liboslarigacha bir-biriga o‘xshash ikki xalq yon qo‘shni bo‘lib, muammolarni birgalikda hal etishga kelishib olishmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan yurtimizga kelgan Qirg‘iz Prezidenti Sadir Japarov uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ko‘p qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish uchun yaxshi zamin yaratilganini alohida ta’kidladi. Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori darajaga olib chiqishga shak-shubha yo‘q.

Eng quvonarli jihati shundaki, tovar ayirboshlash hajmi yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkaziladi. Bu degani biz o‘zimizdagini qirg‘iz birodarlarimizga ilinsak, ular bizda yo‘q mahsulotlarni bizga tortiq etadi.Bu hamkorlik yaqin qo‘shnichilikning eng ulug‘ fazilatidir. Yana bir masalaga e’tibor qaratigan bo‘lsak, strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalar, jumladan, "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘li va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga ustuvor e’tibor qaratildi. Buyam ikki davlat xalqlari uchun juda muhim masala bo‘lib, bitimning imzolanishidan ikkala tomon ham teng manfaatdor.Ma’lumki, O‘zbekiston ham Qirg‘iziston ham bir qator xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarga a’zo.

Jumladan, uchrashuvda BMT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa ko‘p tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirilishi aytildi. Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, eng avvalo, import o‘rnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli 300 million dollarga yetgani ta’kidlandi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi to‘plami qabul qilindi. Bunday loyihalarni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston jamg‘armasining ustav kapitali 200 million dollargacha oshiriladi.

“Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyiha to‘g‘risidagi uch tomonlama bitim imzolangani bu borada tarixiy voqea bo‘ldi. Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, fan va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Bularning hammasi biz uchun juda quvonchli voqea. Chunki biz qo‘shni davlatlar bilan qanchalik inoq bo‘lsak, bir-birimizdan yordamimizni ayamasak, yaxshi va tashvishli kunlarda unutmasak, albatta, bunday hamkorlik o‘zining ijobiy samaralarini beradi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston yetakchilarining oliy darajadagi uchrashuvi ham ikki xalq istiqboli va taraqqiyoti yo‘lida tashlangan muhim qadam bo‘lishiga shak-shubha yo‘q.


Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?