O’zLiDePning vakolatli vakiliga saylovchilar imzosini to‘plash uchun imzo varaqalari topshirildi
Bugun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ro‘yxatga olinib, ularga mandatlar «E-saylov» axborot tizimi orqali elektron shaklda berildi.
Qonunchiligimizga ko‘ra, siyosiy partiya saylovda ishtirok etishi uchun saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan bo‘lishi lozim.
Shu bilan birga, o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan holda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin. Shundan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining vakolatli vakiliga partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plash uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirildi.
Ma’lumki, bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foiz imzosini to‘plashi mumkin. Caylovchilar imzosini to‘plash O’zLiDePning 15 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilotlarida, ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.