Xalqaro tashkilot va diplomatik idora vakillari bilan uchrashuv
22-oktabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitovning Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi (OSPXK) doimiy qo‘mitasi raisi Chon Iy Yon raisi va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Koreya tomoni taklifiga ko‘ra amalga oshirildi.
Uchrashuvda shuningdek O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi va OSPXK mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
OSPXK doimiy qo‘mitasi raisi o‘z so‘zida O‘zbekistonning Prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligida davlat va jamiyat qurilishida erishgan muvaffaqiyatlari, mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalarini e’tirof etdi. Elchi Von Do Yon esa ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanayotgani, ko‘p qirrali hamkorlik kengayayotgani xususida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mehmonlar tomonidan OSPXK bilan O‘zLiDeP o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
O‘zLiDeP vakillari samimiy e’tirof va do‘stona takliflar uchun minnatdorlik bildirib, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish O‘zLiDeP dasturiy maqsadlariga mos va uyg‘unligini ta’kidladilar.