Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar: “Yangi avlod kadrlari” loyihasi start oldi
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida O'zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Tadbirda xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashi deputatlari, tadbirkorlar, partiya faollari, OAV vakillari hamda oliy ta’lim dargohi talabalari ishtirok etdi.
Unda so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimiz siyosiy va ijtimoiy rivojlanishida yoshlarning faol ishtiroki muhim ekanligi ta’kidlanib, bunda siyosiy partiyalarning yoshlarni tayyorlash, ularning salohiyatini oshirish, partiyaviy va davlat boshqaruvi sohalariga jalb etish strategiyasi alohida o‘rin tutadi.
– “Yangi avlod kadrlari” loyihasi aynan shunday maqsadlar asosida shakllangan tashabbus bo‘lib, O‘zLiDeP tomonidan yoshlar orasida kadrlar zaxirasini shakllantirish, liderlik fazilatlarini rivojlantirish, siyosiy ta’lim berish va amaliy tajriba orttirishiga xizmat qilmoqda, – deydi partiya viloyat Kengashi Jamoatchilik bilan aloqalar, axborot siyosati va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri bosh mutaxassisi Adizbek Uzoqov. – Bu loyiha yoshlarni nafaqat siyosiy jarayonlarga faol jalb etish, balki zamonaviy tafakkurga ega, bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yosh yetakchilarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, u siyosiy va davlat boshqaruvi tizimida faoliyat yuritishga qodir kadrlar zaxirasini yaratish, yoshlarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish, liderlik va kommunikatsiya sohasida tajriba orttirish, siyosiy hamda ijtimoiy masalalar bo‘yicha bilim va malakasini oshirishga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi.
Tadbir davomida partiya Ayollar qanotining “Bugunning tadbirkor ayoli” loyihasi doirasida O‘zLiDeP faoli, “Shuhrat” medali sohibasi, tadbirkor Zarina Xamidova tomonidan “Mahorat darsi” tashkil etildi.
Unda mamlakatimizda yoshlarga hamda xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritildi.