Asosiy kontentga o‘tish
Chorshanba 28-yanvar 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Oʻzbekistonning texnologik va innovatsion taraqqiyot yoʻlini belgilab bergan strategiya

22.01.2026
109

Murojaatnoma dunyo jamoatchiligi e’tiborida

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekis­ton xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi, qolaversa, ushbu hujjat asosida ishlab chiqilgan va hozirgi kunda “regulation.gov.uz” saytida muhokamaga qo‘yilgan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan va yangi samaradorlik ko‘rsatkichlarini o‘zida aks ettirgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki dunyo jamoatchiligining ham diqqatini o‘ziga tortayotgani e’tiborga loyiq.

Masalan, AQSHning “Diplomatic Watch”, Vengriyaning “Helló Magyar”, Pokistonning “The Diplomatic Insight” va “Islamabad Post”, Ozarboyjonning “Trend” nashrlari, “Eurasiamagazine.com”, “Centreline.com”, “Eurasia Review” internet-nashrlari,  “Euronews”, “Associated Press of Pakistan”, “Anadolu” axborot agentliklari,  Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Rossiya, Xitoy, Hindis­ton, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa ko‘plab davlatlar “aql markazlari” tomonidan Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi chuqur tahlil etilayotganligi, shu asnoda mamlakatimizning o‘tgan yillarda olib borgan ichki va tashqi siyosatiga oid ibratli jihatlariga ob’yektiv baho berilganligini ko‘rish mumkin.

Xususan, Vengriyaning “Helló Magyar” nashrida e’lon qilingan tahliliy maqolada, O‘zbekiston dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramasdan, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga muvaffaq bo‘lgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etiladi va bu mamlakat o‘z tarixida ilk bor YAIM darajasini 145 mlrd AQSH dollari darajasiga olib chiqa olganiga urg‘u berilib, bularning barchasi mamlakatda uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning natijasi sifatida baholaydi.

AQSHning “Diplomatic Watch” jurnali esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi asosida ishlab chiqilayotgan yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tayyorlashda faqat mutaxassislar emas, keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etayotganiga alohida urg‘u beradi va aholining hayoti yaxshilanishi bosh maqsad qilib qo‘yilgan ushbu muhim strategik hujjatning ishlab chiqilishi ochiq muhokamalar va fikr bildirish tartibida amalga oshirilayotganligi uning jamiyatni rivoj­lantirishning real vositasiga aylantirishi aniqligiga urg‘u beradi.

“Eurasiareview.com” nashri ham “Tahririyat fikri” rukni ostida “2025 yil Yangi O‘zbekiston yili bo‘ldi” sarlavhasi ostida katta tahliliy maqola e’lon qilgan va unda bosh­qa bir jihat, ya’ni O‘zbekistonning tashqi siyosati bilan bog‘liq muvaffaqiyatlariga urg‘u berib o‘tiladi. Jumladan, maqolada “mamlakat dunyoning barcha qismlarida hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish orqali nihoyatda muvaffaqiyatli tashqi siyosatni shakllantira boshlaganligi”, “O‘zbekis­ton bugungi kunda AQSH, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Yaqin Sharq va boshqa davlatlar hamda mintaqalarning e’tibor markazida turganligi, ushbu yirik o‘yinchilarning har biri jahonda tobora inqiroziy holatlar kengayib borayotgan bir pallada butun dunyoda haqiqiy ishonchli hamkor sifatida ishonch qozona olgan O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga harakat qilayotgan”iga alohida urg‘u beradi.

Bu kabi ijobiy baholar yuqorida tilga olingan boshqa nufuzli nashrlarda ham keltiriladi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, dunyo jamoatchiligi o‘rtasida hamda qator tahliliy markazlarda ushbu Murojaatnomaga xolisona munosabat bildirish, Prezident ma’ruzasini tahlil qilish natijalarini e’lon qilish davom etmoqda.

Katta e’tibor yoki raqamlar ortida nima turibdi?

Xo‘sh, mamlakat rahbarining Murojaatnomasiga nafaqat O‘zbekiston, balki jahon jamoatchiligi, siyosiy, iqtisodiy doiralari tomonidan katta qiziqish bildirilayotganligi zamirida nimalar turibdi?

Fikrimizcha, avvalo, Markaziy Osiyoning eng yirik davlati yaqin va o‘rta kelajakda o‘zi uchun qanday rivojlanish istiqbollarini belgilab olayotganligi, albatta, bugun O‘zbekistonga qiziqish bilan qarab turgan xalqaro hamjamiyatning e’tiborini tortganligi tabiiy hol.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning amalda o‘z taraqqiyotidagi yangi sifat darajasiga – texnologik-innovasion rivojlanish bosqichiga o‘tayotganligi, mamlakatning keyingi rivojiga doir mutlaqo yangicha yondashuvlar, ilgari  bo‘lmagan darajada mahobatli va keng qamrovli maqsad va rejalar belgilab olinganligi ham “aql markazlari”ning e’tiborini tortmasdan qolmadi.

Ayniqsa, Murojaatnomada ta’kidlanganidek, qisqa muddatda, ya’ni 2030 yilgacha mamlakat iqtisodiyoti hajmini 240 mlrd dollardan oshirishdek juda ulkan vazifa qo‘yilmoqda. Vaholanki, dastlab qabul qilingan “O‘zbekis­ton – 2030” strategiyasida bu ko‘rsatkich 160 mlrd dollarga teng edi.

Demak, shuning o‘ziyoq O‘zbekiston iqtisodiyoti qanday tezlik bilan o‘sib borayotgani va mamlakat o‘z oldiga qanchalik ulkan vazifani belgilab olayotganligini ko‘rsatadi. Asosiysi, mazkur ko‘rsatkichlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Balki juda jiddiy asoslarga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, yurtimizning o‘tgan yillar ichida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li bugun shunday katta  maqsadlarni qo‘yishga yetarlicha asos yaratdi. Ushbu prognozlarni Xalqaro valyuta jamg‘armasi va nufuzli ekspertlar tasdiqlagani ham mazkur ko‘rsatkichlarning pishiq-puxta ishlab chiqilganligidan dalolat beradi.

Eng muhimi, ana shunday natijalarga erishish orqali O‘zbekiston yaqin yillarda o‘z tarixida ilk bor daromadi jon boshiga o‘rtadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar safidan joy olishi hisoblanadi.

Xo‘sh, rivojlanishning mazkur darajasiga o‘tish O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

Aslida, Prezidentimiz qisqa satrlarda ifodalagan ushbu maqsad iqtisodiyotdagi navbatdagi miqdoriy o‘sishnigina anglatmaydi, nafaqat iqtisodiyotda, balki jamiyatda juda chuqur ijobiy o‘zgarishlarga olib keladigan konseptual yangilanishlarni o‘zida mujassam etadi. Ushbu o‘zgarishlar mamlakatning dunyodagi yangi qiyofasi va darajasini shakllantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. Daromadi jon boshiga o‘rtadan yuqori bo‘lgan davlatlarga dunyodagi yirik investorlarning munosabati o‘zgaradi, bunday mamlakatlar bozorlariga yangi investorlar barobarida yirik xalqaro kompaniyalarning qiziqishi ortadi.

Bu mamlakatlar iqtisodiyotining xususiyati o‘zgara borib, ular iqtisodiyoti uchun faqat miqdor va son jihatdan o‘sishga asoslangan o‘sish emas, sifat jihatdan o‘zgarish­larga asoslangan o‘sish asosiy maqsadga aylanadi, ishlab chiqarish unumdorligi, innovatsiya va texnologiyalar, boshqarish sifati, yuqori qo‘shimcha qiymatli eksport, inson kapitali kabi ko‘rsatkichlar birinchi o‘ringa chiqadi.

Iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ravishda taraqqiyotning ushbu darajasiga chiqqan davlatlarda ijtimoiy sohaga, xususan,  ta’lim va sog‘liqni saqlash, shahar ­infrastrukturasi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash sifatiga qo‘yiladigan talab kuchayadi.

Bularning barchasi oxir-oqibat jamiyatning qiyofasini o‘zgartiradi. Aholi tarkibida o‘rta qatlamning ulushi tobora kengayib, kambag‘allik darajasi kamayadi, aholining xarid quvvati oshib, sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish, uy-joy sotib olish va dam olish imkoniyati oshib boradi.

Shularning o‘ziyoq mazkur Murojaatnomada aniq belgilab bergan maqsad – daromadi jon boshiga o‘rtadan yuqori davlatlar qatoriga kirishga erishish ortida qanday keng ko‘lamli o‘zgarishlar, avvalo, iqtisodiyotni, umuman jamiyatni, fuqarolarning farovonlik darajasini o‘zgartirib yuborishga qodir yangilanishlar turganligini tushunib olishga asos bo‘ladi.

Albatta, bunday o‘zgarishlar oxir-oqibatda insonlarning hayotdan roziligini oshirishga xizmat qiladi. Vaholanki, aynan shu maqsad keyingi to‘qqiz yilda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatini tashkil qiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ko‘ryapsizmi, maslak aniq. Muhimi, ushbu ulug‘vor maqsadni amalga oshirish uzoq muddatlarga belgilangan orzu emas, balki 2030 yilgacha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan aniq strategik yo‘l sifatida belgilab berilganligidir.

Taraqqiyotning texnologik-­innovasion o‘sish modeliga o‘tish

Xo‘sh, qanday omillar hisobiga O‘zbekiston qisqa muddatda bunday katta vazifani uddalamoqchi? Murojaatnomaning asosiy nuqtasi qayerda?

Mamlakatimiz o‘z oldiga qo‘yayotgan katta maqsadlarga nisbatan qisqa muddatda erishish faqatgina iqtisodiyotning an’anaviy yo‘nalishlarida ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birmuncha qiyin, albatta.  Shunday murakkab bir sharoitda mamlakat rahbari ezgu maqsadlarga erishishning birdan-bir yo‘lini Murojaatnomada aniq ko‘rsatib berdi – O‘zbekiston iqtisodiyotini texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish. Mamlakat iqtisodiyotining barcha sohalarini ushbu o‘sish modeliga o‘tkazish kelgusi yillarda davlatimiz iqtisodiy taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishi sifatida belgilandi.

Texnologik va innovasion o‘sish modeli – bu iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi asosiy kuch sifatida tizimli ravishda yangi texnologiyalar, bilimlar va innovatsiyalarni yaratish, joriy qilish, shu orqali yuqori texnologik iqtisodiyotni shakllantirishga, ishlab chiqarish samaradorligini va raqobatbardoshligini oshirib borishga, uzoq muddatli barqaror rivojlanishni ta’minlashga asoslanuvchi iqtisodiy model  hisoblanadi. Bunday taraqqiyot modelida rivojlanish, avvalo, inson kapitali, ilm va innovatsiyalarga investisiyalar kiritish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Ushbu modelga o‘tish innovatsiyalar va texnologiyalarni iqtisodiy o‘sishning asosiy generatoriga aylantirib, mamlakatga uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish istiqbollarini ta’minlab beradi, yangi mahsulotlar yaratilishi asosida xalq xo‘jaligida zamonaviy yo‘nalishlarning, qolaversa ushbu mahsulotlar atrofida yangi bozorlarning vujudga kelishiga, mahsulotlar raqobatbardoshligining oshishiga turtki beradi. Qolaversa, yangi texnologik darajadagi ishlab chiqarish unda ishlay oladigan yuqori malakali ishchilar sonining oshib borishiga, demakki, ta’lim tizimining mutlaqo yangi talablar asosida qayta qurilishiga, sifat jihatidan takomillashib borishiga o‘ziga xos drayver vazifasini bajaradi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston o‘zi uchun belgilab olayotgan yangi o‘sish modeli bevosita “Industriya 4.0” yoki boshqacha aytganda, “To‘rtinchi sanoat inqilobi” talablari bilan bevosita bog‘liq ekanini hisobga olsak, Murojaatnomada ilgari surilgan vazifa amalda mamlakat iqtisodiyotini tizimli ravishda “To‘rtinchi sanoat inqilobi” talablari darajasiga moslashtirishni ham anglatishini tushunish qiyin emas.

Mamlakat iqtisodiyotiga bunday zamonaviy yondashuvlarning kirib kelishi nafaqat mamlakat iqtisodiyoti haj­mini belgilangan 240 mlrd dollar darajasiga olib chiqish, balki yalpi ichki mahsulot tarkibini o‘zgartirishga, unda yuqori qo‘shilgan qiymatli innovasion mahsulotlar ulushining oshishiga, ishchi kuchi sifat tarkibining o‘zgarishiga va qator boshqa ijobiy o‘zgarishlariga asos yaratadi.

Murojaatnomaning muhim jihati, unda faqatgina mamlakatning texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tishi zarurligini asoslash bilan cheklanilmagan, balki bu yo‘lda hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar doirasi ham aniq ko‘rsatib berilgan. Jumladan,

– erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlarini jalb qilish;

– yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturini amalga oshirish;

– sanoatda “unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturini boshlash;

– biznes jarayonlarini raqamlashtirish, ilg‘or texnologiyalar transferini amalga oshirish;

– mahsulotlar raqobatbardoshliligini oshirish uchun texnik tartibga solish maqsadida “Davlat nazorati” tizimidan xalqaro tajribada yuqori samara bergan “Bozor nazorati” tizimiga o‘tishda muhim bo‘lgan aniq yo‘nalishlar belgilab berildi.

Ushbu vazifalarning barchasi bajarilish muddatlari bilan yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida o‘z aksini topadi.

E’tiborni tortadigan muhim jihatlardan yana biri “To‘rtinchi sanoat inqilobi markazi” tashkil etilib, uning negizida robototexnika, internet buyumlari, “aqlli fab­rika” kabi “Industriya 4.0” yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish uchun “tartibga solish mexanizmlari” yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilganligidir.  “Industriya 4.0”ning o‘zi bugun o‘z kelajagini o‘ylagan davlatlar juda katta e’tibor bilan qarayotgan masalalardan biri hisoblanadi.

“To‘rtinchi sanoat inqilobi” terminini ilmiy doiralarga kiritgan Davos xalqaro iqtisodiy forumi asoschisi va rahbari K. Shvab ushbu jarayonlar dunyo iqtisodiyotining barcha jabhalarini tubdan o‘zgartirib yuboruvchi juda katta kuchga ega ekanini ta’kidlaydi. K. Shvab fikricha, “To‘rtinchi sanoat inqilobi” bilan bog‘liq transformatsiya jarayonlarida iqtisodiyoti katta yoki kichikligidan qat’iy nazar, ushbu o‘zgarishlarni tezroq o‘ziga joriy eta olganlar g‘oliblar safida bo‘ladi.

Mana shu fikrlarning o‘ziyoq O‘zbekiston Prezidenti Murojaatnomada mamlakat iqtisodiyotini texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish, uning doirasida “To‘rtinchi sanoat inqilobi” texnologiyalarini ishlab chiqarishga joriy eta borish tizimini  shakllantirish masalalarini davlat va jamiyat oldidagi eng muhim vazifalar qatorida qo‘yganligi zamirida uzoqni ko‘zlab ilgari surilgan strategik qarash yotganini yana bir bor isbotlaydi.

Kompleks yondashuv va o‘tgan yillar tajribasiga tayangan tashabbus

Murojaatnomada oltita yo‘nalishda ustuvor vazifalar ilgari surilgan bo‘lsa, har bir yo‘nalish bo‘yicha mutlaqo o‘zgacha yondashuvlar ilgari surilgani va ularning bir-biri bilan yaxlit ravishda yagona yondashuv tashkil qilganini ko‘rish mumkin.

Xususan, uchinchi ustuvor yo‘nalish bo‘lmish ichki bozorda talabni rag‘batlantirish yo‘nalishida servis sohasini iqtisodning “drayveri”ga aylantirish, to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish doirasida kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, beshinchi ustuvor maqsad doirasida ilgari surilgan “yashil energetika” va suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi vazifalar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ularning bu tarzda belgilanishi nafaqat xalq xo‘jaligining tegishli yo‘nalish­larini yangi darajaga olib chiqishda muhim rol o‘ynaydi, balki ushbu vazifalar O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘yayotgan yangi marra – texnologik va innovasion o‘sish modelining ajralmas qismlari ham hisoblanadi. Mana shunday kompleks yondashuv mamlakatimizning texnologik o‘sish modeliga o‘tish yo‘lining xususiyatlarini belgilab beradi.

Yana bir muhim jihat – O‘zbekistonda rivojlanishning ushbu modeliga o‘tish fikri birdaniga bugun shakllanib qolgani yo‘q. Balki Murojaatnomada mazkur g‘oyaning ilgari surilishi asosida O‘zbekistonda o‘tgan to‘qqiz yil davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, barcha sohalarda qo‘lga kiritilgan natijalar turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Haqiqatdan ham biror bir iqtisodiyot agar har tomonlama tayyor bo‘lmasa bunday chuqur transformatsiyani amalga oshira olmaydi. O‘zbekistonning o‘tgan yillardagi taraqqiyot yo‘li bugunga kelib ana shunday chuqur o‘zgarishlarni amalga oshirish poydevorini yaratdi.

Buni Murojaatnomada keltirilgan quyidagi fikrda ham ko‘rish mumkin: “So‘nggi to‘qqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlarini, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini ta’minladik. ...Bir so‘z bilan aytganda, biz islohotlarni aniq amaliy natijalarga aylantirishni o‘rgandik”.

Islohotlarning hozirgi darajasini baholar ekan, Shavkat Mirziyoyev:  “Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi”, deya ta’rif berdi.

Demak, aynan o‘tgan to‘qqiz yildagi aniq maqsadli islohotlar uni bugungi hal qiluvchi bosqichga olib chiqqanligini ko‘rsatib turibdi.

O‘tgan yillar mamlakat iqtisodiyotini, boshqaruv tizimini va umuman jamiyatni taraqqiyotning mutlaqo yangi sifat darajasiga – texnologik va innovasion rivojlanish bosqichiga o‘tishi uchun o‘ziga xos asosini shakllantirdi, deb bemalol ayta olamiz.

Masalan, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligiga kelgan ilk davrdanoq dunyoning kelajak taraqqiyot trayektoriyasini aniq prognozlash asosida 2018 yilni O‘zbekistonda “Faol tadbirkorlik, innovasion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilganligi va yil dasturida kelajakni ko‘zlab bir qator muhim yo‘nalishlar aks ettirilganligi,  2020 yil qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, 2024 yil 14 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, 2024 yil 14 maydagi “Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan “IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori va ko‘plab boshqa muhim normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekistonda raqamli texnologiyalarga asoslangan yangi yondashuvlarni joriy qishi uchun zarur huquqiy asoslarni yaratib berdi va ular asosida keng ko‘lamda bugungi kun uchun eng dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlarda tizimli ishlarning amalga oshirilishi uchun asos yaratdi.

Davlat qurilishi, sud-huquq tizimidagi islohotlar

Texnologik-innovasion o‘sish modeliga o‘tish davlat boshqaruvidan nafaqat o‘zining yangi texnologik darajaga moslashishini, balki ushbu model qaror topishi uchun zarur sharoitlarni yaratishda tashabbuskor bo‘lishini talab qiladi.

“McKinsey” agentligi tahlilchilari innovasion jarayonlarning muvaffaqiyatli borishida bevosita davlat ishtirokiga bog‘liq bo‘lgan beshta omilni ko‘rsatib o‘tishadi. Ular qatorida davlatning innovatsiyalar buyurtmachisi sifatida maydonga chiqishi, innovatsiyalar uchun zarur ­infrastrukturani shakllantirishdagi faolligi, innovasion ishlab chiqarishni moliyalashtirishdagi, yangi malakalar yaratishdagi o‘rni, jamiyatda innovasion madaniyatni shakllantirishdagi ahamiyati kabi omillar o‘rin olgan.

O‘tgan to‘qqiz yilning tahlili O‘zbekistonda davlat bosh­qaruvini yangi davr talablariga moslash borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar nafaqat ushbu, balki bosh­qa yo‘nalishlarda ham davlatning faol ishtirokini ko‘rsatadi.

Xususan, 2020 yilda qabul qilingan “Innovasion faoliyat to‘g‘risida”gi qonun bilan innovatsiyalarga davlat buyurtmasini shakllantirish, innovasion faoliyat uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlarni yaratish, malakali kadrlarni tayyorlash va boshqa masalalarda davlatning rolini belgilovchi normalar belgilab qo‘yildi.

Davlat rahbari farmoni bilan  O‘zbekiston Respub­likasining 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Innovasion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi. Uning asosida innovasion texnoparklar, venchur kapital tuzilmalari, akseleratorlar va inkubatorlarlar tizimining shakllantirildi, inson kapitalini rivojlantirish, ta’limning barcha bosqichlarida innovasion madaniyatni joriy etish, kichik va o‘rta biznesning innovasion faoliyatini kengaytirish yo‘nalishlarida O‘zbekistonda o‘ziga xos tizim yaratildi.

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan tasdiqlangan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” Milliy strategiyasi esa telekommunikatsiya va davlat xizmatlaridan tortib, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarigacha raqamli texnologiyalarni joriy etish uchun asos yaratdi.

Hukumat infratuzilmani rivojlantirishga, jumladan, ma’lumotlar markazlarini qurishga, sud va tibbiyot sohalarida sun’iy intellekt tizimlarini joriy etishga, davlat xizmatlarini avtomatlashtirishga va raqamli platformalar orqali shaffoflikni oshirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

Shunday qilib, O‘zbekistonda raqamli transformatsiya nafaqat texnologik yangilanish, balki davlat institutlarini mustahkamlashga, boshqaruv samaradorligini oshirishga va fuqarolik huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari bilan innovasion faoliyatni moliyalashtirish, zarur ins­titusional infrastruktura va ekotizimni shakllantirish, inson kapitali ravnaqini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda ham davlatning o‘rnini belgilovchi asoslar yaratib berildi.

Albatta, ushbu huquqiy va tashkiliy asoslar hamda ular asosida o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan tizimli ishlar O‘zbekistonning bugungi kunda o‘z taraqqiyotida, mamlakat rahbari ta’kidlaganidek, hal qiluvchi bosqichga chiqishiga asos yaratdi.

Murojaatnomada endigi bosqichda davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimini yanada isloh qilishni yangi darajaga olib chiqish borasida aniq vazifalar belgilab berilgan.

Davlat boshqaruvi bilan bir qatorda mamlakat hayotida fuqarolik jamiyatning o‘rnini bundan keyin ham tizimli ravishda rivojlantirib borish maqsadida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqish, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish ustuvor vazifa sifatida saqlab qolinishi islohotlarning mazkur davri uchun ustuvor vazifalar qatorida belgilandi.

Guvohi bo‘lganimizdek, davlat boshqaruvi tizimini yangi talablar darajasiga moslashtirish borasida o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar mamlakatni o‘z taraqqiyotida texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish haqiqatda kompleks xarakter kasb etganligi va barcha yo‘nalishlar qamrab olinganligini ko‘rsatadi.

Milliy birlik zarurati

O‘zbekistonning bugun o‘z oldiga qo‘yayotgan yangi marralar miqyosi ham, Vatanimiz kelajagi uchun ahamiyati jihati ham ilgari bu darajada keng bo‘lmagan. Aytish mumkinki, bular juda ulkan maqsadlardir. Ushbu marralarga erishish kelajakda O‘zbekistonning dunyo siyosati va iqtisodiyotidagi munosib o‘rnini belgilaydi. Shuning uchun ham bu borada davlat va fuqarolik jamiyatining yakdil harakati, xalqimizning yagona maqsad atrofida birlashishi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, Shavkat Mirziyoyev alohida ta’kidlaganidek, “...biz uchun hozirgi global taraqqiyot davrida, dunyoda o‘ta keskin va tahlikali jarayonlar yuz berayotgan bugungi kunda milliy birlik nihoyatda muhim va zarurdir”.

Ana shu muhim hayotiy zaruratni anglash, oldimizda turgan muhim dovonlarga erishishda mahallaning rolidan kelib chiqib, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlanishida ham katta ma’no va mazmun bor, albatta.

O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarni amalga oshirish shu jamiyatning barcha bo‘g‘inlaridan, jumladan, siyosiy partiyalardan ham bu jarayonlarda faollikni talab qiladi.

Eng avvalo, o‘z taraqqiyotida texnologik va innovasion o‘sish davriga kirayotgan jamiyat siyosiy kuchlardan, birinchi navbatda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan yetakchi – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan o‘z faoliyatini ushbu darajaga moslashni talab qiladi. Faoliyatimizga dunyoning rivojlangan partiyalari kabi “ye-partiya” asoslarini joriy qilish, tashkiliy ishlardan tortib, aholi bilan muloqotga kirishish tizimigacha raqamli texnologiyalardan foydalanish amaliyotini kiritish, O‘zLiDePdan saylangan deputatlik korpusi va partiya faollarini yangi davr talablari darajasida ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish va bosh­qa qator masalalar ushbu siyosiy kuchning kelajakda ham mamlakatdagi yetakchi partiya sifatida faoliyat yuritishida nihoyatda muhim o‘rin tutuvchi masalalarga aylanmoqda.

Qolaversa, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qo‘yilayotgan muhim vazifa – global o‘zgarishlar davrida milliy birlikni ta’minlash masalasi, albatta, O‘zLiDePdan ham o‘z mafkuraviy qarashlarini yanada takomillashtirishni, mamlakat taraqqiyoti uchun zarur pallada uning rivoji uchun befarq bo‘lmagan barcha aholi qatlamlarini davlat rahbari ilgari surayotgan muhim g‘oyalar atrofida birlashish uchun zarur siyosiy-partiyaviy platformani jamiyatga taqdim qilishini kun tartibiga qo‘yadi.

Xulosa o‘rnida

“Daromadi jon boshiga o‘rtadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirish”;

“O‘zbekiston iqtisodiyotini texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish”;

 “Industriya 4.0” yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish”;

“Yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish”.

Bir vaqtlar bunday maqsadlar biz hali beri yeta olmaydigan orzu sifatida ko‘rinardi. Bugun esa ular hayot realligiga aylanmoqda.

Mana shuning o‘ziyoq qisqa vaqtda o‘z taraqqiyotining shunday bir muhim nuqtasiga chiqqan xalqimizning nimaga qodirligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Albatta, taraqqiyotining hal qiluvchi nuqtalarida o‘z oldiga ulug‘ maqsadlarni qo‘ya olgan va shu maqsadlar yo‘lida birlasha olgan xalq bundan-da oliy marralarni qo‘lga kiritishga qodir.

Ishonchimiz komilki, ushbu mamlakat, o‘z Prezidenti Murojaatnomasida ilgari
surgan yuksak marralarni ham sharaf bilan zabt etadi!

Baxtiyor Yakubov,
O'zLiDeP Siyosiy Kengashi
Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?