Zilzila xavfi ostidagi binolar: davlat keskin choralar ko‘rmoqda
Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yishga qaratilgan yangi qonun loyihasi O'zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Prezident topshirig‘iga muvofiq o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2017–2025 yillarda qurilgan va rejalashtirilgan jami 11 ming 834 ta ko‘p qavatli uy-joy xatlovdan o‘tkazilib, ularning qariyb 90 foizi hujjatli hamda vizual tarzda o‘rganildi. Tekshiruvlar natijasida 1 ming 434 ta bino davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani, 185 ta uyga noqonuniy qavat qo‘shilgani, shuningdek, 1 ming 308 ta uy-joy chuqur texnik ko‘rikka muhtoj ekani aniqlandi. Shu bilan birga, 77 ta bino qo‘shimcha mustahkamlashni talab qilishi, 1 ta bino esa seysmik jihatdan zaif ekani qayd etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘zboshimchalik bilan qurilgan ob’yektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtatilganiga qaramay, noqonuniy qurilish holatlari kamaymagan. Ko‘rilgan choralar natijasida bir qator loyiha tashkilotlari faoliyati to‘xtatildi, ayrim ko‘p qavatli binolar buzdirildi hamda 52 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Qonun loyihasida noqonuniy qurilishlar uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Xususan, ruxsatsiz qurilish uchun fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari, mansabdor shaxslar esa 450 baravari miqdorida jarimaga tortiladi. Agar huquqbuzarlik takroran sodir etilsa, jazo muddati 3 yildan 5 yilgacha, og‘ir oqibatlar keltirib chiqargan hollarda esa 7 yilgacha belgilanishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, qurilish-montaj ishlarini boshlash tartibi qayta ko‘rib chiqilib, endilikda majburiy ruxsatnoma olish talabi joriy etiladi. Shaharsozlik sohasida “master-reja” asosiy hujjat sifatida mustahkamlanib, yuqori xavfli ob’yektlar bo‘yicha lisenziyalash amaliyoti ham takomillashtiriladi.
Qonun loyihasi bilan Qurilish vazirligi va tegishli nazorat inspeksiyalarining vakolatlari aniq belgilab beriladi. Jumladan, binolarning seysmik holatini baholash, texnik pasportlarni yuritish hamda instrumental-texnik tekshiruvlarda ishtirok etish ularning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi seysmik xavfsizlik tizimini mustahkamlash, qurilish sohasida tartib-intizomni kuchaytirish va eng muhimi, inson hayoti va xavfsizligini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.