Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 28-dekabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Kasb, malaka va mas’uliyat: Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori

28.12.2025
67

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkam qo‘yish yo‘lida boshlangan keng ko‘lamli islohotlar samarasi, ayniqsa, joriy 2025-yilda yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu yil mamlakatimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va sport sohalarida ulkan burilishlar yili sifatida muhrlandi.

Bu yutuqlar faqat raqamlar yoki rasmiy hisobotlarda emas, balki har bir inson hayotida, oila, mahalla muhitida, yoshlar taqdirida o‘z ifodasini topdi. Ana shu tarixiy jarayonlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga taqdim etgan Murojaatnomasida chuqur tahlil, qat’iy xulosa va kelajakka qaratilgan aniq harakatlar dasturi sifatida aks etdi.

Murojaatnomada belgilangan to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish — kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish mamlakatimiz kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugun dunyoda raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yangi texnologiyalar ta’sirida mehnat bozori tubdan o‘zgarmoqda. Yaqin yillarda mavjud kasblarning katta qismi avtomatlashtirilishi, qolganlari esa mutlaqo yangi bilim va malakalarni talab qilishi kabi jarayonlar bizdan ham kechikmasdan moslashishni taqozo etmoqda.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sanoatda avtomatlashgan liniyalar, qishloq xo‘jaligida “aqlli” texnologiyalar, transportda intellektual boshqaruv tizimlari allaqachon kundalik hayotimizga kirib keldi. Shu bois endilikda mehnat bozori kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona va samarali tizim sifatida ishlashi zarur.

Bu borada texnikumlar tizimini tubdan yangilash bo‘yicha qabul qilingan besh yillik dastur yoshlar kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratadi. 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikumni to‘liq ta’mirlash, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga moslashtirish rejalashtirilgan. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy etiladigan texnikumlar soni 100 taga yetkazilishi kasbiy ta’lim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.

Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari va “Kasblar shaharchalari”ning tashkil etilishi esa maktab o‘quvchilarini erta bosqichdan zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi. Qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika sohalaridagi kasblar mahallalarda yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarning o‘z yurtida munosib hayot kechirishini ta’minlashga zamin bo‘ladi.

Korxonalar uchun ijtimoiy soliq imtiyozlarining uzaytirilishi, “dual ta’lim” asosida o‘qiyotgan 100 ming nafar texnikum o‘quvchisiga ilk bor stipendiya joriy etilishi hamda o‘z kasbini puxta egallayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish — iqtisodiyotimizning ustuvor yo‘nalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan tubdan yangicha yondashuvning yorqin ifodasidir. Bunday chora-tadbirlar kasbiy ta’limning jamiyatdagi nufuzini ham oshiradi.

Bu islohotlar 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish tashabbusi bilan mazmunan uzviy bog‘liq. Chunki kasbli, ishli, malakali inson ertaga mahallaning tayanchi, jamiyat barqarorligining asosi bo‘ladi. Yoshlar mahallada kasb egallab, shu yerda o‘z kelajagini qura olsa, mahalla rivojlanadi, jamiyat yuksaladi.

Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratishga qaratilgan mazkur ustuvor yo‘nalish biz deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida eng ko‘p ko‘tariladigan — “yoshlarimiz qanday kasb egallaydi, ish o‘rinlari qayerda yaratiladi, ta’lim mehnat bozoriga qanchalik mos, texnikum o‘quvchilariga ham stipendiya tayinlash” degan hayotiy savollarga aniq, ishonchli va amaliy javob bo‘ldi.

Murojaatnomada demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, parlament va mahalliy kengashlar rolini kuchaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda Oliy Majlis dunyodagi eng rivojlangan parlamentlarga xos bo‘lgan barcha nazorat vakolatlariga ega bo‘lib, davlat boshqaruvidagi ta’siri sezilarli darajada ortdi.

Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlarining ajratilgani hokimiyatlar o‘rtasidagi muvozanatni mustahkamladi. Endi ushbu tizim 2026-yildan boshlab 208 ta tuman va shaharda joriy etilishi mahalliy darajada deputatlik nazoratini kuchaytirish, ijro hokimiyatining hisobdorligini oshirishga xizmat qiladi. Deputat so‘rovlarining ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha qat’iy choralar ko‘riladi.

Ushbu dasturiy hujjat oddiy ma’ruza emas, balki Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan puxta o‘ylangan, inson qadri, kasb va mehnatga tayangan strategik dasturdir. Unda belgilangan har bir yo‘nalish yurtimizning barqaror taraqqiyoti, mahallalar ravnaqi va jamiyat yuksalishining mustahkam kafolatidir.

 Shahnoza XOLMAXAMATOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?