Murojaatdan yechimga, g‘oyadan natijaga: O‘zLiDePning yangi davrdagi amaliy qadamlari
O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi — istiqlol farzandi
Uzoq yillar xususiy biznes va tadbirkorlik tafakkuriga batamom barham berilgan mamlakatimizda istiqlol sharofati bilan xususiy mulk va xususiy tashabbusga munosabat tubdan o‘zgardi. Insonning o‘z mehnati, bilimi, qobiliyati va ishbilarmonlik salohiyati asosida farovon hayot qurishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Yurtimizda tadbirkorlik keng quloch yozib, mulkdorlar qatlami va jamiyatning iqtisodiy tayanchi bo‘lgan o‘rta sinf shakllana boshladi. Bu jarayon jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida ham yangi voqelikni yuzaga keltirdi. O‘z biznesi, mulki, mehnat jamoasi va ertangi kuniga daxldor manfaatlari bo‘lgan yangi qatlamning o‘z xohish-istaklari, dunyoqarashi va manfaatlari shakllandi. Tadbirkorlar uchun iqtisodiy erkinlik, mulk daxlsizligi, qonun ustuvorligi, raqobat muhiti, soliq va ma’muriy yukning maqbul bo‘lishi, davlat organlari bilan ochiq va samarali muloqot kabi masalalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Ana shunday tarixiy va ijtimoiy ehtiyojning tabiiy mahsuli sifatida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi maydonga chiqdi. Shu ma’noda O‘zLiDePga mustaqillik farzandi, istiqlol mevasi deya ta’rif berish mumkin. Chunki partiyaning vujudga kelishi mamlakatimizda mustaqillik tufayli shakllangan xususiy mulkdorlar, ishbilarmonlar qatlamining siyosiy manfaatlarini ifodalashga bo‘lgan ehtiyoj bilan bevosita bog‘liqdir.
Tashkil topgan dastlabki kunlardanoq O‘zLiDeP xususiy mulk daxlsizligiga erishish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish kabi g‘oyalarni o‘zining asosiy siyosiy maqsadlari sifatida belgiladi. E’tiborlisi, bu g‘oyalar yillar davomida partiyaning qonunchilik tashabbuslari, parlament va mahalliy Kengashlardagi vakillari faoliyati, saylovchilar bilan muloqotlari orqali amaliy mazmun kasb etdi.
Qayd etish zarurki, O‘zLiDeP dastlabki yillarda tadbirkorlar manfaatlarining ifodachisi sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyinchalik jamiyatimizning barcha faol qatlamlarini farovonlik va taraqqiyot maqsadlariga birlashtiruvchi mustahkam siyosiy kuch sifatida rivojlandi.
Partiya saylovoldi dasturi – siyosiy majburiyat
Istiqlolimizning 35 yillik to‘yi arafasida O‘zLiDePning mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichidagi faoliyatiga nazar tashlab, partiya so‘nggi bir yil davomida nechog‘li faol bo‘ldi, tilga olishga arzirli qanday ishlarni amalga oshirdi, elektorati ishonchini oqlay oldimi singari savollarga aniq va lo‘nda javob berishga harakat qildik.
O‘zLiDeP zimmasidagi vazifalar haqida gap ketganda partiyaning 2025–2029 yillarga mo‘ljallangan saylovoldi dasturi siyosiy majburiyat ekanini ta’kidlashimiz zarur. Dasturda belgilangan iqtisodiy erkinlik, xususiy sektor uchun yanada qulay muhit yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, yoshlar va xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalarni rivojlantirish kabi maqsadlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘unligi diqqatga molik. Ammo dasturning ahamiyati uning matni mukammal yozilgani bilan emas, hayotga qanchalik tatbiq qilinayotgani bilan o‘lchanadi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash — partiyaning o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi
O‘zLiDePning siyosiy qiyofasini tadbirkorlar manfaatini ifodalashdan ayricha tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Partiyamiz nuqtai nazariga ko‘ra bugungi kunda xususiy sektorga xayrixohlik faqatgina “tadbirkorga imtiyoz berish” bilan cheklanmaydi. Biznesning o‘sishi, raqobat, moliya, eksport, infratuzilma, kadrlar, raqamli texnologiyalar va tashqi bozorlarga chiqish bir-biri bilan chambarchas bog‘liq masalalarga aylanmoqda. Partiya tadbirkorlarga mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida qaraydi. Shu bois 2025 yilda partiya va uning deputatlik guruhlari faoliyatida davlat va hukumat tomonidan belgilangan vazifalar mohiyatini tushuntirish bilan birga ularning ijrosini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Masalan, O‘zLiDeP tashabbusi bilan Andijonda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ruxsatnomalarni berish jarayonini soddalashtirish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal qilish, soliq va moliya tizimidagi yengilliklardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Hududlarda deputatlar, tadbirkorlar va mutaxassislar ishtirokida ishchi guruhlar shakllantirilib, muammolarni joyida o‘rganish amaliyoti kuchaytirildi.
Surxondaryoda esa xususiy ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish va eksport bilan shug‘ullanayotgan korxonalar, hunarmandlarning muammolari o‘rganildi. Aksariyat muammolarning bosqichma-bosqich hal etilishiga erishildi. Bu kabi muloqotlar partiyaning tadbirkorlar duch kelayotgan qiyinchiliklarga “murojaat – muammo – yechim” tamoyiliga asosan yondashayotganidan darak beradi.
Namanganda deputatlarimizning kichik sanoat zonasidagi korxonalar bilan muloqotlari ham shu nuqtai nazardan ahamiyatli. Ishlab chiqarishni kengaytirish, eksportni oshirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari bevosita korxonalarning o‘zida muhokama qilinib, yechimlar ishlab chiqildi.
2026 yil 18 avgustda Xivada Prezidentning tadbirkorlar bilan oltinchi ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Bu muloqot partiya uchun, avvalo, faoliyatining kelgusi yo‘nalishlarini yanada aniqlashtirib bergani bilan ahamiyatli. Tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarni cheklash, biznesni asossiz tekshiruvlardan himoya qilish, birinchi xato uchun ogohlantirish, jarimalarni maqbullashtirish, lisenziya va ruxsatnoma talablarini qisqartirish, davlat bilan tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarda adolat tamoyilini kuchaytirish kabi tashabbuslar O‘zLiDePning Saylovoldi dasturida belgilangan yo‘nalishlar bilan hamohang.
Endi bu masalalar partiya uchun ham ustuvor vazifadir. Qabul qilingan qarorlarning joylarda qanday ishlayotgani, tadbirkorlarga berilgan imkoniyatlar amalda to‘liq ta’minlanishi, ma’muriy to‘siqlar yana paydo bo‘lmasligi borasida parlament va jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanish — partiya fraksiyasi va deputatlarining yaqin yillardagi muhim vazifalaridan biri bo‘ladi. Zero, tadbirkor uchun erkinlik avvalo xotirjam ishlash imkoniyati hamdir.
Uchrashuvlar – deputat faoliyati samaradorligini ko‘rsatuvchi mezon emas
Partiyaning parlament quyi palatasidagi 64 nafar deputati uchun ham keyingi davr dasturiy maqsadlarni amalga oshirishda samarali kechdi. Saylovchilar noiblardan nafaqat qonun chiqarishni, balki qabul qilingan qonunlar hayotda qanday ishlayotganini nazorat qilishni ham kutmoqda. Shu jihatdan olganda, 2025 yil mobaynida Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan 6 ta parlament so‘rovi va saylovchilar murojaatlari asosida 36 ta deputatlik so‘rovi yuborildi. Deputatlar 2 ming 786 marotaba uchrashuv o‘tkazib, 65 mingdan ortiq fuqaro, jumladan, 14,9 ming nafar tadbirkorlik sub’yekti vakillari bilan muloqot qildi. Shuningdek, 7 ming 152 ta xonadon, 3 ming 405 ta tadbirkorlik sub’yekti va 2 625 ta ijtimoiy soha ob’yekti o‘rganildi.
Bu ko‘rsatkichlar deputatlar faoliyati miqyosini ko‘rsatadi. Lekin deputat ishi samaradorligi uchrashuvlar soni bilan emas, muammolar yechimi bilan belgilanadi. Shu sababli parlament nazoratini kuchaytirish barobarida saylovchilardan kelayotgan murojaatlarni umumlashtirish va ulardagi tizimli masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qurilish sohasida sifat va xavfsizlik masalasining partiya fraksiyasi va deputatlar ishtirokida muhokama qilinishi bunga misol. Sohadagi muammolar o‘rganilib, qonunchilikni takomillashtirish, nazoratni kuchaytirish va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. O‘rganishlarda 396 ta sifati talabga javob bermaydigan ob’yekt aniqlanib, 200 dan ziyod holat bo‘yicha sudlarga da’volar kiritildi.
Hozirda deputatlar muammoni tilga olishdan tortib, uning yechimi uchun huquqiy va boshqa mexanizmlar ishlab chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarda faol ishtirok etyaptilar.
Yangicha yondashuvlar natijadorlikni oshiradi
Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan yangilanishlarga hamohang ravishda partiya o‘z ish uslublarini uzluksiz takomillashtiryapti. Xususan, joriy yilda partiya tizimida kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlarga alohida ahamiyat berildi. O‘quvlarning birinchi bosqichida tuman va shahar partiya kengashlari apparat rahbarlarining 191 nafari maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldi. Ushbu tadbir partiyaning quyi bo‘g‘inini professionallashtirishga qaratilgan zarur qadam bo‘ldi. Zero, markaziy apparat tomonidan beriladigan ko‘rsatmalar, g‘oyalar joylarda uni amalga oshiradigan, yetarli bilim va ko‘nikmaga ega kadrlar bo‘lsagina aniq natijalarga aylanadi.
2026 yilda yana bir o‘zgarishni ko‘rish mumkin: muloqot shakllari ko‘payibgina qolmay, ular doimiy mexanizmga aylantirilmoqda. “CALL-CENTER”, “Biznes klub”, “Deputat bilan ochiq suhbat” kabi loyihalarning yo‘lga qo‘yilishi partiyaga kelayotgan taklif va murojaatlarni tizimli qabul qilish, ularni tahlil qilish va tegishli idoralarga yetkazish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Shu orqali partiya odamlar orasiga yanada chuqurroq kirib boryapti, elektorati manfaatlarini samaraliroq ifodalayapti.
“Xalq bilan birga” — minglab yurtdoshlarimizga ko‘makchi
2026 yil 2 aprelda O‘zLiDeP tashabbusi bilan boshlangan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi xalq ichiga yanada chuqurroq kirib borish jarayonining amaliy maydoni bo‘ldi.
Dastur doirasida aholining muammolarini xonadonbay yurib o‘rganish, tadbirkorlar bilan ishlash, kambag‘allikni qisqartirishga hissa qo‘shish, yoshlar va xotin-qizlarni iqtisodiy faollikka jalb qilish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotlarni kuchaytirish kabi vazifalar belgilandi.
1 avgust holatiga 768 ming 655 ta xonadon qamrab olingani, 188 ming 149 ta muammo va murojaatning 82,3 foizi hal etilgani dastur bo‘yicha bajarilgan ishlar ko‘lamini ko‘rsatadi.
Dasturning yana bir muhim yo‘nalishi — sayyor qabullar orqali aholi bilan bevosita muloqot qilish bo‘ldi. Respublikaning 14 ta hududida mobil shtablar ishga tushirilib, 130 ta tuman va shaharda sayyor qabullar tashkil etildi. Ularda 26,2 mingga yaqin fuqaro va tadbirkor ishtirok etdi. Qabullar davomida aniqlangan 10 ming 417 ta muammoning 73 foizi joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar esa nazoratga olindi. Jumladan, 52 mingdan ziyod yurtdoshimiz turli o‘quvlarga jalb qilindi, 1 ming 500 nafar fuqaroga imtiyozli kredit va subsidiya olishda amaliy yordam berildi, 1 ming 20 nafar ishtirokchi oilaviy tadbirkorlik loyihasini boshladi, 790 nafari doimiy ishga joylashdi.
Buning ortida minglab odamlarning aniq muammolari, taqdiri va ehtiyojlari turibdi.
Shuningdek, Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi sayyor qabulda 400 nafar aholi ishtirok etib, qabulda bildirilgan 150 dan ziyod murojaatning 84 tasi joyida hal etildi. Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘tkazilgan qabulda esa 300 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, yuzga yaqin muammoga yechim topildi. Odamlar partiyaga najot istab kelmayapti, balki partiyaning o‘zi fuqarolar oldiga boryapti.
Yana bir muhim natija — partiya elektorati vakillari bo‘lgan tadbirkorlarni ijtimoiy tashabbuslarga keng jalb qilinishi. Dastur doirasida 38 mingdan ziyod tadbirkor homiy sifatida qatnashib, aholiga 45 milliard so‘mlik moddiy va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatdi. 1 ming 873 ta muhtoj oila tadbirkorlar otalig‘iga olindi, 3 ming 589 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Bu ko‘rsatkichlar partiyaning ijtimoiy mas’uliyat haqidagi qarashlari amaliyotga ko‘chayotganidan dalolat beradi. Partiya odamlarga faqat bugungi ehtiyojini qondirish emas, ertangi daromadini topish imkoniyatini ham yaratishga harakat qilyapti.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, dastur partiyaning aholi bilan ishlash tajribasini boyityapti, aniqlangan ayrim muammolar bo‘yicha qonun ijodkorligi faollashuviga turtki beryapti.
Maqsad – xotin-qizlar va yoshlarning jamiyatdagi faolligini yanada oshirish
2026 yilda yoshlar bilan ishlashda partiya, ayniqsa, iqtisodiy va texnologik yo‘nalishlarga urg‘u berdi. “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi doirasida yoshlarning startap g‘oyalari, kichik biznes rejalari, raqamli texnologiyalar va boshqa tashabbuslari ilgari surilmoqda. Qoraqalpog‘istonda loyihaning tuman va shahar bosqichlarida 263 ta mahalladan 3 ming 228 nafar yosh startap tadbirkorlik va ijtimoiy loyihalari bilan ishtirok etdi.
Bu yondashuv partiya tomonidan ishlab chiqilgan 101 ta yangi loyihada ham o‘z aksini topmoqda. E’tiborlisi, partiyaning dasturiy maqsadlari yangicha yondashuvlar orqali joylardagi odamlar, tadbirkorlar, yoshlar va xotin-qizlarning aniq tashabbuslariga bog‘lanmoqda.
Xotin-qizlar bilan ishlashda ham ijobiy o‘zgarishlar bor. “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi 7 450 ta mahallada saralash bosqichlari o‘tkazilib, 50 minga yaqin xotin-qiz ishtirok etdi va 43 mingga yaqin istiqbolli tadbirkor ayol saralab olindi.
“Yoshlar” va “Ayollar qanotlari” tomonidan o‘tkazilayotgan boshqa o‘nlab loyihalar navqiron avlod vakillari va xotin-qizlarni jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning yanada faol ishtirokchisiga aylantirishga yo‘naltirilgan.
Xalqaro hamkorlik tobora kuchaymoqda
O‘zbekistonning dunyodagi obro‘-e’tibori tobora oshib borayotgani partiyalararo hamkorlikda ham namoyon bo‘lyapti.
Bir yil ichida O‘zLiDePning xorijiy siyosiy partiyalar bilan aloqalari yanada faollashdi. Belarusning “Belaya Rus” partiyasi, Yaponiya liberal-demokratik partiyasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolanishi, Turkiya yetakchi partiyasi bilan muloqotning davom ettirilishi shu jarayonga misol bo‘la oladi.
Siyosiy partiyalar saylov texnologiyalari, aholi bilan ishlash, partiya qurilishi, xotin-qizlar va yoshlar siyosatini tashkil etish, iqtisodiy islohotlarni siyosiy qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarda ham tajriba almashmoqda.
2026 yil iyun oyida Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi (ICAPP) Doimiy qo‘mitasining Ulan-Batorda o‘tkazilgan 45-yig‘ilishida O‘zLiDeP vakillari ham qatnashdi. Yig‘ilish davomida tashkilot ustaviga o‘zgartish kiritish, Doimiy qo‘mita tarkibini kengaytirish va O‘zbekistonning yetakchi partiyasini ushbu organ tarkibiga kiritish bilan bog‘liq tashabbusning qo‘llab-quvvatlangani partiyamizning Osiyodagi partiyalararo muloqotdagi o‘rni oshib borayotganini ko‘rsatdi. Bu O‘zbekiston tajribasini boshqa davlatlarga yetkazish va ularning ilg‘or yondashuvlarini o‘rganish uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi.
Yaqin istiqbolda partiya nimalarga e’tibor qaratadi?
O‘tgan bir yilda amalga oshirilgan ishlar partiyaning imkoniyatlari kattaligini, yangi davr chaqiriqlariga mos ish yuritayotganini ko‘rsatyapti.
Kelgusida partiya kuch va imkoniyatlarini nimalarga yo‘naltiradi?
O‘zLiDeP, avvalo, saylovoldi dasturining ijrosini nazorat qilish tizimini yanada kuchaytirishni maqsad qilyapti. Fuqaro yoki tadbirkor hayotida nima o‘zgardi — tizim ana asosda qayta quriladi.
Ikkinchidan, partiyaning tahliliy salohiyatini oshirish lozim. Kyelayotgan minglab murojaatlar, xonadonbay o‘rganishlar va deputatlik nazorati materiallari asosida kelajak siyosatini belgilaydigan ma’lumotlar bazasi va tahliliy xulosalarni shakllantirish zarur.
Uchinchidan, 18 avgustda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda belgilangan vazifalar partiyaning yaqin yillardagi kun tartibining muhim yo‘nalishi bo‘lishi kerak.
To‘rtinchidan, partiyaning quyi bo‘g‘inini yanada kuchaytirish talab qilinadi.
Beshinchidan, deputatlarning professional tayyorgarligiga talabni yanada oshirish kerak.
Mustaqillik O‘zLiDePni siyosiy maydonga olib chiqqan bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston davri partiya zimmasiga g‘oyani natijaga, murojaatni yechimga aylantirish mas’uliyatini yuklamoqda. Endi partiyaning jamiyatdagi o‘rni o‘tkazilgan tadbirlar soni bilan emas, tadbirkor va fuqaro hayotidagi aniq o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Oldimizdagi eng muhim vazifa — ana shu mezonni partiya faoliyatining har bir bo‘g‘inida qaror toptirishdir.
Sardor Maripov,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi
Strategik va dasturiy hujjatlar
bilan ishlash departamenti rahbari