Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 22-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yangi imkoniyatlar — inson farovonligi va taraqqiyot sari

22.09.2026
103

Qoraqalpog‘iston Respublikasida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hududning o‘ziga xos tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda yangi imkoniyatlar yaratish, aholi farovonligini oshirish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilmoqda.

Ayniqsa, Orolbo‘yi hududida ekologik barqarorlikni ta’minlash, cho‘llanish jarayonlarining salbiy ta’sirini kamaytirish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish hamda qishloq xo‘jaligida zamonaviy usullarni joriy etishga alohida e’tibor berilmoqda.

Kegeyli tumanida tashkil etilgan issiqxona xo‘jaligi ana shunday amaliy loyihalardan biridir. 5 gektar maydonda barpo etilgan majmuada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, aholini daromadli mehnatga jalb etish va ehtiyojmand oilalar uchun yangi daromad manbalarini yaratish ko‘zda tutilgan. Bunday tashabbuslar qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish bilan birga, aholi bandligini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.

Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va oilaviy daromadlarni oshirish borasidagi ishlar ham izchil davom etmoqda. "Bir mahalla — bir mahsulot" tamoyili asosida asalarichilik kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish orqali xonadonlar uchun qo‘shimcha daromad manbalari yaratilmoqda. Bu esa mahallada tadbirkorlik muhitini shakllantirish, aholini o‘zini o‘zi band qilish va mehnat orqali farovonlikka erishish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Nukus tumanidagi Dehqon arna mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar ham aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan. "Aqlli mahalla" tizimi, maktabgacha ta’lim muassasasi, sport maydonchalari va tadbirkorlik uchun yaratilayotgan sharoitlar mahallaning ijtimoiy qiyofasini o‘zgartirmoqda. Bu jarayonda bolalar ta’limi, yoshlar tarbiyasi, aholi salomatligi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda.

Hududda inson kapitali va tibbiyot sohasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar ham muhim o‘rin tutadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasining tashkil etilishi tibbiy ta’lim, ilm-fan va amaliyotni o‘zaro uyg‘unlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bu yerda zamonaviy simulyatsion ta’lim, ilg‘or tibbiy texnologiyalar, raqamli ta’lim va teletibbiyot imkoniyatlarini keng joriy etish uchun sharoitlar yaratilgan.

Shuningdek, Nukus shahrida yosh oilalar uchun "Yangi O‘zbekiston" turar joy massivini barpo etish loyihasi taqdim etildi. Bu yerda zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar bilan bir qatorda biznes markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Yangi massiv shahar infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Amalga oshirilayotgan loyihalarning yana bir muhim jihati — yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘al oilalar daromadini oshirishga qaratilganidir. Bu borada tadbirkorlar, investorlar, mahalliy aholi va xorijiy hamkorlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirish jarayonida nuroniylar, olimlar va keng jamoatchilik vakillarini faol ishtirok etishga, har bir tashabbus ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga chaqirdi. Bunday yondashuv aholi manfaatlarini ta’minlash, yoshlar uchun munosib sharoitlar yaratish va Orolbo‘yining mustahkam iqtisodiy poydevorini shakllantirishga xizmat qiladi.

Umuman, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ishlar ekologik barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlik, bandlik, ta’lim, tibbiyot va zamonaviy infratuzilmani bir-biri bilan uyg‘un holda rivojlantirishga qaratilgan.

Eng muhimi, bu jarayonlarning markazida inson manfaati turibdi. Yangi ish o‘rinlari, daromad manbalari, zamonaviy ta’lim va tibbiy xizmatlar, obod mahallalar hamda qulay yashash sharoitlari Qoraqalpog‘iston aholisi uchun yangi imkoniyatlarni kengaytirib, hududning barqaror va farovon kelajagi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

 

Guldana AVEZDURDIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?