Shanba 19-Aprel 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Dunyo parlamentlari global chaqiriqlarni samarali hal qilishga da’vat etildi

08.04.2025
175

Parlamentlararo hamkorlik xalqaro munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etib, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish uchun platforma vazifasini o‘taydi. 1889 yilda tashkil etilgan Parlamentlararo ittifoq parlamentlararo hamkorlikning eng muhim instituti hisoblanadi. Parlamentlararo ittifoq dunyoning ko‘plab mamlakatlari milliy parlamentlarini birlashtirib, demokratiya, gender tengligi va barqaror rivojlanishni rivojlantirishga intiladi. Bu tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bilan faol hamkorlik qiladi.

O‘zbekiston parlamentlararo hamkorlik tizimida faol ishtirok etib, xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlashga, global va mintaqaviy muammolarni hal etishga hissa qo‘shishga intilmoqda. O‘n yillik tanaffusdan so‘ng 2017 yilda O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoqdagi faol ishtiroki tiklangani bu yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘ldi.

2025 yil aprel oyida Toshkentda Markaziy Osiyo tarixida ilk bor Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi bo‘lib o‘tdi va bu O‘zbekistonning demokratik islohotlarni amalga oshirish va parlament diplomatiyasini rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilganidan dalolatdir. Tadbirda 140 ga yaqin mamlakat parlamentlari va xalqaro tashkilotlarning 2 mingdan ortiq delegatlari ishtirok etdi.

  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoq Assambleyasidagi nutqida parlamentlararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston yagona universal global platforma sifatida BMT Nizomi va xalqaro tashkilot rezolyusiyalariga sodiqligini tasdiqladi. Prezident Bosh kotib A.Guterrishning BMTni isloh qilish, uning global muammolarni hal etishdagi rolini kuchaytirish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, parlament – bu odamlarning dardu tashvishi va muammolarini eng quyi tizimdan boshlab, kerak bo‘lsa, mintaqaviy va xalqaro miqyosga olib chiqishga, ularga samarali yechim topishga qodir bo‘lgan qudratli kuchdir. Aynan ular iqtisodiy inqirozlardan tortib, terrorizm va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tahdidlargacha bo‘lgan global muammolarga samarali yechim taklif qila oladi. Bularning barchasi ularning tinchlik, adolat va barqaror ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlash jarayonlaridagi faol ishtirokini taqozo etadi.

O‘zbekiston Prezidenti davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikni zamonamizning asosiy muammolaridan biri deb atadi. So‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortganiga qaramay, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazadi, ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtiradi.

O‘zbekiston Prezidenti har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi. U diplomatik yo‘lni ham mintaqaviy, ham global miqyosda barqaror tinchlikning yagona maqbul varianti deb atadi. O‘z nutqida Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish lozimligini qayd etdi.

O‘zbekiston Prezidenti rivojlanayotgan mamlakatlar taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlarini davrimizning o‘tkir muammosi sifatida qayd etdi. U Parij kelishuviga rioya qilish va uglerod neytralligiga o‘tish muhimligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari dunyo parlamentlari ekologik tashabbuslarni ilgari surish va yashil texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlashda yetakchi rol o‘ynashi kerakligiga ishonch bildirdi.

Xotin-qizlar, yoshlar va ijtimoiy himoya masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti shuningdek dunyo miqyosida ayol deputatlarning ulushi 1995 yildagi 11,3 foizdan joriy yilga kelib 27,2 foizga ko‘tarilganini qayd etdi. U iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ayollarning erkaklar bilan teng ishtiroki ta’minlansa, jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 26 foizga o‘sishini ta’kidladi. O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining Osiyoda ayollarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rolini kengaytirishga qaratilgan rezolyusiyasini ilgari surayotgani qayd etildi. Parlamentlararo ittifoq yuksak minbaridan O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblashi ta’kidlandi. Xususan, bu har bir insonning sifatli xizmatlardan foydalanishini ta’minlash, yoshlarning hayotning barcha jabhalarida faol ishtirok etishi uchun sharoit yaratish demakdir.

Shavkat Mirziyoyev yangi davr muammolari bilan bir qatorda sun’iy intellekt sohasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi U barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qiluvchi sun’iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqish taklifini ilgari surdi. 

Dunyodagi hech bir davlat va jamiyat faqat ko‘plab qonun yoki qarorlar qabul qilish bilan rivojlana olmasligi qayd etildi.  Barchamiz bu yo‘lda birlashib, qonun ijodkorligi ruhini kuchaytirib, bor bilim va tajribamizni yagona maqsad sari safarbar etishimiz zarurligi ta’kidlab o‘tildi. O‘zbekiston Prezidenti dunyo parlamentlarini o‘zaro anglashuv va sayyora kelajagi uchun mas’uliyat ruhida birlashishga da’vat qildi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasining Toshkent shahrida o‘tkazilishi ham O‘zbekiston, ham butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim voqelikdir. Mazkur tadbir tarixda ilk bor Markaziy Osiyoda o‘tkazilayotgani O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani, demokratik islohotlar va parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Mazkur nufuzli anjuman doirasida inson huquqlari, gender tengligi, kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, butun dunyoda tinchlik va demokratiyani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu tariqa, O‘zbekiston parlamentlararo hamkorlik tizimida faol pozisiyani egallab, parlament diplomatiyasidan xalqaro munosabatlarni mustahkamlash, milliy manfaatlarni ilgari surish, global va mintaqaviy muammolarni hal etishda ishtirok etish vositasi sifatida foydalanayotgani yaqqol namoyon bo‘ldi.

Aktam Xaitov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?