Yakshanba 10-Noyabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O'zLiDePning I Kongressi o'tkazildi

07.09.2024
641

2024-yil 7-sentabr kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining I Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar kengashlaridan saylangan delegatlar, Siyosiy Kengash, Markaziy taftish komissiyasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Kongressda partiyaning o‘tgan 5 yillik faoliyati tahlili, istiqboldagi rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, muhim ijtimoiy-siyosiy voqea — bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, partiya a’zolari soni 2020 yil boshidagi 745 ming nafardan deyarli 2 barobarga ortib, hisobot davrida 1 mln 600 mingdan ziyodga yetdi.

Bugun, O’zLiDeP O’zbekistonning siyosiy sahnasida eng ko‘p sonli a’zolar va tarafdorlariga ega bo‘lgan, farovon hayotni ta’minlashda yetakchi o‘ringa ega xalqchil partiyaga aylana oldi.

Hisobot davrida O’zLiDePning eng yorqin tashabbuslaridan biri Konstitutsiyamizni isloh qilish g‘oyasi bilan siyosiy maydonga chiqqani va faol eshtirok etganligi e’tirof etildi. Konstitutsiyadagi yangi normalar “inson – jamiyat – davlat” konsepsiyasiga qat’iy amal qilingan holda tayyorlandi.

Parlamentdagi O’zLiDeP fraksiyasi deputatlari partiya saylovoldi dasturidagi maqsad va g‘oyalarini amalga oshirishga qaratilgan 200 dan ortiq qonunlar qabul qilinishida faollik ko‘rsatishdi. Shu bilan birga 41 ta qonun loyihalarini ishlab chiqishda fraksiya deputatlari tashabbuskor bo‘lishdi. Xususan, Soliq, Bojxona, Yer va Shaharsozlik kodekslari yangicha biznes muhitini rag‘batlantiradigan normalar bilan boyitilib, yanada liberallashtirildi.

Partiya saylovoldi dasturidan alohida o‘rin olgan biznes yuritish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratuvchi va huquqiy kafolatlarni ta’minlovchi Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqildi.

Shuningdek, ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirishga katta e’tibor qaratilib, ushbu nazorat shakllaridan samarali foydalanildi. 12 marotaba “Hukumat soati”, 6 marta “Parlament eshituvi” o‘tkazilgani barobarida 11 marta tegishli vazirlik va idoralarga “Parlament so‘rovi” yuborilib, ular bo‘yicha axborotlar tinglandi. Elektorat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 730 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi.

O’tgan vaqt mobaynida mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari ham faol ish yuritdi. Ular tomonidan 10 ming marotaba hududiy ijro organlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi, 53 mingdan ziyod deputatlik so‘rovi yuborildi.

Kongress ishi davomida partiyaning kelgusi besh yillikdagi muhim strategik hujjati bo‘lgan yangi Saylovoldi dasturi loyihasi muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, «O’zbekiston – 2030» Strategiyasini to‘liq amalga oshirish mas’uliyatini zimmasiga olgan yetakchi siyosiy kuch sifatida parlament saylovlariga 5 maqsad – 500 vazifani o‘z ichiga qamrab olgan yangi dastur bilan kirib bormoqda.

O’zLiDeP “Erkin va farovon, qudratli yangi O’zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga erishishni asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilagan.

Partiya O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qisqa vaqt davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmandlarga ko‘maklashish, ochiqlik siyosatini yuritish, mamlakat iqtisodiyoti va xalqaro nufuzini oshirish bo‘yicha tarixiy islohotlar amalga oshirilganligini e’tirof etgan holda bu boradagi ishlarni izchil va qat’iy davom ettirish jonajon O’zbekistonni yuksaltirishning yagona to‘g‘ri yo‘li deb hisoblaydi.

O’zLiDeP mana shu ulug‘vor yo‘lda yanada qat’iy bo‘lib, mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning partiya XI s’ezdida e’lon qilgan Saylovoldi dasturi hamda «O’ZBEKISTON – 2030» Strategiyasini to‘liq amalga oshirish mas’uliyatini zimmasiga olgan yetakchi siyosiy kuch sifatida bundan buyon ham faol harakat qiladi.

Partiya iqtisodiy yo‘nalishda liberal tamoyillarga asoslangan erkin bozor munosabatlarini qo‘llab-quvvatlovchi tashabbuslarga sodiq qolgan holda, biznes yuritishni yanada soddalashtirish, litsenziyalar sonini 2 baravarga qisqartirish, mingga yaqin byurokratik talablarni bekor qilish, soliq ma’murchiligini soddalashtirish, tadbirkorlar uchun soliq to‘lashda adolatli sharoitlar yaratish kabi vazifalarni belgilab olmoqda.

Shu bilan bir qatorda, partiya Saylovoldi dasturida mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazish, sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 mlrd. dollarga yetkazish va 2,5 mln. yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish, kelgusi 5 yilda iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish bo‘yicha aniq vazifalar ham aks etgan.

Partiya sifatli ta’lim, tibbiyot va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlash borasida kambag‘allik ko‘lamini ikki karra kamaytirishni ustuvor vazifa sifatida qo‘yar ekan, buning uchun besh yilda kamida 1 million fuqaroni bozori chaqqon kasblarga o‘rgatish, qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rnini yaratgan holda ta’lim sifatini tubdan yaxshilash, tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘lar hajmini 2 karra oshirish, “Har bir oila o‘z uyiga ega bo‘lsin” degan shiorini tatbiq qilgan holda 1 million xonadonli uy-joylar qurish kabi tashabbuslarni ilgari surmoqda.

O’zLiDeP xalq xizmatidagi adolatli, zamonaviy davlatni barpo etish borasida davlat xizmatlarining kamida 300 tasini (40 foizini) xususiy sektorga o‘tkazish va fuqarolarning shaxsiy ishtirokini 2 barobarga qisqartirish, mahallalarni “bir qadam” tamoyili asosida fuqarolarning murojaatlarini hal etiladigan maskanga aylantirish, tadbirkorlar faoliyatiga belgilangan hollardan tashqari aralashgani uchun mansabdor shaxslar javobgarligini kuchaytirish masalalari ham dasturda ko‘zda tutilgan.

Kongress delegatlari yangi Saylovoldi dasturi loyihasini ma’qullashdi va uning ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Kongressda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovida faol ishtirok etish masalalari muhokama qilindi. Nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni partiyaning kelgusi faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda qabul qilingan qarorlar partiyaning saylovlardagi muvaffaqiyatini belgilaydigan omillardan biri hisoblanishi qayd etildi.

Anjumanda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga bir mandatli okruglar (majoritar tizim) bo‘yicha 75 nafar, partiyaviy ro‘yxat (proporsional tizim) bo‘yicha 100 nafar nomzodlar ko‘rsatildi.

Nomzodlarning 43 foizi ayollardan iborat bo‘lib, barcha 175 nafar nomzod oliy ma’lumotga ega, ularning 63 foizini tadbirkor va fermerlar, iqtisodiyot sohasi vakillari, 25 foizini fan, ta’lim, madaniyat va ijtimoiy sohasi vakillari, 12 foizini huquqshunoslar tashkil etadi. Shuningdek, nomzodlarning 19 nafarida fan nomzodi (PhD) va 12 nafarida fan doktori (DSc) ilmiy darajasi mavjud.

Kongressda ta’kidlanganidek, barcha nomzodlar haqidagi hujjatlar belgilangan tartibga muvofiq Markaziy saylov komissiyasiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun topshiriladi.

O’zLiDeP saylovoldi tashviqotida tubdan yangicha yondashishni ko‘zda tutgan strategiyasi dorasida partiya xalqning ichiga yanada faolroq kirib borishi, uyma-uy yurib, har bir xonadonga kirib chiqishni, har bir saylovchiga partiya g‘oyalarini yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?