“Sunʼiy intellekt alyansi”: raqamli iqtisodiyotda faqat ilgarilashga xizmat qiladi
Zamonaviy dunyoda sunʼiy intellekt nafaqat taraqqiyotning bosh omili, balki davlatlarning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini taʼminlovchi asosiy vositalardan biriga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, sunʼiy intellektni rivojlantirish, uni milliy soha va tarmoqlarda joriy etish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda global tendensiyalarga hamohang harakat qilish har bir davlat uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. Sunʼiy intellektni rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi. O‘tgan yili Sunʼiy intellektni 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Natijada bir yil ichida mamlakatimiz sunʼiy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonning sunʼiy intellekt sohasidagi salohiyati taxminan o‘n milliard AQSH dollariga baholanmoqda. Bu salohiyatni real natijalarga aylantirish uchun mustahkam infratuzilma, ochiq maʼlumotlar va yuqori sifatli kadrlar tayyorlash zarur. Aynan shuning uchun ham davlat saʼy-harakatlari data-markazlar va superkompyuter quvvatlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Birgina shu yilda 16 ta superkompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratildi, kelgusi yilda bu so‘mma ikki barobar oshiriladi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi imtiyozli investitsiya rejimi muhim rag‘bat bo‘ladi. SI infratuzilmasiga 100 million dollardan ortiq sarmoya kirituvchi investorlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, elektr energiyasiga imtiyozli tarif qo‘llaniladi. Bularning barchasi O‘zbekistonni raqamli innovatsiyalarning mintaqaviy markaziga aylantirish uchun strategik qadamlardir.
Prezidentimiz raisligida shu yil 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham sunʼiy intellekt texnologiyalarini davlat boshqaruvi tizimiga, iqtisodiyotga va mamlakat hududlariga jadal joriy etish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar muhokama qilinib, endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarini raqamlashtirishga masʼul o‘rinbosarlari bir vaqtni o‘zida sohada sunʼiy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilandi.
Milliy kontentni ishlab chiqish va joriy etish alohida eʼtibor talab qiladigan muhim jihat hisoblanadi. Bu sunʼiy intellekt dasturlarining samarali ishlashi uchun ular o‘zbek tilini mukammal tushunishi zarurligi bilan bog‘liq. Shu munosabat bilan, adabiyot, ilmiy ishlar, arxivlar va hisobotlarni birlashtirgan “O‘zbek tili korpusi” platformasi yaratiladi. Bu esa sunʼiy intellekt tizimlariga madaniyatimiz va mentalitetimiz xususiyatlarini aks ettirish imkonini beradi.
Sunʼiy intellektni rivojlantirishda eng muhim omil – malakali kadrlar tayyorlashdir. Zero, kadrlar tayyorlash masalasi davlat siyosatida markaziy o‘rinni egallaydi. Keyingi o‘quv yilidan boshlab “Informatika” kursiga SIga bag‘ishlangan mavzular kiritiladi, Massachusets texnologiya instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik yaratilmoqda. “Bir million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturi kengaytirilib, oliy taʼlim muassasalarida laboratoriyalar ochilmoqda. “New Uzbekistan” universiteti bazasida esa “soha – OTM – hamkor” tamoyili asosida klaster tashkil etilayotir.
Ushbu masalaga bu darajada katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki zamon shiddat bilan o‘zgarayapti. Jahonda har bir sohaga sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar kirib kelyapti. Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish nafaqat ish samaradorligini oshiradi, balki yangi biznes modellarini yaratishga ham xizmat qiladi. Qolaversa, u ish jarayonlarini avtomatlashtirish bilan birga, inson imkoniyatlarini kengaytiradi.
Shu sababli mamlakatimizda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Masalan, sunʼiy intellekt, moliyaviy texnologiyalar, kiberxavfsizlik va bulutli texnologiyalar yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari kvotasi 35 foizga oshirilayotir. Yoshlar tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida esa mukofot jamg‘armasi bir million AQSH dollari bo‘lgan “Sunʼiy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” kabi milliy tanlov taʼsis etildi.
Davlatimiz rahbari 2030 yilga borib, sunʼiy intellekt bo‘yicha dunyoning TOP–50 taligiga kirishni maqsad qilganimiz, shu bois ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, “Sunʼiy intellekt alyansi”ni tashkil etish ko‘zda tutilganini aytib o‘tdi. Alyans tarkibiga sohada samarali faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoshlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar hamda oliy o‘quv yurtlari kiritiladi.
Yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va akseleratorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, milliy dasturlar asosida media-kontent yaratish, xalqaro PR kampaniyalar o‘tkazish hamda mahalliy mutaxassislar va kompaniyalarni xalqaro ko‘rgazma va forumlarda ishtirokini taʼminlash uning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Umuman olganda, “Sunʼiy intellekt alyansi” O‘zbekistonda innovatsion hamkorlikni kuchaytirish, yangi g‘oyalar va ilmiy salohiyatni birlashtirish orqali mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotda ilg‘or o‘ringa chiqarishga xizmat qiladi.
Videoselektor yig‘ilishining yakunlari shuni ko‘rsatadiki, sunʼiy intellekt taʼsiri ostida jahon iqtisodiyotining jadal o‘zgarishi sharoitida, O‘zbekiston siyosiy iroda va strategik fikrlashni namoyish etmoqda. Aynan hozirgi paytda fuqarolarning yangi turmush sifati va davlatning yangi raqobatbardoshlik darajasi deb atash mumkin bo‘lgan intellektual poydevor qo‘yilmoqda.
Fikrimizcha, shiddatli global o‘zgarishlar kontekstida parlamentning qo‘llab-quvvatlashi raqamlashtirish sohasidagi islohotlar izchilligini qonunchilik orqali taʼminlashning asosiy kafolati bo‘lishi kerak. O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzolari sunʼiy intellekt rivojlanishini vaqtinchalik texnologik tendensiya emas, balki milliy raqobatbardoshlik poydevori va fuqarolar hayoti sifatini oshirish vositasi sifatida ko‘radi.
Partiyamiz saylovoldi dasturida ham raqamli texnologiyalarni iqtisodiy barcha tarmoqlarga joriy etish va shu orqali aholiga va tadbirkorlarga yengilliklar yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar partiyamiz maqsadriga uyg‘un va hamohangdir. Shundan kelib chiqib, biz deputatlar bu sohada Prezidentimiz belgilab bergan vazifalarni bajarilishini huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish, ularning ijrosi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirishimiz lozim.
Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning izchil amalga oshirilishi hamda ushbu yo‘nalishlarda belgilab berilgan vazifalar ijrosi O‘zbekistonning intellektual suverenitetini mustahkamlash hamda Yangi O‘zbekistonning strategik, yaʼni, fan va aql yutuqlaridan xalq manfaati yo‘lida ishonch bilan foydalanuvchi davlat g‘oyasini ro‘yobga chiqarishning eng muhim omili bo‘ladi.
Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari.