Yakshanba 22-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Xususiy sektordagi ish beruvchilarni mehnat qonunchiligidagi xodim oldidagi majburiyatlarini soddalashtirish nima uchun zarur?

11.09.2024
263

7-sentabr kuni O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining I Kongressi bo‘lib o‘tdi. Kongress davomida partiyaning saylovoldi dasturi tasdiqlandi. Ta’kidlash joizki, partiya saylovoldi dasturida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan. Jumladan, partiya xususiy sektordagi ish beruvchilarning mehnat qonunchiligidagi xodim oldidagi majburiyatlarini soddalashtirish tashabbusini ilgari surmoqda.

Xususiy sektor iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biri hisoblanadi. Bu jabhada xususiy korxonalar, tadbirkorlar va turli shirkatlar faoliyat yuritadi. Shu sababli respublikamizda kelgusi 2030-yilga qadar davlat korxonalari sonini 6 barobarga qisqartirib, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushini 85 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Xususiy sektor ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish orqali iqtisodiyotni rivojlantiradi. 2023 yil holatiga ko‘ra, O’zbekistonda jami ishga joylashgan xodimlar soni 5,5 mln.ni tashkil etadi - davlat tashkilotlarida 2,2 mln, xususiy sektorda esa 3,3 mln kishi band bo‘lgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, xususiy sektordagi ish beruvchilar uchun mehnat qonunchiligidagi talablarni soddalashtirish va amaliy yechimlar berish muhim ahamiyatga ega.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 25-moddasida ish beruvchining 19 ta majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Qonunchilikdagi murakkablik va tomonlarning uni to‘g‘ri tushunmasligi xususiy sektordagi ish beruvchilar uchun muammolar tug‘dirmoqda. Bu murakkabliklarni bartaraf etish uchun qonunchilikda belgilangan ish beruvchining majburiyatlarini xususiy sektordagi ish beruvchilar manfaatlari yo‘lida soddalashtirish lozim.

Xususiy sektordagi ko‘pgina ish beruvchilar mehnat qonunchiligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega emas. Bu ba’zi holatlarda qonun buzilishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘pincha, xususiy sektordagi ish beruvchilar xodimlarni ishga qabul qilish yoki ularni ishdan bo‘shatishda qonunchilikda belgilangan qiyin talablarga duch kelishadi. Bu jarayonni soddalashtirish xususiy sektor faoliyatini qonun talablari asosida osonlashtiradi. Xususiy sektordagi kichik va o‘rta korxonalar uchun mehnat xavfsizligi talablari murakkab bo‘lib, uni bajarish ko‘p mablag‘ talab qiladi. Xavfsizlik standartlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni soddalashtirish, ayniqsa, kichik korxonalar uchun qonuniy va ijtimoiy jihatdan manfaatli bo‘lgan bo‘lar edi.

Mehnat qonunchiligidagi ortiqcha va murakkab talablarni soddalashtirish, ularni zamonaviy biznes muhitiga moslashtirish muhim ahamiyatga ega. Xususiy sektorda mehnat munosabatlarini soddalashtirish uchun elektron platforma va tizimlarni ishlab chiqish zarur. Masalan, mehnat shartnomalarini elektron shaklda yuritish, ish haqini to‘lash tizimlarini avtomatlashtirish, ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi hisobotlarni raqamlashtirish lozim.

Xulosa o‘rnida qayd etish kerakki, xususiy sektordagi ish beruvchilarni mehnat qonunchiligidagi xodim oldidagi majburiyatlarini soddalashtirish ham ish beruvchilar, ham xodimlar uchun foydalidir. Mehnat qonunchiligining aniq va tushunarli bo‘lishi xususiy sektorning rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?