Qaror ijrosi amalda...

30.11.2021, 12:23

Qaror ijrosi amalda...

Baliqchi tumanidagi “Ko‘l bo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun bino zarur. MFY mas’ullari xali u yoqda, xali bu yoqda sarson bo‘laverib charchaganlari haqiqat. Yaxshiki, me’yoriy hujjatlar amalda...

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 fevraldagi “Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmualarini tashkil etish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi sifatida ushbu mahalla fuqarolar yig‘iniga hudud tadbirkorlari bilan hamkorlikda davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy inshoot qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Tohirjon Ahmadaliyevning mazkur Qaror ijrosining Baliqchi tumanida ta’minlanishi yuzasidan o‘rganish ishlari ayni MFYdan boshlandi. Ijroning amalda ekanligining isboti fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organi majmuasi bilan tanishuvda namoyon bo‘ldi.

Navbatdagi manzil tumanning “Sherobod” mahallasi bo‘ldi. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi homiylik asosida qurib berilgani suhbatlar davomida yaqqol aks etdi. Ayni vaqtda MFY mutasaddilari zamonaviy qulay binoda faoliyat olib bormoqdalar.

Tumanning “Sirmoq” mahallasi ahli ham MFY binosiga zarurat borligi xususida ko‘p bora tegishli mutasaddilarga murojaat qilganlar. Joriy yilda esa ularning murojaatlariga yechim sifatida yangi shinam bino foydalanishga topshirildi. Yakka tartibdagi tadbirkor Saidaxon Soliyeva tashabbusi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida MFY binosi qurib bitkazildi.

Deputat T. Ahmadaliyevning qaror ijrosining ta’minlanishi yuzasidan o‘rganish ishlari davomida saylovchilarning qator muammolari ham o‘z o‘rnida bartaraf etilgani quvonchli. Jumladan, “Qiyali” mahallasidagi 36-umumta’lim maktabi katta avtoyo‘lda joylashgan. Andijon-Namangan magistral yo‘lida, achinarlisi, maktab uchun eng zaruri bo‘lgan svetafor yo‘q! Deputat masalani o‘rganarkan, bu shunchaki murojaat emas, hayot xavfsizligi uchun muhim mezon ekanini teran his qildi. Tegishli mutasaddilar hamkorligida masala yechimini topdi. O’rnatilgan svetafor endilikda ayanchli avtohalokatlarning, ota-onalar xavotirining oldini olishga xizmat qiladi.

Zilola Rahmonova,

jurnalist

  • Ko'rildi
    289
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+