Muhim va ustuvor vazifalar belgilab olindi

31.01.2024, 17:53

Muhim va ustuvor vazifalar belgilab olindi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolari, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqadigan partiya va fraksiya oldidagi vazifalar ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, aholiga munosib sharoitlar yaratish, hayot sifatini taminlash maqsadida bu sohalarda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O’tgan yili hududlarda mingdan ortiq infratuzilma inshooti, 2 mingga yaqin ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi. Avtomobil yo‘llari, suv va issiqlik tarmoqlari qurildi. Transport xizmati uchun yangi avtobus va samolyotlar olib kelindi.

Shu bilan birga, qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilish va sifatini ta’minlash borasida kamchiliklar ko‘p. Ichimlik suvi tannarxi va tarmoqlardagi yo‘qotishlar kamaymagan. Fuqaro aviatsiyasida mahalliy reyslar talabga nisbatan 2-3 barobar kam. Temir yo‘lda yuk tashishga ko‘p vaqt ketmoqda. Toshkent shahrida tirbandlik muammosi haligacha hal bo‘lgani yo‘q. Havo ifloslanishining oldini olish bo‘yicha choralar yetarli emas.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish avvalida shu kabi kamchiliklarning sabablari ko‘rib chiqildi. Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan bir qator rahbarlarga intizomiy choralar qo‘llandi, kelgusida ushbu muammolarni oldini olish, tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi, yo‘l haritalari belgilab olindi.

Fraksiya a’zolari kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda barcha fraksiya a’zolari, joylardagi mahalliy kengashlar deputatlari, partiya faollari oldiga ham katta mas’uliyat yuklashi, joylarda kuchli jamoatchilik, parlament nazorati tadbirlarini olib borish muhimligini ta’kidladilar.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha belgilab bergan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan partiya va fraksiyaning uzoq muddatli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan keyingi masala — “O’zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi bo‘ldi.

Davlat dasturi loyihasida “O’zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi kesimida 2024 yil uchun amaliy chora-tadbirlar (295 ta) va normativ-huquqiy hujjatlar (117 ta) ro‘yxatlari belgilanmoqda.

Dastur loyihasida xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish standartlarini keng joriy qilish hamda xalq manfaatlariga yo‘naltirilgan boshqaruvni yanada takomillashtirish kabi maqsadlar ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, partiyaning hududiy kengashlari, mahalliy kengashlar deputatlari va barcha faollari Davlat dasturi loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflari, tavsiyalarini berish bilan birga, bu jarayonga faol va tashabbuskor ishtirok etishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    81
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+