Byudjet mablag‘lari hisobidan ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik lozim

25.04.2024, 11:46

Byudjet mablag‘lari hisobidan ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik lozim

Davlat tashkilotlari byudjet mablag‘larini ishlatishda ko‘plab ortiqcha xarajatlar qilishayotgani turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xabaringiz bor, bir qator tashkilotlar qimmatbaho avtomobillar xarid qilib, bunga byudjet mablag‘ini sarf qilgani haqida yozib, ularni ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan edik. Endi bo‘lsa, ba’zi davlat tashkilotlari davlat hisobidan qimmatbaho mobil telefonlari xarid qilishayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi.

E’tibor qarating, Samarqand viloyati prokuraturasi 445 mln. so‘mga 22 dona iPhone 14 Pro Max smartfonlarini xarid qilibdi. Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi Toshkent viloyati bo‘limi 51 mln so‘mga ikkita iPhone 15 Pro Max sotib olgan. Yana bir qator davlat tashkilotlari xususan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani tibbiyot birlashmasi – iPhone 14 Pro Max, 14,4 mln.so'mga, Qashqadaryo viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasi – 24,7 mln. so‘mga ikkita Galaxy S23 Ultra smartfoni, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) – 5 ta iPhone 14 Pro 69,7 mln. so‘mga, Kinematografiya agentligi – 10 mln. so‘mga bitta Galaxy S22 Ultra, 19,8 mln. so‘mga ikkita Galaxy S22 Ultra va 15,8 mln. so‘mga bitta iPhone 15 Pro, Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti (Surxondaryo) – 30,66 mln. so‘mga ikkita iPhone 15 Pro Max xarid qilganini nima bilan izohlash mumkin.

Gap byudjet mablag‘laridan belgilangan tartib asosida foydalanish haqida ketar ekan, bu mablag‘ xalqniki ekanini yoddan chiqarmaslik kerak. Byudjet mablag‘ini bunday holatda sarflashga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xalq vakili sifatida, byudjetdan mablag‘ oluvchi vazirlik, idora va tashkilotlarni byudjet mablag‘larini sarflashda tejamkorlikka amal qilishlari, ortiqcha hashamat va sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz.

Nodir ABDUVALIYЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati, 
O‘zLiDeP Fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    33
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+