O’zLiDeP qoshida Faxriylar Kengashi tuzildi

11.01.2022, 12:27

O’zLiDeP qoshida Faxriylar Kengashi tuzildi

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qoshida Faxriylar Kengashini tuzish hamda uning tarkibini tasdiqlash masalasi muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, o‘z saflariga 1 milliondan ortiq maslakdoshlarini biriktirgan partiyaning xalq orasida obro‘ e’tibor qozonishida, mavqei mustahkamlanib borayotganida faxriylarning hissasi katta. Albatta, shu paytgacha O’zLiDeP o‘z ish faoliyatida ko‘pni ko‘rgan, tajribali, yoshi ulug‘ insonlar maslahatlariga doimiy ravishda tayanib kelmoqda. Partiya xodimlarda ishga bo‘lgan mas’uliyat va ko‘nikmalarni shakllantirish, kasbga sadoqat ruhini singdirish kabi zarur maslahatlarni berishda faxriylarni o‘rni beqiyos.

Ana shulardan kelib chiqib, O’zLiDeP huzurida Faxriylar kengashini tuzishga qaror qilindi. O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2021 yil 7 dekabrdagi yig‘ilishi qarori bilan 13-18 dekabr kunlari tuman va shahar partiya tashkilotlarining, 20-25 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlari Faxriylar kengashining ta’sis yig‘ilishlari o‘tkazildi. Jami 207 ta tuman (shahar)da 1863 nafar, 14 ta hududiy partiya tashkilotlarida 210 nafar faxriylar kengashlari a’zolari tasdiqlandi.

Bugungi bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qoshida 25 nafar a’zodan iborat Faxriylar kengashi Respublika Jamoatchilik Kengashi tarkibi tasdiqlab olindi.

Ushbu tuzilma partiyamiz mafkuraviy va siyosiy faoliyatini mustahkamlash, partiya faxriylarining ijtimoiy faolligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga partiya pozitsiyasidan kelib chiqib takliflarni tayyorlash, partiya kengashlari tomonidan o‘tkazilayotgan ommaviy-siyosiy, madaniy tadbirlarni o‘tkazish va partiya faoliyatiga taalluqli boshqa ko‘plab ishlar amalga oshirilishiga ko‘maklashadi.

Yig‘ilishda O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qoshidagi Faxriylar kengashi raisiligiga Siyosiy Kengash a’zosi, O’zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev nomzodi tavsiya etildi va bir ovozdan ma’qullandi.

Yig‘ilishda Faxriylar Kengashining aniq vazifalari aytib o‘tildi va joriy yildagi ish-rejasi tasdiqlab olindi. Shuningdek, Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda ushbu tuzilmadan ham katta mas’uliyat va tashabbuskorlik talab qilinishi ta’kidlab o‘tildi. Prezidentimizning “Yangi O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasiga faxriylar kengashi a’zolari tomonidan ham takliflar bildirib o‘tildi.

Ishonchimiz komilki, ushbu tuzilgan Faxriylar kengashi partiyamiz nufuzi yanada yuksalishi, faoliyati takomillashuvi va qamrovi kengayishi, o‘tkazayotgan turli tadbirlarimiz, loyihalarimiz saviyasi va eng asosiysi hayotiyligini yanada  yaxshilanishiga munosib hissa qo‘shadi.

  • Ko'rildi
    425
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+