Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson sog‘lig‘i bilan bog‘liq normalar yana-da ko‘payib, takomillashtirildi

30.04.2024, 16:15

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson sog‘lig‘i bilan bog‘liq normalar yana-da ko‘payib, takomillashtirildi

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida, avvalo, xalqimiz salomatligini muhofaza qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan, desak, ayni haqiqat.

Keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati hamda samaradorligini oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, sohaga yangi boshqaruv usullarini, zamonaviy texnologiya hamda davolash usullarini keng joriy qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda, tabiiyki, sohaga oid huquqiy hujjatlar muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Huquqiy asos haqida gap ketganda shuni alohida taʼkidlash kerakki, bundan roppa-rosa bir yil oldin, yaʼni 2023 yil 30 aprel kuni yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz referendum asosida qabul qilingan edi. Ushbu Bosh qomusimida inson sog‘lig‘i bilan bog‘liq normalar yana-da ko‘payib, takomillashtirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 48-moddasida “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, deya qatʼiy mustahkamlab qo‘yilgan. Qolaversa, mamlakatimiz fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi ham belgilanganki, bu aholi o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirishga katta hissa qo‘shyapti.

Shu o‘rinda ushbu raqamga eʼtibor qaratsak, 2017 — 2023 yillarda davlat byudjetidan sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilayotgan mablag‘lar qariyb 4 barobar oshdi. Qolaversa, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida faoliyat yuritayotgan davlat tasarrufidagi korxona hamda tashkilotlarning umumiy soni 2017 yildagiga nisbatan salkam 2 barobar oshib, 11 mingtadan oshdi. Faoliyat yuritayotgan davlat ambulatoriya-poliklinika muassasalari soni 2 ming 696 tani tashkil etadi. Ular bir smenada 354 ming 738 qatnov quvvatiga ega. Har 10 ming kishiga 98,5 qatnov to‘g‘ri keladi. Shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori ham ko‘paytirilganini ko‘rish mumkin.

Eng muhimi, joylarda oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik va mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilayotgani bois tibbiy xizmatlar aholiga yana-da yaqinlashdi, desak, mubolag‘a emas.

Ochig‘ini aytish kerak, avvallari murakkab operatsiyalar uchun chet elga bormay iloj bo‘lmasdi. Bu borada ham muammolar yig‘ilib qolgandi. Jumladan, yurakdagi operatsiyalar haqida ham xuddi shunday fikrni aytish mumkin. Ayniqsa, bolalardagi yurak kardiojarrohlik amaliyotlari to‘g‘risida alohida to‘xtalish joiz. Bundan 8-9 yil oldin biz yiliga 300 ta bolaning, bu kuniga bitta boladan to‘g‘ri keladi, yuragida amaliyot bajara olardik. Buyam faqat Toshkent shahrida, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilardi. Mana, bugunga kelib 2,5 mingta yurak operatsiyasini, nafaqat Toshkent shahrida, hatto viloyatlardagi tibbiyot muassasalarida ham bajarilyapti.

Yana bir masala shunda ediki, yurtimizda faqat shu vaqtga qadar bemorlarga qaysi tibbiy xizmat bepul ko‘rsatiladi, qanday dorilar tekin beriladi, degan savollar oydinlashtirilmagan edi. Keyingi yillarda bu yo‘nalishda ham talay ishlar olib borildi. Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar, tuman (shahar) markaziy shifoxonalari va tug‘uruqxonalarda ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxati belgilandi. Mazkur ro‘yxatga ko‘ra, endilikda bemorlarga jami 520 ta tashxis, 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositalari, 27 ta operativ davo hamda 76 ta tibbiy buyumlar davlat hisobidan bepul taqdim etiladi.

Tibbiy xizmatlarga kafolat bo‘lmasa, fuqarolarda ushbu sohaga bo‘lgan ishonch yuqori bo‘lmaydi. Shu maʼnoda, mamlakatimizda sohaning ushbu yo‘nalishiga ham jiddiy eʼtibor qaratilgan. Buni quyida keltirilgan fakt va misollar orqali ham anglab olish mumkin.

Qisqasi, Prezidentimiz tibbiyot xodimlariga yo‘llagan bu yilgi bayram tabrigida taʼkidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda inson qadri va manfaatlarini taʼminlashni o‘z oldimizga ezgu maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bu yo‘lda xalqimiz salomatligini mustahkamlash eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi tabiiy.

Dilbar USMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    35
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+