Bolalar nafaqasini olish uchun reyestr ma’lumotlarni nega rad qilmoqda?

25.02.2022, 17:12

Bolalar nafaqasini olish uchun reyestr ma’lumotlarni nega rad qilmoqda?

Sir emas, uch turdagi maxsus daftarlar yuritila boshlashi bilan ro‘yxatga kirganlarga har tomonlama ko‘mak berilmoqda. Xo‘sh, bu yordamlar qay tarzda amalga oshirilayapti, ro‘yxatga kirigizish, chiqarish, ularni ish bilan ta’minlash masalasiga xolis yondashilayaptimi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Faxriddin Samatov 79-Jarqo‘rg‘on saylov okrugida bo‘lib, aynan tumanda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarning bandligini ta’minlash xamda ularga ko‘rsatilgan yordamlar  yuzasidan  2021  yilda amalga oshirilgan ishlarni o‘rganishga kirishdi. O‘zLiDeP Jarqo‘rg‘on tuman Kengashi deputatlik guruhi bilan birgalikda  ushbu mavzu yuzasidan deputatlik eshituvida ishtirok etdi. Unda tumandagi aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori, Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi xamda tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish  bo‘limi boshliqlarining hisobotlari tinglandi.

Tabiiyki, mutasaddi tashkilot rahbarlarining xisobotlari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Chunki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 oktyabrdagi 654-sonli qarori asosida  tasdiqlangan Nizom asosida beriladigan kam ta’minlangan aholiga bolalar uchun nafaqa pulini tayinlanishida bir qator noroziliklar  borligi deputatlar tomonidan o‘rtaga tashlandi. Jumladan, ishsiz fuqarolarning farzandlariga bola puli nafaqasi tayinlashda maxsus dastur bazasiga kiritilayotgan  ma’lumotlar rad qilinish holatlari kuzatilmoqda.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash belgilab qo‘yilgan. Bu holatga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi oydinlik kiritishi lozim.

Bundan tashqari, eshituvda nogironligi bo‘lgan shaxslarga aravacha, tibbiy-ortopedik buyumlarning markazlashgan holda yetkazilishida ham muammolar borligi aytib o‘tildi.

Bandlik masalasi har doim muhim bo‘lgan. Bu jihatdan qaraladigan bo‘lsa, Jarqo‘rg‘on tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga joriy yilning 23 fevral kuniga qadar 2666 nafar fuqarolar ishga joylashishni so‘rab murojaat qilgan. Shundan 107 nafarigina doimiy ishlarga joylashtirilgan.

Albatta, qolganlarining taqdirini ham o‘z holiga tashlab qo‘maslik kerak. Bevosita hokim yordamchilari, deputatlar bilan birgalikda ularni o‘zini-o‘zi band qilish, kichik tardbirkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlardan foydalanishga jalb qilish lozimligi ta’kidlandi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    951
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+