Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yo‘lida

07.03.2022, 11:47

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yo‘lida

Ma’lumki, 2021 yil yozda  Shavkat Mirziyoyev va  Imron Xon O’zbekiston va Pokiston o‘rtasida strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzolashdi, shuningdek, tranzit va savdo to‘g‘risidagi hamda ishbilarmonlar va sayyohlar uchun viza tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha hukumatlararo bitimlar imzolangan edi. Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va O’zbekiston-Pokiston biznes forumida yakunlari bo‘yicha 500 mln dollarlik  shartnomalar imzolangan edi. Ushbu hujjatlar ikki mamlakat munosabatlari tarixidagi muhim qadamning  ifodasi bo‘ldi.

O’shanda imzolangan kelishuvlar savdo-iqtisodiyot sohasida hali foydalanilmagan katta salohiyat va ikki tomonlama savdo hajmini oshirish imkoniyatlarini yanada  ko‘proq ro‘yobga chiqargan holda, joriy yildan boshlab amalga oshirila boshlanganini alohida ta’kidlaymiz. Bularning barchasi so‘nggi yillarda O’zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Xususan, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida muntazam aloqalar  yo‘lga qo‘yildi.

So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi besh barobar ko‘paydi.  Pandemiyaga qaramay, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi  50 foizga oshib, 500 million dollarga yaqinlashdi.

Ushbu barcha ijobiy  tendensiyalar joriy yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga uyushtirgan davlat tashrifi chog‘ida ham  o‘z ifodasini  topdi. Tashrif davomida davlatlar rahbarlari tor doirada hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan tartibda muzokaralar olib borishdi. Muzokaralarda ko‘p rejali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, bunda  siyosiy, savdo-iqtisodiy, investivsiyaviy, transport-logistika, turizm, madaniyat  sohalariga ustuvor ahamiyat berildi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha Islomobodda ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, O’zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklikning navbatdagi qadamlari to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya  imzolandi.

O’zbekiston va Pokiston multimodal transport, yuk va havo tashuvlari bo‘yicha hamkorlikni rejalashtirayotgani alohida e’tiborga loyiqdir.  Muntazam yuk tashuvlari uchun asos yaratgan Tranzit va savdo bitimi joriy yil boshidan kuchga kirdi.

Shuningdek, “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li mavzusi ham chetda qolmadi. Tadbirkorlarning fikricha, bu yo‘lning qurilishi amaliyotda Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydi, O’zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo‘lak yaratiladi. Shu o‘rinda Shavkat Mirziyoyevning “bu temir yo‘l mintaqalarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuboradi” degan so‘zlarini keltirish o‘rinlidir.

O’zbekiston va Pokiston mintaqalar darajasida ham hamkorlik qilishni rejalashtirmoqdalar. Namangan viloyati ishbilarmon doira vakillari tomonidan Panjob muzofotida  ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.  Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi va boshqa hududlarda ham ana shunday samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi. Ziyorat turizmi ham rivojlanadi.  Ziyoratlarni tizimli tashkil etish maqsadida qo‘shma guruh tuzish, ikki mamlakat Turizm vazirliklarining vakolatxonalarini ochish taklifi  qiziqish uyg‘otadi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha ilm-fan, ekologiya, oliy ta’lim, san’at, kino, sport sohalarida hamkorlik qilish rejalashtirilgan.

Xususan, vazirlik va idoralar o‘rtasida qariyb 10 ga yaqin hujjat, jumladan, imtiyozli savdo bitimi,  atrof-muhitni muhofaza qilish,  ziyorat turizmi, temir yo‘llar sohasida hamkorlik qilish,  Surxondaryo viloyati va Xayber-Paxtunxva provinsiyasi o‘rtasida, Toshkent shahri va Islomobod shahri o‘rtasidagi  shartnomalar qabul qilindi.  

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazganini alohida ta’kidlaymiz. Tadbirda «Nishat Grupp», «Getz Farma», «Piramid Lojistiks», «Ejaz Grup», «AKD Grup», «Vax Nobel Grupp», «Najib Fayber», «Sapfir Grup» kabi ko‘plab kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Ushbu shirkatlarning umumiy aktivlari 40 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi. 

Bunday qiziqish mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilish, biznes rivojini cheklaydigan to‘siqlarni bartaraf etish hamda horijiy biznes  ishtirokini kengaytirish  borasidagi islohotlar doirasidagi  yutuqlarning ko‘zgusidir.

Natijada, 800 million dollarlik  savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi, sanoat kooperatsiyasi dasturi hamda  tovar ayirboshlashni kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bizningcha, O’zbekiston Prezidentining Pokistonga uyushtirgan davlat tashrifi muhim ahamiyat kasb etadi, chunki u o‘zaro hamkorlikni yanada  chuqurlashtirishga kuchli turtki bo‘ladi, deb hisoblaymiz.

Bu ayniqsa, 2022 yilda mamlakatlarimiz muhim sana – diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaydigan davrda yanada muhimdir. Bugungi kunda bu munosabatlar siyosiy muloqot va hamkorlikning yuksak darajasiga ko‘tarildi.

Aktam XAITOV

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi  raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

partiya fraksyaisi rahbari.

  • Ko'rildi
    314
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+