Termizdagi xonadonlarga issiqxona qurib berishda ko‘maklashiladi

15.03.2022, 16:15

Termizdagi xonadonlarga issiqxona qurib berishda ko‘maklashiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov Surxondaryo viloyatida bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlari, aholi tomorqalari, mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

Partiya yetakchisi dastlab Termiz tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida hokim yordamchisi bilan uchrashdi.

Hokim yordamchisi tomonidan ayni paytda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday amaliy ishlarga qo‘l urayotgani, aholiga qanday yordam ko‘rsatilayotgani bilan qiziqdi.

Mazkur mahallada ham issiqxonada poliz mahsulotlari yetishtirish an’anasi bor. Jumladan, pomidor, bodring, bulg‘or qalampirini yetishtirishda tajriba to‘plangan. A.Xaitov mahalladagi Eshdavlat Usmonov va uning o‘g‘li Xolmo‘minlarning xonadonida ham bo‘ldi.

Xonadon tomorqasida yetishtirilayotgan sarimsoq piyoz, issiqxonada parvarish qilinayotgan pomidor ekinini ko‘zdan kechirdi. Ayni paytda xonadon egalari bulg‘or qalampirini ekish ishlari bilan mashg‘ulligi bois, A.Xaitov ham bu jarayonda qatnashdi. Shu bilan birga, ekinlarni parvarish qilish jarayonida zarur bo‘lgan tavsiyalarni ham berib o‘tdi. 

Muhiddin Eshtemirov mahallasida yashovchi Gavhar Quvondiqovaning 5 sotixli issiqxonasida bulg‘or qalampiri ekilgan. A.Xaitov xonadon vakili bilan suhbatlashar ekan, daromadni yanada ko‘paytirish lozimligini uqtirdi. Shu maqsadda endilikda G.Quvondiqovaga qo‘shimcha yer ajratilishiga ko‘maklashiladigan bo‘ldi.

Ro‘ziboy Siddiqov esa tomorqasida kartoshka, poliz ekinlarining boshqa turlari bilan birga bog‘ ko‘chatlarini ham parvarish qiladi. Spiker o‘rinbosari fuqaroning ushbu ko‘chatlar va ekinlardan qancha daromad topayotgani bilan qiziqdi. Suhbat davomida R.Siddiqovga issiqxona qurib, daromadni yanada ko‘paytirishi bo‘yicha taklif kiritildi. Endilikda unga issiqxona qurilishiga yaqindan yordam beriladi.

  • Ko'rildi
    586
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+