Dabdaba bizni dabdala qilmayaptimi?

Dabdaba bizni dabdala qilmayaptimi?

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi va “Nuroniy” jamg‘armasi hamkorligida to‘ylar, oilaviy tantanalar va boshqa marosimlarni ortiqcha sarf-xarajatsiz va dabdabasiz o‘tkazish bo‘yicha xalqimizga faollar murojaati qabul qilingan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham bu og‘riqli muammoga munosabat bildirib, zo‘rma-zo‘raki odatlar ortidan oilalarda juda katta g‘am-tashvishlar kelib chiqayotgani, o‘tkinchi hoyu-havaslarni deb odamlar huzur-halovatini yo‘qotayotganini, bu esa alaloqibat xalqqa jabr bo‘layotganini alohida ta’kid­lab o‘tgani ham bejiz emas.

Haqiqatan, mamlakatimizda inson manfaatlari va turmush farovonligini ta’minlash, odamlarning hayot darajasini yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va yosh oilalarni moddiy-ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin o‘z oyog‘imizga bolta uradigan, ortiqcha chiranib, oila iqtisodini barbod etayotgan urf-odatlar ham talaygina. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmud­xo‘ja Behbudiy bundan bir asrcha avvalroq millatimiz taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan ikki narsa bor: bu – to‘y va azadir, deya kuyinib yozgan edi.

Bugun to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar ortida shuhratparastlik, atrofda yashayotganlarning holini bilmaslik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik, ko‘proq odamni jalb etish singari illatlar bo‘y ko‘rsatmoqdaki, buni oqlab bo‘lmaydi.

Ilgaridan xalqimiz to‘y orqali birlashgan, jipslashgan. Elda o‘zaro ahillik va mehr-muruvvat tuyg‘ulari shu tushunchalar zamirida shakllana borgan. Millatning mingyillik madaniyati, urf-odati va mentaliteti ifodasi – to‘y ekani rost. Lekin dolzarb masala – to‘ylar dabdabasi ortidan yupun kishilarning moddiy jihatdan dabdalasi chiqayotgani ham hech kimga sir emas.

– Afsuski, yillar davomida milliy taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan ushbu illatga barham berish, to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish bir chetda qolib, ming turli kerakli-keraksiz tadbirlarni o‘ylab topish, dabdababoz­lik, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish singari tushunchalar tobora kuchayib bormoqda, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov. – Pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar, ayniqsa, bosar-tusarini bilmayotgan ba’zi mansabdorlar bu borada axloq-odob mezonlarini unutib, o‘zlarining jamiyatdagi mavqeini, boyligini ko‘rsatish ilinjida kamtarlikni unutib qo‘ymoqda. To‘y-ma’rakalar ortidan ortiqcha sarf-xarajatlar ming­lab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuvi, qarz va g‘am-tashvish botqog‘iga botishiga, eng achinarlisi, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhit buzilishiga omil bo‘lmoqda.

Do‘ppini boshdan olib, chuqur o‘ylab ko‘raylik. Bu ortiqcha dabdababozliklar yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, halol mehnatga nisbatan bepisand munosabat va yengil-elpi hayot kechirishga o‘chlikni paydo qilmayaptimikan?

– To‘y masalasi ham moddiy, ham ma’naviy muammoni keltirib chiqarmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Shuhrat Usmonov. – Borga qiyin emas, yaxshi dasturxon yozadi, yo‘q esa qarz ko‘taradi, cho‘ziladi, uziladi. Belgilangan me’yorda to‘y o‘tkazilsa, hamma uchun maqsadga muvofiq. Ko‘pincha biz ushbu harakatlarni orzu-havas bilan bog‘laymiz. Lekin har narsaning chegarasi bor. Ertalabdan kechgacha mehmon kutish oila iqtisodiga qancha zarar yetkazadi. Bechora to‘y egasi yillab qozonini suvga tashlab qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. Darhaqiqat, Qur’oni karimda: “Yenglar, ichinglar, lekin isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymanglar. Zero, Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmagay”, deb buyurilgan. Endi e’tibor beraylik, to‘yxonada qancha mahsulot isrof bo‘ladi. Noz-ne’matlarni beva-bechoralarga berish o‘rniga axlat qutilarga uloqtirish holatlari ko‘plab uchramoqda. Aslida, butun umr yiqqan-tergan mablag‘ni havoga sovurish, noz-ne’matni isrof qilish katta gunoh emasmi?

– “Odamlar nima derkin”, degan tushuncha bugun eskirgandek, nazarimda, – deydi pedagogika fanlar doktori Muhammadjon Quronov. – Odamlar nima deyishi qiziqtirmay qo‘ydi ko‘pchilikni. Shu bois to‘yda mentalitetimizga yot odatlar ko‘payib ketdi. Buning oldini olmasak, ertaga yana urchib ketaveradi. To‘ylarni ixcham, kamxarj, zamonaviy qilib o‘tkazish bo‘yicha me’yorlarni ishlab chiqish fursati yetdi.

Darhaqiqat, murojaatnomada ta’kidlanganidek, “To‘y va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masaladir. Xalqimizning milliy tabiatiga mutlaqo yarashmaydigan, oilalarning moddiy ahvolini og‘irlashtiradigan, turmushini izdan chiqaradigan bunday bema’ni holatlarga barham berishni bugun hayotning o‘zi talab qilmoqda”.

Oddiy haqiqat shu: ortiqcha vaqt, mablag‘ va imkoniyatni boy berib o‘tkinchi orzu-havaslarga berilish hech qachon naf keltirmagan, shundan ehtiyot bo‘laylik!

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1848
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+