Hokimliklar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish taklif etilmoqda

13.07.2022, 17:01

Hokimliklar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish taklif etilmoqda

Biz el-yurt tashvishi bilan yashaydigan xalqchil davlat barpo etishni ko‘zlaganmiz. Bu shuni anglatadiki, davlat, uning organlari va mansabdor shaxslari xalq uchun ishlaydi, unga xizmat qiladi. Davlat hokimiyati ustidan xalq nazorati o‘rnatiladi. Shu maqsadda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni, mazkur organlarning ixcham va tejamkor bo‘lishini ta’minlash yuzasidan qoidalar kiritilmoqda.

Shuningdek, hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash uchun Oliy Majlisning vakolatlari kengaytirilmoqda. Mahalliy kengashlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari kengayishi evaziga hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoida Konstitutsiyadan chiqarib tashlanmoqda. Bu o‘zgarishlar hokimiyat vakolatlarini bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga olib keladi. Hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Uzun tumanidagi 18-maktabda O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi deputati Alisher Ro‘ziyev tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi shu kabi o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. Unda «Tojikobod» hamda Xatib Qahramon mahallalari fuqarolari ishtirok etishdi. Tadbirda qonun loyihasidagi boshqa o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati ham batafsil tushuntirildi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    286
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+