Ishsizlikdan tadbirkorlikkacha – xotin-qizlarimiz qo‘llab-quvvatlanadi

29.07.2022, 12:16

Ishsizlikdan tadbirkorlikkacha – xotin-qizlarimiz qo‘llab-quvvatlanadi

Xabaringiz bor, mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan ish beruvchilar uchun subsidiyalar ajratilishi haqida aytilgandi. Endilikda ushbu jarayon joriy yil 22 iyuldagi «Xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida aniq va ravshaan qilib belgilab qo‘yildi. Ya’ni Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi huzuridagi Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi tomonidan 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda subsidiya ajratiladigan bo‘ldi.

Qarorda yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlikka o‘qitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlarining elektron reyestriga kiritilgan nodavlat ta’lim tashkilotlari, professional ta’lim muassasalari hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining kasb-hunarga o‘rgatuvchi o‘quv kurslariga yo‘naltirilgan yoshlar va xotin-qizlar uchun Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan uch tomonlama shartnoma asosida o‘quv kurslari qiymatining 70 foizi, biroq 1 million so‘mdan oshmagan qismi kompensatsiya qilib berilishi ham qayd etilgan.

Oliy maktab tomonidan o‘qitish ishlari esa “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlar uchun to‘liq bepul amalga oshiriladi. Shu bilan birga, nodavlat ta’lim tashkilotlari, professional ta’lim muassasalari hamda Oliy maktabning kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kurslarini yakunlagan ishsiz xotin-qizlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtiriladi. O’qishni tamomlagach, tadbirkorlik sub’ekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishidan boshlab, o‘z faoliyatini mustaqil olib borishiga qadar bo‘lgan jarayonda hokim yordamchilari tomonidan tizimli ravishda amaliy yordam ko‘rsatib boriladi. Albatta, bu ishsiz, daromadsiz ayollarimizning to oyoqqa turib olguniga qadar bo‘lgan jarayonda to‘laqonli ravishda qo‘llab-quvvatlov olishini bildiradi. Ya’ni, o‘qigan endi yarim yo‘lda  o‘lda-jo‘lda qolib ketmaydi.

Yana bundan keyin “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar, birinchi navbatda, xotin-qizlarga hokim yordamchisi tavsiyasi asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarining “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan nodavlat ta’lim tashkilotlari va professional ta’lim muassasalarining o‘quv kursi qiymatining qolgan 30 foiz qismi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hududiy boshqarmasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi, tegishliligi bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlari yoki professional ta’lim muassasalari va fuqaro o‘rtasida shartnomaga muvofiq oldindan to‘lash orqali qoplab berish tartibi ham o‘rnatiladi.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasideputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    604
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+