Tilga e’tibor – elga e’tibor

21.10.2022, 16:15

Tilga e’tibor – elga e’tibor

Bugun ertalab, qo‘llariga guldastalar ko‘tarib, Ona tili kuni bayrami munosabati bilan ta’lim maskanlarida tashkil etilayotgan tantanalarga oshiqayotgan baxtiyor avlod vakillarini ko‘rib, ularga havasim keldi. Yangi O’zbekistonning muhim sana va bayramlari ro‘yxatiga shunday kunning ulkan tantana sifatida kiritlganida ko‘p hikmat borligiga amin bo‘ldim.

Mutaxassislarning hisob kitoblariga ko‘ra, dunyoda taxminan     5621 ta til va sheva bor bo‘lib, hozirgacha ulardan 500 tasigina o‘rganilgan xolos. Har uch tildan bittasining yozuvi bo‘lmay, faqat og‘zaki nutq shakliga egadir. Jahondagi 1400 ta tilning yo‘qolib ketish xavfi bor. Dunyo tillaridan faqat 40 tasigina og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllanib bo‘lgan, deb hisoblanadi. O’sha 40 tilning orasida o‘zbek tili ham bor.

Go‘zal va boy tilimiz inson ko‘ngilidan kechgan har qanday  tuyg‘uni, hayoldan o‘tgan har qanday murakkab fikrni o‘zagalarga yetkazib bera oladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O’zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan O’zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, “...Odamzod qalbidagi jamiki olijanob fazilatlar ona tilining betakror mo‘‘jizasi, sehri va jozibasi bilan kamolga yetadi.

Xalqimiz tafakkurining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir”.

Tabrikda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini yuksaltirish borasida asrlarga ta’tigulik ishlar amalga oshirildi. Ushbu yo‘nalishda 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va alohida dastur hayotga joriy etilayotgani, yaqinda qabul qilingan tegishli qonunlarga asosan reklama va targ‘ibot materiallarini davlat tilida e’lon qilish tartiblari hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda o‘zbek tilini bilish darajasi bo‘yicha aniq talablar belgilanganini, Vazirlar Mahkamasi tarkibida Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining faoliyati yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim.

Qolaversa, qisqa vaqt ichida besh jildlik “O’zbek tilining izohli lug‘ati”, o‘ndan ortiq sohaga oid atamalar lug‘atlari, o‘ttiz jildlik “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” tadqiqotlar majmuasi yaratildi.

Shu kunlarda ona tilimizda “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli yuz jildlik muhtasham to‘plam nashrdan chiqayotgani, faol va iste’dodli yoshlarimizning sa’y-harakatlari bilan internet tarmog‘idagi o‘zbekcha ma’lumotlar elektron bazasi boyitib borilayotgani quvonarli hol, albatta.

O’zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining sara namunalari xorijiy tillarga tarjima qilinib, chet ellik kitobxonlarning ham e’tiborini qozonmoqda. Iste’dodli olim va ijodkorlarimiz qalamiga mansub ilmiy va badiiy asarlar nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda.

Ayniqsa, xorijiy davlatlar o‘quvchilari o‘rtasida O’zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani ham ona tilimizni keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ayni paytda, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlarning tili, madaniyati va qadriyatlarini asrab-avaylash hamda rivojlantirishga ham muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Prezidentimiz bayram tadbirigida kelgusida, mazkur sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, Yangi O’zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar jarayonida o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirish, yoshlarimizning dunyoqarashi, odob-axloqi va nutq madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, ayniqsa, turli elektron vositalar orqali tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdidlarga qarshi ma’rifat va ilm bilan samarali kurash olib borish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining tilini o‘zbekchalashtirish, butunjahon internet tarmog‘idagi milliy segmentni yanada boyitish, o‘zbek va xorijiy tillar bo‘yicha lug‘at va so‘zlashgichlarning yangi avlodini yaratish kechiktirib bo‘lmas vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Shuningdek, jahon taraqqiyoti yutuqlari va qimmatli manbalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish orqali ona tilimizni ilm-fan va innovatsiyalar tili sifatida rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishimiz zarur.

Agar e’tibor berib qaralsa, bu vazifalarning barchasi partiyamiz Saylovoldi dasturidagi maqsad va vazifalar bilan hamohang ekaniga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Shunday ekan, deputatlarimiz, faollarimiz tomonidan tashkil etilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, uchrashuv va muloqotlarda bu borada izchil tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yish, keng jamoatchilik vakillarini, ayniqsa yoshlarni milliy o‘zligimiz va g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirishdek sharafli ishga munosib hissa qo‘shishga chorlashimiz zarur. Zero, hazrat Mir Alisher Navoiy ta’kidlaganlaridek: “Tilga e’tibor – elga e’tibordir”.

Sherzod MAMATQULOV

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

apparat rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    943
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+