Saylovoldi dasturi ijrosi: parlament nazorati va fraksiyalararo raqobat

13.04.2024, 21:48

Saylovoldi dasturi ijrosi: parlament nazorati va fraksiyalararo raqobat

Fraksiyaning qat’iy pozisiyasi,  qonun ijodkorligi jarayonidagi  faoliyatining sifatini  tubdan oshirish bilan bir qatorda, loyihalarning pishiq-puxta  bo‘lishiga, har tomonlama  o‘rganilgan holda qabul qilinishiga turtki bermoqda.

 

Kuchli parlamentarizm institutini shakllantirish O‘zLiDeP diqqat markazida

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ko‘plab davlat va jamoat institutlari, jumladan, milliy parlament ham izchil shakllandi va rivojlandi. U zamonaviy davlatchilik tizimining huquqiy asoslari  yaratilishida ham muhim rol o‘ynagani e’tiborga molik.

E’tirof etish zarurki, parlamentimiz faoliyatida mutlaqo yangi davrni, yuksalish bosqichini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasi boshlab berdi. Mazkur tarixiy ma’ruza parlamentning mamlakat hayotidagi ahamiyatini tom ma’noda oshirdi. Yurtimizni rivojlantirishning yangi siyosiy yo‘lidagi dolzarb vazifalar bajarilishida ijtimoiy hamjihatlikni ta’minlash uchun katta imkoniyatlarni vujudga keltirdi. 

Rivojlangan demokratik davlatlar tajribasi shundan dalolat beradiki, taraqqiyot sur’ati, islohotlar samarasi milliy parlamentning ijtimoiy, iqtisodiy jarayonlarda qanchalik faol ishtirok etishiga ham bog‘liq. Binobarin, partiyamiz o‘z dasturiy maqsad-vazifalarida aynan mazkur yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratyapti.

Xususan,  mamlakatimizda 2019 yili o‘tkazilgan saylov arafasida e’lon qilingan saylovoldi dasturimiz birinchi bobining birinchi qismi  aynan “Shaxs, biznes va xususiy sektorning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan professional parlament” deb nomlangan maqsad-vazifalar maj muidan iborat ekani ham bejiz emas. Unda, jumladan, “Biz uchun Yangi O‘zbekiston – kuchli parlamentarizm instituti faoliyat ko‘rsatayotgan va “Inson davlat uchun emas, davlat inson uchun” tamoyili amal qilayotgan mamlakatdir”, degan ezgu g‘oya ham o‘rin olgan. O‘zLiDeP bu xohish-istak yo‘lida  bir qancha salmoqli vazifalarni zimmasiga oldi hamda maqsadga erishish uchun qariyb besh yil davomida  sobitqadamlik bilan ish olib bordi. 

Quyida partiyamizning bu borada  bergan va’dalari, oldiga qo‘ygan maqsadlari va ularning bajarilishi to‘g‘risida ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Jamiyat manfaatini yanada kengroq ifodalash yo‘lida

 

Partiya saylovoldi dasturidan: “Parlamentarizmni  rivoj lantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalarning rolini oshirish, xalq hokimiyatini yanada kuchaytirish, (...) hokimiyat organlarining hisobdorligini va ochiqligini ta’minlash maqsadida jamoat va parlament nazorati to‘g‘risidagi qonunlarni zamon talablaridan kelib chiqib takomillashtirish kabi g‘oyalar tarafdorimiz”.

O‘tgan yillarda Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP  fraksiyasi a’zolari tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Mazkur qonunlarning takomillashtirilishi parlament vakolatlarini kengaytirish, me’yoriy-huquqiy hujjatlarning  ijrosini ta’minlashda uning roli va mavqeini oshirishga xizmat qildi.

Bir necha yil avval parlament a’zolari Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida faqatgina hukumat a’zolari, Hisob palatasi, Bosh prokuror va Markaziy bank boshqaruvi raisining axborotini eshitish huquqiga ega edi. Endilikda parlament nazorati ob’yektlari doirasi ancha kengaydi. Xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga ham parlament so‘rovini yuborish, ularning o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini parlament palatalarining majlislarida eshitish tartibi joriy qilindi.

2019 yildan e’tiboran hukumatning davlat dasturi ijrosi bo‘yicha parlament oldida har chorakda hisobot berish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi. Parlament nazoratining mazkur yangi shakli hukumatning xalq noiblari oldidagi mas’uliyatini oshirish, davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda deputatlar korpusining islohotlar jarayonida faol ishtirokini ta’minlash yo‘lidagi dadil odim bo‘ldi.

Parlament nazoratiga oid tadbirlar jarayonida tahlil etilayotgan sohani rivojlantirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda mansabdor shaxslar ishiga tanqidiy baho berishga alohida e’tibor berilayotir. Bu esa, o‘z navbatida,  mansabdor shaxslarning faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, pirovardida, fuqarolarning davlat organlari faoliyatidan rozi bo‘lishiga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda partiyamiz fraksiyasi o‘zining asosiy vazifasini, ya’ni qonun ijodkorligini amalga oshirish barobarida ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ham olib bordi. Masalan, 2021 yil davomida fraksiya tashabbusi asosida qonunlar, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek, hududlardagi o‘rganishlar davomida aniqlangan xato-kamchiliklar va muammolarni hal etishga qaratilgan 2 marotaba “parlament eshituvi”, 2 marta “hukumat soati” o‘tkazildi hamda mansabdor shaxslarga 6 ta parlament so‘rovi yuborildi.  2020 yili dolzarb masalalar yuzasidan fraksiya majlislarida 20 ta idora, tashkilot mas’ullarining  axboroti eshitildi.

Masalan, Investisiyalar va tashqi savdo, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Tashqi ishlar, Adliya vazirliklari hamda Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hokimliklarining “Erkin savdo zonalarini tashkil etish va chegaraoldi savdoni rivojlantirishning dolzarb masalalari to‘g‘risida”gi axborotlari  eshitildi. Xullas, xalq manfaatidan  kelib chiqqan holda qonunlarning ijro hokimiyati organlari tomonidan bajarilishining nazorat qilib borilishi mamlakat taraqqiyotida muhim omildir.

2020 yil 10 avgustda  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati samaradorligini oshirish, parlament tekshiruvi institutidan samarali foydalanishning huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda qonunchilik tashabbusi huquqi sub’yektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi tashabbuskorligi va mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida “Qonun ijodkorligi hamda parlament nazorati jarayonlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganini ham tilga olish joiz. 

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid  Davlat dasturining 23-bandida qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshirishning amaldagi mexanizmlari samaradorligini oshirish bayon qilingandi. Shundan kelib chiqilib, qonun ijodkorligi va parlament nazorati jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash orqali jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi tashabbuskorligini oshirish hamda parlament nazoratini birgalikda amalga oshirish borasida Oliy Majlis palatalari tomonidan kelishilgan holda qarorlar qabul qilish hamda ularning ijrosini joylarda mahalliy kengashlar deputatlari bilan birgalikda ta’minlash amaliyoti o‘rganildi va takliflar ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, dasturiy vazifalarga mos ish yuritilib, fraksiyaning partiya bilan o‘zaro aloqalari yangicha ko‘rinishda tashkil etildi. Xususan, joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga hamkorlikda yechim topish borasidagi ishlar davom ettirildi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar hamda ayollar muammolariga samarali yechim topishga qaratilgan “Bir deputat – yuz ayolga ko‘makchi”, “Ishbilarmon ayol”, “Sog‘lom oila – mustahkam oila”, “Yoshlar bilan”, “Namunali tomorqachi”, “O‘zLiDeP press-klubi”, “Yangi avlod kadrlari” kabi loyihalar hayotga tatbiq qilindi.

Ushbu loyihalar doirasida fraksiya a’zolari joylarda tashkil qilingan, partiya faollaridan iborat ishchi guruhlar bilan birgalikda respublikaning barcha hududlariga borib, 30 ming nafardan ziyod saylovchi, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, shuningdek, tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazdilar. Yoshlarga oid qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish, qonunlar mazmun-mohiyatini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish va ular ijrosini ta’minlashga navqiron avlod vakillarini  jalb qilishga qaratilgan “Parlamentda mening o‘rnim”, “Agar men deputat bo‘lsam”, “Kelajak deputatlari” kabi partiyaviy loyihalar orqali mustaqil fikrlaydigan, bilimdon minglab yigit-qiz kashf etildi.

 

Qonunning birdan-bir manbai va muallifi – xalq

 

Partiya saylovoldi dasturidan: “Qonun ijodkorligi borasidagi faoliyat sifatini tubdan oshirish, qonunchilik bazasini tizimlashtirish va qonunosti hujjatlari sonini keskin qisqartirish, qonun ijodkorligida “aqlli tartibga solish” modeli elementlari qo‘llanishi joriy etilishiga intilamiz”.

Bu yo‘nalish haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, qonun ijodkorligi faoliyati “Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart” degan ustuvor tamoyilga asoslanayotganini qayd etish lozim. Yangicha yondashuv  sharofati bilan Qonunchilik palatasi har bir me’yoriy hujjat loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozaralar makoniga, ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, haqiqiy demokratiya maktabiga aylanmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 15 martda “Tartibga solish ta’sirini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingani esa normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining “aqlli tartibga solish” mexanizmi ishlab chiqilishi, tartibga solish ta’sirini baholashning kompleks tizimi joriy etilishiga imkon yaratdi.

Turli shakllarda o‘tkazilgan partiyaviy tadbirlarda elektoratimiz vakillari qonunchilik bazasini tizimlashtirish va qonunosti hujjatlari sonini qisqartirish bo‘yicha  taklif va tavsiyalarini bildirgan edilar. Davlatimiz rahbarining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 27 sentyabrdagi farmoni bilan 498 ta hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilib,  bekor qilingani manfaatdor shaxslar uchun ayni muddao bo‘ldi.

Keyingi yillarda parlament quyi palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi ishlari ham butunlay yangi yo‘nalishda tashkil etildi, shuningdek, qonun loyihalarini qabul qilish va ko‘rib chiqishning liberal-demokratik tartib-qoidalari joriy etildi.

Masalalarni erkin muhokama qilish va jamoa bo‘lib hal etish tamoyillariga asosan har bir qonun loyihasi yoki masala siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilmasdan ilgari Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritilmasligi prinsipi ham amalda  mustahkamlandi.

Qonun ijodkorligida fraksiyalararo raqobat, muhokama, bahs-munozara va tortishuvlar sezilarli darajada kuchayganini  fraksiyamizning ham muayyan pozisiyasi inobatga olinib, bir qancha qonun loyihalari rad etilganida, tashabbuskor sub’yektga hamda qonun loyihasining qayta ishlanishi va takomillashtirilishi uchun mas’ul qo‘mitalarga qaytarilganida ham ko‘rish mumkin.

Fraksiyaning qat’iy pozisiyasi, qonun ijodkorligi jarayonidagi talabchanligi norma ijodkorligi faoliyatining sifatini tubdan oshirish bilan bir qatorda, qonun loyihalarining pishiq-puxta bo‘lishiga, har tomonlama o‘rganilgan holda qabul qilinishiga turtki bermoqda.

Shu ham diqqatga sazovorki, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’yektlarining  qonun ijodkorligi jarayonidagi mas’uliyati yanada oshirildi. Endilikda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinayotganda, qoida tariqasida, tashabbuskor sub’yekt yoki uning vakili ma’ruza bilan chiqishi belgilandi. Natijada qonun loyihasining birinchi o‘qish jarayonidagi muhokamasi tom ma’noda jonlandi.

Boshqa partiyalar vakillari kabi quyi palatadagi deputatlarimiz qonun loyihalarini qabul qilishning barcha bosqichlarida partiyamiz saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar mazmuniga va elektorat manfaatlariga muvofiqligi, jamiyat va davlat manfaatlari mutanosibligi yetarli darajada ifoda etilganligi nuqtai nazaridan keng muhokamalar asosida ko‘rib chiqmoqda.

Me’yoriy-huquqiy hujjatlar normalarining xalqchilligini ta’minlash  maqsadida  fraksiyalarning qonun ijodkorligi faoliyatida yangi amaliyot – “elektorat bilan maslahatlashuv” instituti ham  izchil amalga tatbiq qilinyapti. O‘tgan davrda palataga kelib tushgan bir qancha qonun loyihalari fraksiyalar tomonidan jamoatchilik ishtirokida keng muhokama etildi. Ushbu amaliyot dasturimizdan o‘rin olgan  vazifalarning ro‘yobga chiqayotganini bildiradi. Shuning dek, mazkur sa’y-harakatlar Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi sohasidagi ishlarini butunlay yangi yo‘nalishda tashkil etishda hamda  qonun loyihalarini qabul qilish va ko‘rib chiqishning demokratik tartib-qoidalarini joriy qilishda fraksiyalarning o‘rni va rolini sezilarli darajada oshirdi.

Shu o‘rinda aholi bilan yaqindan muloqot qilish, odamlarni tashvishlantirayotgan nuqson-kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishda xalq vakillari sa’y-harakatlari katta ahamiyat kasb etayotganiga to‘xtalib o‘tish joiz. 7-8 yil burun deputatlar o‘z saylovchilari bilan yilda bir-ikki bora muloqot qilgan bo‘lsa, hozirda quyi palatadagi xalq noiblari har oyning oxirgi haftasini o‘z saylov okrugida o‘tkazmoqda. Misol uchun, 2021 yilda fraksiyamiz a’zolari hududlarda 19 marotaba nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazdilar. Qonunlarning ijro etilishi, joylardagi muammolar, shuningdek, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi atroflicha o‘rganildi. Bu jarayonda fuqarolar bilan 2 ming 243 marotaba bevosita uchrashuv o‘tkazildi, 3 ming 242 ta xonadonga kirildi hamda 966 ta tadbirkorlik sub’yekti sohiblari, xodimlari bilan muloqot uyushtirildi. O‘rganishlar natijasida tizimli muammolar yechimiga qaratilgan 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Axborot maydonida ham fraksiyamiz a’zolarining faolligi sezilarli darajada oshganini ta’kidlash kerak. Deputatlar ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifalarini ochib, o‘z faoliyati haqida saylovchilarni xabardor etyaptilar, ayni vaqtda dolzarb masalalar bo‘yicha jamoatchilik bilan faol muloqot olib borishmoqda.

 

Aralash saylov tizimi  demokratik islohotlarni   jadallashtiradi

 

Partiya saylovoldi dasturidan: “Biz...  saylovlarning proporsional tizimiga o‘tish (...) kabi g‘oyalar tarafdorimiz”.

Hozirgi kunda yurtimizda saylov jarayonlari majoritar tartibda o‘tkazilib, Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu saylov tizimi asosida, ya’ni hududiy bir mandatli okrug bo‘yicha saylanadi. Yurtimizdagi amaliyot va xorijiy  tajriba majoritar saylov tizimining ijobiy jihatlari bilan birga  kamchiliklarini ham ko‘rsatmoqda. 

Chunonchi, g‘olib bo‘lgan nomzodni saylagan fuqarolarning xohish-irodasi asosida vakillik organlari shakllantirilib, qolgan saylovchilarning ovozlari ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Proporsional saylov tizimida esa, saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki siyosiy partiyalarga ovoz beradilar va deputatlik o‘rinlari partiyalar olgan ovozlarga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Majoritar va proporsional saylov tizimi – aralash saylov tizimi, deb yuritiladi.  

Bunda saylovchilar parlament deputatlarining bir qismini partiyalarning nomzodlar ro‘yxatiga ovoz berish orqali saylaydilar va qolgan mandatlar majoritar tartibda alohida nomzodlarga ovoz berish orqali saylanadi. E’tiborli jihati, aralash tizim  proporsional  tizimning umumiy afzalliklarini saqlab qolgan holda, saylangan deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi aloqani ta’minlash hamda majoritar saylovda muvaffaqiyat qozona olmagan partiyalarga ham o‘zlari olgan ovozlarga mutanosib deputatlik mandatlarini qo‘lga kiritish imkoniyatini yaratadi.

Jahon tajribasida o‘zini oqlagan aralash saylov tizimi  fuqarolarimizning siyosiy faolligi va parlamentimiz samaradorligini oshirish, siyosiy partiyalar o‘rtasida raqobat kuchayishiga  sezilarli turtki beradi. Deputatlarimiz  ishtirokida qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan va 2023 yil 18 dekabrdan kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum  o‘tkazish  tartibini  yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun saylov va referendum to‘g‘risidagi qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiqlashtirishga qaratilgani bilan e’tiborga molik.

Ushbu qonun bilan saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Yana bir muhim jihat shundaki, partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi nazarda tutilyapti. Bu shubhasiz, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishga keng yo‘l ochadi.

 

Deputat saylovchilarning chinakam xizmatkori bo‘lishi lozim

 

Partiya saylovoldi dasturidan: “Maqsadimiz – xalq deputatlari kengashlari faoliyatini takomillashtirish, ularning vakolatlarini kengaytirish, eng muhimi, mazkur tuzilmalarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish... bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish. Biz xalq vakillik organlarining fuqarolar uchun ochiqligini ta’minlash, “Elektron parlament” va “Elektron xalq deputatlari kengashi” kabi konsepsiyalarni hayotga izchil tatbiq etish tarafdorimiz”.

Bu boradagi muhim qadam  O‘zLiDeP fraksiyasining  ishtirokida qabul qilingan, 2020 yil 14 sentyabrdan amal qila boshlagan “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida o‘z ifodasini topdi.  Ushbu hujjat ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga huquqiy asos yaratdi. Chunonchi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari kotibiyatlari tashkil etildi.

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmonining 2-bandi hamda davlat dasturining 10-,11-bandlarida partiyaning “Elektron parlament” tizimini joriy etish tashabbusi hayotga ko‘chishiga xizmat qiluvchi chora-tadbirlar bayon qilingan.

Qonunchilik palatasida deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash, shu jumladan, ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish, amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rib chiqilayotgan hujjatlar va saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish imkoniyatini beradigan “Qonun ijodkorligi faoliyati tizimi” www.qonun.gov.uz hamda “Deputatlar portali” www.deputat.gov.uz  axborot tizimi ishga tushirilganini ham tilga olish lozim.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, partiyamiz saylovda e’lon qilgan tegishli va’dalarini baholi qudrat uddalab, davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini kuchaytirish, mazkur institutni haqiqiy demokratiya maktabiga aylantirishga munosib hissa qo‘sha oldi. Bundan buyon ham mazkur yo‘nalish O‘zLiDeP uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib qolaveradi.

Dilshod SHOUMAROV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining mafkuraviy va tashviqot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    28
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+