Bedana tuxumi – xolesterinsiz mahsulot

08.11.2022, 16:48

Bedana tuxumi – xolesterinsiz mahsulot

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A. Xaitov “O’zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Mirishkor qishlog‘ida yashovchi tadbirkor Sharifjon Ismoilov tomonidan bedanachilikni rivojlantirish, bedana tuxumi ishlab chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tadbirkor yigit 2018 yil bedana boqishni boshlagan ekan. Ayni paytda uning bedanaxonasida 23 ming bosh bedana mavjud. Kuniga 11 ming  dona tuxum yetishtirilayotir. Yiliga 1 mlrd so‘m sof foyda olinayapti. 12 nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan.

 - Bedana tuxumi umrni uzaytirib, insonning ko‘rish qobiliyatini yaxshilar ekan, - dedi Aktam Xaitov. - Diyetologlar tovuq tuxumida xolesterin mavjudligi tufayli uning o‘rniga bedana tuxumini tavsiya qilishmoqda. Bedana tuxumi barcha ozuqa moddalarga boy mahsulotdir. Asab tizimi kasalliklari, kamqonlik, gipertoniya, bronxial astma va qandli diabetda ijobiy samara beradi. Bugungi kunga qadar ko‘plab mamlakatlar parrandachilik sanoatida bedanachilik tarmog‘i kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Ular boshqa parrandalarga nisbatan ko‘p miqdorda tuxum, sifatli va mazali go‘sht berish xususiyati bilan alohida o‘ringa ega. Germaniya, Yugoslaviya, Fransiya, Angliya, Italiya, Kanada kabi mamlakatlarda bedana mahsulotlariga talab juda yuqori. Mamlakatimizda  bedana yetishtirish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari soni sezilarli darajada oshib borayotgan bo‘lsa-da, mahsulotga bo‘lgan talabni to‘liq qondira olmayapmiz. Intensiv usulda bedana boqish bugungi kun parrandachiligining muhim ahamiyatga ega vazifalaridan biridir. Shu bois Sharifjon Ismoilov tajribasini partiya a’zolari va qishloqlar aholisi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga kelishib oldik.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, normal sharoitda bedana 35-45 kunligidan tuxum qo‘yishni boshlaydi. Bir yil davomida bir dona urg‘ochi bedana taxminan 2,5 kg tuxum massasini beradi, bu uning tirik vaznidan 20 baravar ko‘p degani. Tadbirkorga Kengash huzuridagi Jamg‘arma mablag‘laridan foizsiz 50 mln.so‘m ssuda ajratiladigan bo‘ldi. Tadbirkor moliyaviy ko‘mak uchun kengash rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirarkan, bedanalar sonini 100 boshga yetkazib, yana 28 nafar hamqishloqlarini ish bilan ta’minlashga so‘z berdi.

Ishchi guruhi a’zolari tomonidan vohada faoliyat olib borayotgan fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalari bilan uchrashib, qishloqlarda dehqonchilik madaniyatini yuksaltirish, aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash uchun bo‘sh turgan yer maydonlarini dehqonchilik bilan shug‘ullanaman degan tashabbuskor yoshlarga berish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanligi e’tirof etildi. Tomorqa yer egalari uchun zamonaviy texnologiyalar asosida tomchilatib sug‘orish uskunalari asosida mahsulot yetishtirish borasida master klasslar tashkil etish, bu borada mutasaddilar, O’zLiDeP kengashlari, deputatlar va boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari oldida turgan vazifalar haqida taklif mulohazalar bildirib o‘tildi. 

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    661
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+