Asakada 111 gektar maydonda tashkil etilayotgan zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishildi

11.11.2022, 16:33

Asakada 111 gektar maydonda tashkil etilayotgan zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov Andijon viloyatida bo‘lib, bir qator tadbirkorlik sub’ektlari, dehqon xo‘jaliklari, klasterlar va aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirdi.

Partiya yetakchisi o‘rganishlari davomida Asaka tumani adirlik hududida «Sabo hamkor» MChJ tomonidan 111 gektar maydonda tashkil etilayotgan «Net House» usulidagi zamonaviy issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Issiqxonada 10 turdan ortiq eksportbop mahsulotlar yetishtirilmoqda.

Bugungi kunda 15 gektar maydonda issiqxonalar qurilish ishlari yakunlanib, hududning ichki yo‘llari asfaltlash ishlari olib borilmoqda. Issiqxonalarda galubika, malina, qulupnay, pomidor, bodring, baqlajon, karam, bulg‘or qalampir kabi mahsulotlar ekilgan bo‘lib, hosilni yig‘ishtirib olish ishlari boshlab yuborilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 40 million AQSh dollarni tashkil etadi. Ushbu loyiha doirasida birgina Asaka tumanning o‘zida 600 nafar fuqaro doimiy, 2 ming nafardan ziyodi esa mavsumiy, daromadli ish bilan ta’minlanadi.

Bu esa aholi bandligini ta’minlash hamda bozor rastalarini arzon va sarxil mevalarga to‘ldirish, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish, eng muhimi, unumdorligi past bo‘lgan maydonlardan yaxshigina daromad olish borasidagi imkoniyatlarni oshiradi.

Partiya rahbari Aktam Xaitov tadbirkor faoliyati bilan tanishar ekan, issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlarni bozorini topish, eksportini yo‘lga qo‘yish borasida yaqindan ko‘makchi bo‘la olishligi, yana ko‘plab qishloq aholisini bandligini ta’minlash borasida o‘z takliflarini berib o‘tdi.

  • Ko'rildi
    415
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+