Oilaviy tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda

02.02.2023, 15:20

Oilaviy tadbirkorlik davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda

Oilaviy tadbirkorlik biznesning eng qulay shakli. Chunki bu biznes orqali butun oila a’zolari ish bilan band bo‘lib, ro‘zg‘origa daromad keltirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. Bu biznesning yana bir muhim jihati shundaki, oiladagi to‘kinlik aka-uka va opa-singillar o‘rtasidagi hamjihatlikni ham mustahkamlaydi. Mehnat qilib daromad topishga o‘rgangan farzandlar qalbida ezgu va go‘zal tuyg‘ular uyg‘onadi.

Prezidentimizning  2023 yil 31 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori orqali bu qulay biznes vakillari uchun yangicha imtiyoz va yengilliklar yaratilgani nur ustiga nur bo‘ldi. Xususan, 2023 yil davomida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun kamida 13 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani ham katta e’tibor hamda g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.

Albatta, bu mablag‘ hisobidan tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha ham qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. Ya’ni kreditlar ustuvor ravishda dasturlar bo‘yicha avval kreditlardan foydalanmagan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ajratiladi. Ya’ni kreditdan foydalanmagan oilalarga alohida e’tibor qaratiladi.

Yana bir qulaylik shundan iboratki, tadbirkorlarning mahallalarda ishlab chiqarishni, xizmat ko‘rsatish sohasini va hunarmandchilikni hamda aholi bilan kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirishga yo‘naltirilgan loyihalari uchun hokim yordamchilarining tavsiyanomasi asosida ajratiladigan kreditlar miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Bunda, tashabbuskor loyihada kamida 30 foiz ulush bilan ishtirok etishi lozim. Dasturlar doirasida ilgari olgan kreditlaridan samarali foydalanib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirgan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga faoliyatini yanada kengaytirishi uchun mazkur kreditlardan takroran foydalanishga ruxsat etiladi.

Hokim yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra kredit summasining 10 million so‘mgacha bo‘lgan qismi (hunarmandlar uchun 20 million so‘mgacha) bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi. 2023 yil 1 iyundan aholi va tadbirkorlarga kredit ajratish jarayonida qarz oluvchini ID-kartadagi (biometrik pasportdagi) biometrik ma’lumotlar asosida identifikatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Eng muhimi, yurtimizda tadbirkorlik qilishga bel bog‘lagan fuqarolar uchun barcha qulayliklar mavjud. Ishbilarmonlarni, ayniqsa, oilaviy tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani  nafaqat oila daromadi oshishi va ish o‘rniga ega bo‘lishini ta’minlaydi, balki mamlakat iqtisodiyoti ravnaqiga  munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi. Zotan, tadbirkori ko‘p yurtning taraqqiyoti yuksak bo‘ladi.

      Hazratqul XO’JAMQULOV,

      Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    592
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+