O’zbekiston va Misr Arab Respublikasi ishbilarmonlari hamkorligi yanada kengayadi

21.02.2023, 15:57

O’zbekiston va Misr Arab Respublikasi ishbilarmonlari hamkorligi yanada kengayadi

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifining birinchi kuni ishbilarmon doiralari vakillari, mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan qizg‘in uchrashuvlar bilan boshlandi.

Davlatimiz rahbari O’zbekiston-Misr biznes forumining samarali natijalarini, uning yakunida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga imzo chekilganini aytib, bu anjuman ikki mamlakat ishbilarmonlari hamkorligini yanada kuchaytirishini ta’kidlab o‘tdi.  Ayniqsa, energetika, elektrotexnika, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun qulay biznes muhiti mavjudligi aytib o‘tildi.

Albatta, o‘z navbatida Misrning yetakchi kompaniyalari vakillari o‘z chiqishlarida Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani ularning O’zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochayotgani alohida e’tirof etishdi.

Masalan, olaylik, “Elsewedy Electric” kompaniyasi rahbarlari elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Misrdagi eng yirik korxona bo‘lib, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va qo‘shimcha qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga hozirligini bildirishdi. “Orascom Construction” kompaniyasi vakillari O’zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo‘yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini aytib o‘tishdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida fikr-mulohozalari bilan bo‘lishib, Misrning yirik sarmoyadorlari O’zbekistonni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ko‘prik sifatida ko‘rayotganlarini qayd etdilar. Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirilgan reja va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, O’zbekiston tomonining mutasaddilariga taklif etilgan loyihalar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash topshirig‘ini berdi.

         Ikki mamlakat ishbilarmonlarining bu hamkorligi albatta, O’zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, do‘stlik va savdo-investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirishiga shak shubha yo‘q. Bu borada imzolangan “yo‘l xaritasi” esa kelishilgan ahdlashuvning rasmiy hujjati bo‘lib xizmat qiladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, mamlakatimizni Misr Arab Respublikasi bilan bog‘lab turgan rishtalar uzoq tarixga ega. Xususan, buyuk vatandoshimiz Ahmad Farg‘oniy 861 yilda Nil daryosidagi Ravza orolida  suv sathini o‘lchaydigan inshoot barpo ettirgan, “Miqyos an-Nil” nomi bilan mashhur bu qurilma qishloq xo‘jaligi va iqlimni baholashda juda muhim bo‘lgan.

Bu joyda Ahmad Farg‘oniyning haykali qad rostlab turibdi. Prezidentimiz haykal poyiga gulchambar qo‘yib, buyuk vatandoshimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Aytmoqchimanki, ikki mamlakat o‘rtacidagi o‘zaro bog‘liqlik bugungi kunda ham qizg‘in davom etar ekan, buyuk mutafakkir bobomiz qo‘yib ketgan ishbilarmonlik poydevori yanada mustahkam asosga ega bo‘ladi.

        Dilbar Usmonova,

      Oldiy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    178
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+