Senator ko‘magi bilan Vochaxni elektrlashtirish boshlandi

05.09.2023, 15:41

Senator ko‘magi bilan Vochaxni elektrlashtirish boshlandi

Surxondaryo viloyatidagi Vochax qishlog‘i dengiz sathidan 1000 metr balandlikda Sariosiyo tumani markazidan 70 chaqirim uzoqda tog‘lar qo‘ynida joylashgan. 20 dan ortiq xonadonda 120 ga yaqin fuqaro yashaydigan qishloq ahli ko‘p yillardan buyon turli idoralar, jumladan, Energetika vazirligi va uning quyi tizimlariga, markaziy televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalariga murojaat etib, qishloqni elektrlashtirishda yordam so‘rab kelayotgan edi.

Biroq, mutaxassislar olis tog‘li qishloqqa simyog‘ochlarni olib borish imkoniyati yo‘qligini ro‘kach qilib, elektrlashtirishni ortga surib kelgan.  

Joriy yil aprel oyida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zoligiga O’zLiDePdan saylangan senator, “O’zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning Sariosiyo tumanida faollar va fuqarolar bilan uchrashuvida vochaxliklar qishloqni elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasini yana ko‘ndalang qo‘ydi.  

Mazkur murojaatni atroflicha o‘rganib chiqqan senator tog‘li qishloqni elektr energiyasi bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga oldi. Yuk mashinalari qatnaydigan tog‘ yo‘li orqali Karch qishlog‘idan elektr sim ustunlari  va boshqa zarur materiallar olib boriladigan bo‘ldi. 100 dona maxsus temirdan yasalgan ustun, elektr tarmog‘i uchun 18 ming metr “AS-25” elektr uzatish simi, bir dona 160 kVtli transformator punkti ajratildi.  

– Turmushni elektr energiyasisiz tasavvur etib bo‘lmaydigan zamonda yashayapmiz,–deydi o‘qituvchi Mirzaumar Merganov. – Bizning ham televizor ko‘rib, yangiliklardan xabardor bo‘lgimiz, mehmon kelsa yorug‘ xonalarda kutgimiz keladi. Shu masalada mutasaddilarga murojaat qilaverganimizdan so‘ng ixcham quyosh panellari o‘rnatib berishdi. Biroq, bu ham ish bermadi. Tasavvur qiling: uyda televizor, mo‘‘jazgina maktabimizda kompyuter bor. Afsuski, ulardan foydalanish uchun elektr energiyasi yo‘q. Shu masalada senator Abdug‘ani Sanginovga murojaat etgan edik, masalaga mas’uliyat bilan yondashdi. Bizni to‘g‘ri tushundi. Mana, ajdodlarimiz orzu qilgan elektr chiroqlari endi qishlog‘imizni yoritadigan bo‘ldi.  

Vochaxliklarning aytishicha, bir paytlar 300 dan ortiq kishi yashagan qishloqda sharoitlar o‘nglanavermagach, ularning aksariyati tuman markaziga ko‘chib ketgan. Ayni paytda tog‘lar qo‘ynida yashayotgan aholi bog‘dorchilik, chorvachilik, asalarichilik bilan shug‘ullanadi.  

Mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida senator tashabbusi bilan Karch qishlog‘idan 8 chaqirim tog‘li masofaga temir ustunlarni o‘rnatish boshlandi. Murakkab bu loyihani tez, sifatli amalga oshirish uchun tog‘da ishlaydigan maxsus texnikalar va tajribali mutaxassislar jalb etilgan.  

Xolmo‘min Mamatraimov

  • Ko'rildi
    118
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+