Yagona xalqmiz, yagona Vatanmiz!

06.09.2023, 11:21

Yagona  xalqmiz, yagona Vatanmiz!

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan fikrlar keng jamoatchilik – mahalliy va xorijiy ekspertlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi

Bir qarashda u bayramona qutlovga o‘xshaydi. Yuzaki yondashuvchilar shunday o‘ylashi ham ehtimoldan xoli emas. Ammo masala mohiyatiga chuqurroq nazar solgan kishi tantanalar minbarida tilga olingan mulohazalar aslida “Vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir” degan qutlug‘ da’vat halqalari o‘zaro chambarchas bog‘langanini sezishi qiyin emas. Binobarin, ezgu orzu-istaklar bilan umrguzaronlik qilayotgan mard va olijanob, mehr-oqibatli elimiz ayni shunday xalq bo‘lib maydonga chiqmoqda. Tabrikning boshidan oxirigacha shu ruh saqlanib qolgani yanada muhimroq ahamiyat kasb etdi. Bundan tashqari, “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” tarzida jaranglagan shior tillardan dillarga ko‘chib aks sado berayotgani ham haq so‘z ta’sirining dalolatidir.

 Davlatimiz rahbari nutqni o‘ttiz ikki yil avval tug‘ilgan go‘dak bugun o‘zining mustaqil fikri va maqsadlariga ega shaxs sifatida voyaga yetgani singari O’zbekiston ham ulkan tajriba orttirib, o‘zining aniq yo‘li va pozitsiyasiga ega bo‘lgan katta davlat sifatida shakllanganini ta’kidlashdan boshlagani bejiz emas. Bu, shubhasiz, butun xalqimizning tarixiy yutug‘i ekani inkor etib bo‘lmas haqiqatga aylangan.

Barchamizga yaxshi ayonki, Vatanimiz o‘z suverenitetiga osonlik bilan erishgani yo‘q. Shuning uchun ham Prezidentimiz olib borayotgan siyosat yurt ozodligi yo‘lida kurashgan, nohaq ayblanib, bu dunyodan armon bilan ketgan vatandoshlarimizning pok nomlarini tiklashni nazarda tutadi. So‘nggi uch yilda ularning 856 nafari Oliy sud tomonidan oqlangani esa ana shunday oqilona siyosat samarasi hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining “Siyosiy mustaqillik zamirida eng avvalo iqtisodiy mustaqillik yotishi hech kimga sir emas. Oxirgi yillarda amalga oshirgan ishlarimiz, erishgan natijalarimiz bu yo‘lda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda”, degan so‘zlarini O‘zLiDeP elektoratining salmoqli qismini tashkil etuvchi shijoatli tadbirkorlar, qishloq mulkdori sanalgan fermerlar iliq kutib olishdi. Boisi, so‘nggi qariyb yetti yil ichida yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 martadan ziyod, tadbirkorlik sub’ektlari soni 2 karra ko‘paygani, sanoatdagi o‘sish 40 foizdan oshgani yuqoridagi fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi. Demak, partiyamiz saflaridagi bir milliondan ko‘proq faollarimiz bugun bilan kechagi kunni emas, balki bugun bilan ertangi kunni qiyoslagan holda jadal harakat qilish muvaffaqiyatlar manziliga tezroq eltishini yaxshi anglab yetmog‘i lozim deb o‘ylaymiz.

Mirishkor dehqonlar haqida so‘z ketar ekan, ekologik muammolar va suv tanqisligini chetlab o‘tishning iloji yo‘q. Shu sababli Prezidentimiz nutqida bu masalaga ham alohida e’tibor qaratildi. Tarozining bir pallasida o‘sib borayotgan qurilishlar, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi turgan bo‘lsa, ikkinchi pallasida har birimiz uchun eng zarur bo‘lgan suvni tejash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va yer resurslaridan oqilona foydalanish masalasi turgani yuraklarga yetib boradigan samimiyat bilan ochib berildi.

Muvozanatni saqlash uchun suvni, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq o‘tish muhim ahamiyatga ega ekanligi aniq misollarda ko‘rsatib o‘tildi. Insoniyat oxirgi besh-olti yil mobaynida so‘nggi yuz yil davomida o‘z boshidan o‘tkazishi mumkin bo‘lgan barcha sinovlar bilan yuzma-yuz kelgani alohida ta’kidlandi. Bunday ofatlar oqibatida “manaman” degan daraxtlarning ham barglari uzilishi, shoxlari sinishi, kurtaklari to‘kilishi, hatto mevalari nobud bo‘lishi mumkin. Lekin ildizi mustahkam va chuqur bo‘lgan daraxtlar yiqilmaydi. Aksincha, yerga o‘sha tomirlari bilan yanada mahkam bog‘lanadi. Qayta kurtak yozadi, mevalar tugaveradi. Bu – hayot qonuni.

Bizning qadimiy va mustahkam ildizlarimiz bor. Bu – bizning tariximiz, qadriyat va an’analarimiz, urf-odatlarimiz, milliy o‘zligimizdir.

Muxtasar xulosa sifatida bir fikrni ochiq aytmoqchiman: Yer sayyorasi deya ataladigan jahon ayvonida katta-kichikligidan qat’i nazar, mamlakatlar kam emas. O’sha davlatlarning deyarli barchasida o‘z xalqi tomonidan saylangan va xalq ishongan rahbarlar bor. Sanayman desangiz ikki yuzdan keyin adasha boshlaysiz. Lekin, haqiqat shundaki, chinakam yetakchilarni jamoatchilik tezda ajratib oladi. Xalqimizning asrlarni qaritgan qadim iborasi bilan aytganda, yo‘lboshchining nelarga qodirligi uning kuchli idrokka tayangan gap-so‘zidan ma’lum. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Prezidentimizning nufuzli minbarlardagi har bir ma’ruzasi pishiq-puxtaligi, uzoqni ko‘zlagan g‘oyalari bilan o‘ziga xos voqelikka aylanmoqda.

Dunyoning olis va yaqin mamlakatlari, ayniqsa, qo‘shni davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari bu haqiqatni faqat bugun anglayotgani yo‘q. Chunki ushbu siyosat zamirida do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish masalasi turibdi.

Jamiki sa’y-harakatlar mamlakatimiz ravnaqi uchun, o‘z Vataniga sadoqatli har bir inson qadri uchun ekanligi mustaqilligimizning 32 yillik to‘yidagi nutqda yana bir bor e’tirof etildi. Oldimizdagi vazifalar qanchalik ulkan va murakkab bo‘lmasin, ularni birgalikda hal etishga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetishi aniq. Chunki biz endi kechagi odamlar emasmiz. Xalqimiz ham kechagi xalq emas.

O‘zLiDeP ham kechagi emas, uning ko‘p ming sonli a’zolari va tarafdorlari ham har tomonlama faollikka intilmoqda. Partiyamizning bugungi o‘zagini shiddatli islohotlar muvaffaqiyatini zimmasiga olishga qodir shaxslar tashkil etadi. Modomiki, siyosiy kuchning barcha faollari yagona musht bo‘lib birlashgan holda Prezidentimiz belgilab bergan dolzarb strategik vazifalarni izchil amalga oshirishimiz, o‘z navbatida, elektoratga berilgan va’dalar ijrosini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    267
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+