“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi: xalqimiz orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qiluvchi hayotiy hujjat

13.09.2023, 15:38

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi: xalqimiz orzu-umidlari ro‘yobiga xizmat qiluvchi hayotiy hujjat

Bugun O‘zbekistonda hayotimizning barcha jabhalarida jonlanish, o‘sish, o‘zgarish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Har bir sohada ulkan yangilanishlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Bunday tarixiy evrilishlar o‘z-o‘zicha sodir bo‘lmaydi. Bu islohotlar zamirida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qat’iyati mujassam.

Bundan yetti yil avval davlatimiz rahbari xalqimiz bilan bamaslahat “Harakatlar strategiyasi”ni qabul qilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ushbu strategiya asosida barcha sohalarda tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Mazkur hujjat tom ma’noda, iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini poydevori bo‘lib xizmat qildi.

Birgina misol. Yetti yil avval valyuta bozori qay ahvolda edi? Davlatimiz rahbarining qat’iyatliklari bilan valyuta bozori erkinlashdi. Milliy valyuta so‘mni ayirboshlash imkoniyati yaratildi. Haqiqiy bozor iqtisodiyotini barpo etish maqsadida qabul qilingan ushbu tarixiy qarorlari tufayli, makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlandi.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq targ‘ibotlar yengillashtirildi. Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq, hududlarni komleks rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Natijada iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan orqada qolayotgan tumanlar va shaharlar taraqqiy etdi, aholining turmush sharoiti yaxshilandi.

Harakatlar strategiyasi doirasida hayotga tadbiq etilgan islohotlarni odamlar o‘z hayotida seza boshladi. Odamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat idoralari va rahbarlari bilan muloqot qilish, o‘z fikr va mulohazalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu orqali yurtdoshlarimiz kayfiyati o‘zgardi, tafakkuri yangilandi, maqsadlar va intilishlari real asoslarga ega bo‘ldi.

Oradan muayyan vaqt o‘tib, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. O‘tgan qisqa davrda ushbu dasturiy hujjat doirasida odamlarni rozi qilish, aholi farovonligini ta’minlash, xalqimizni orzu-istaklariga yetishishi uchun salmoqli ishlar bajarildi.

Umuman, Harakatlar va Taraqqiyot strategiyalari kabinetda o‘tirib yaratilgani yo‘q. Har ikkala dasturiy hujjat ham odamlarning fikr-mulohazalari, takliflari asosida ishlab chiqildi. Demak, xalqimiz mazkur hujjatlarning haqiqiy ijodkori, hammuallifi bo‘ldi, desak ayni haqiqat bo‘ladi.

Prezidentimizning shu yil 11 sentyabrdagi farmon bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ham inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, yaqin kelajakda amalga oshirilajak islohotlarning tub maqsadlarini qamragan ustuvor yo‘nalishlar o‘rin olgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu hujjat mamlakatimiz va xalqimiz tarixining o‘ziga xos yangi davrini boshlab beradi.

Inson qadrini yuksaltirish, erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish eng oliy qadriyat sifatida qaralgan ushbu hujjat loyihasining muhokamalarida O‘zbekiston Leberal-demokratik partiyasining ko‘p sonli faollari, Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolari, Yoshlar parlamenti a’zolari o‘zlarining asoslantirilgan taklif va tavsiyalari bilan faol ishtirok etdi. Bu esa “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining xalq muallifligidagi tarixiy hujjat bo‘lishiga asos bo‘ldi.

Ushbu dasturiy hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. Mamlakatimizda keyingi yetti yillikda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan mazkur hujjat shubhasiz, O‘zbekiston xalqini adolatli taraqqiyot yo‘lida jipslashtiradi.

Strategiya beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olgani bilan e’tiborga molik. Bu mamlakatda islohotlar samaradorligini keskin oshirish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.

Hujjatda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va uning Qonunchilik palatasidagi fratsiyasi zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, Strategiyaning har bir yo‘nalishini tahlil qiladigan bo‘lsak, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish, munosib turmush sharoiti bilan ta’minlash kabi ulkan maqsad va marralar ko‘zlanganini ko‘rish mumkin.

Birgina partiyamizning asosiy maqsad va g‘oyalarini o‘zida aks ettirgan Strategiyaning Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ikkinchi yo‘nalishini tahlil qilsak, unda iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalarini yangi bosqichga olib chiqish borasida qator tashabbuslar ilgari surilayotgani diqqatga sazovor.

Masalan, 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish asosiy maqsad qilib olinmoqda. Bunda kelgusi yetti yillikda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash kabi chora-tadbirlar belgilanganki, bular partiyamiz g‘oyalariga uyg‘un va hamohangdir.

Ayniqsa, eksport hajmini 2 barobar oshirish va 45 milliard dollarga yetkazish, eksportchi korxonalar sonini 6,5 mingtadan 15 mingtaga yetkazish, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 barobar ko‘paytirish, Yevropa davlatlariga GSP+ va boshqa tizimlari doirasida tayyor va texnologik mahsulotlar eksportini kengaytirishdek muhim vazifalar ham partiyamiz dasturiy maqsadlariga to‘la mos keladi.

Hujjatda qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish borasida ham qator vazifalar belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, kelgusida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash ko‘rsatkichining 25 foizdan yuqori bo‘lishi ta’minlanadi.

Strategiyani amalga oshirishda barcha davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar vakillari ham kamarbasta bo‘ladi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ham “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar atroflicha muhokama qilinib, bu borada partiya va uning fraksiyasi oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

Bugun nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi – Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lidagi eng to‘g‘ri strategiya ekanligini e’tirof etmoqda. Ishonamizki, ushbu hujjat tom ma’noda Yangi O‘zbekistonda siyosiy-huquqiy hamda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha dasturilamal hujjatga aylanadi.

Zotan, ushbu hujjat bilan mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada barqaror ta’minlash yo‘lidagi eng dolzarb masalalar yechimi, ularga erishish yo‘llari va usullari belgilab olindi. Partiyamiz va uning quyi palatadagi fraksiyasi shu yagona maqsad yo‘lida yanada qat’iy ishonch va katta g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekiston —2030” strategiyasi nafaqat mamlakatimizning kelgusi yetti yillik taraqqiyotini shu bilan birga, uning uzoq yillik rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi muhim hujjatdir. Unda belgilangan maqsadlarning ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishida, hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    243
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+