Toblanish va ibratli tajriba maktabi

19.10.2023, 10:40

Toblanish va ibratli tajriba maktabi

Yigirma yil...

Tarix uchun qisqa fursat bo‘lgan ushbu davrda mamlakat siyosiy maydonida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi o‘z o‘rniga, obro‘-nufuziga, ta’bir joiz bo‘lsa, yetakchilik mavqeiga ega bo‘ldi.

O‘zLiDeP faoliyatining ilk kunlaridanoq dadil qadamlar tashladi. Asosiy elektorati hisoblangan tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar manfaatlarini ishonchli himoya qilishdek ulkan missiyani zimmasiga oldi. Bu sharafli yo‘lda g‘ayrat-shijoat ko‘rsatdi. Natijaga erisha olish salohiyatini namoyon etdi. Endigina shakllantirilgan partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasidan tortib, hududiy tashkilotlar rahbarligigacha kuchli bilim, boy tajriba va iqtidorga ega bo‘lgan kadrlarning tayinlanlanishi muvaffaqiyatning dastlabki omili bo‘ldi. Shu jumladan, bizning Buxoro viloyatida ham partiyaning shakllanish, xalq ishonchini qozonish va rivojlanish bosqichlari yengil kechgani yo‘q albatta.

Partiyaning ta’sis s’ezdida qatnashganim kechagidek yodimda. 2003 yil 15 noyabrda o‘tkazilgan anjumanga buxorolik delegatlar bilan birga borganman. Boshqa safdoshlarim va maslakdoshlarim qatori mening ham qalbimda O‘zLiDePning ertangi kuniga bo‘lgan yuksak ishonch o‘shandayoq mustahkam edi.

Tabiiyki, s’ezddan keyin bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar ko‘lami anchagina salmoqli bo‘lib, ular mahalliy kengashlardagi deputatlik korpuslarini shakllantirishdan tortib, viloyat, tuman va shahar bo‘linmalarining kadrlar tarkibi hamda moddiy texnik bazasini kuchaytirishgacha bo‘lgan mas’uliyatli vazifalarni qamrab olgan edi.

Oradan o‘tgan yillar ichida amalga oshirilgan salmoqli ishlarga nazar tashlasangiz Buxoro viloyati misolida ham bu borada sezilarli natijalarga erishilganligiga guvoh bo‘lasiz. Masalan, 2004 yilning 1 yanvar holatida viloyat bo‘yicha 7507 nafar O‘zLiDeP a’zosi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2023 yilning 9 oylik natijalariga binoan bu ko‘rsatkich 87096 nafarga yetdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni esa mos ravishda 341 tadan 861 taga ko‘paydi. Joylardagi targ‘ibot-tashviqot tadbirlari samarasi o‘laroq shu tariqa deyarli barcha yo‘nalishlarda yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.

Oliy Majlisning yuqori va quyi palatalari hamda mahalliy kengashlar deputatligiga O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan nomzodlarning aksariyati saylanganligi ham partiyaning nufuzidan darak beradi. Bugungi kunda Xalq deputatlari Buxoro viloyat, tuman va shahar kengashlarida bu partiyadan saylangan jami 146 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Ularning samarali faoliyatisiz partiyaviy loyihalar ijrosini ta’minlashda kutilgan natijalarga erishib bo‘lmaydi, albatta. Masalan, ushbu siyosiy kuchning “Ayollar qanoti” tomonidan ishlab chiqilgan “Oilaviy tadbirkorlikdan – mustahkam oilaga”, “Sog‘lom oila – mustahkam oila”, “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori” singari bir-biridan pishiq-puxta ishlangan istiqbolli loyihalari, ayniqsa, “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining yakuniy natijalariga binoan o‘tgan davr ichida buxorolik xotin-qizlarning ko‘plab vakillari peshqadamlikni egallab, tijorat banklaridan ajratilgan imtiyozli kreditlarni olishga ham musharraf bo‘lishdi.

Yoshlar – Vatan kelajagi! O‘zLiDePning bu boradagi nuqtai nazari ham partiya “Yoshlar qanoti”ning faoliyatida yaqqol namoyon bo‘layotir. Ushbu jihat “Parlamentda mening o‘rnim”, xususan, keyingi paytda tumanlar va hududlar kesimida o‘tkazib kelinayotgan “Yosh muvaffaqiyatli tadbirkor”, “Yosh innovatorlar va texnologlar”, “Yosh tadbirkorlar ligasi” singari loyihalar hamda bir qator sport festivallarida o‘z aksini topmoqda.

Mahalliy kengash deputatlari ko‘magida mahallalardagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand va nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda, tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan ayollar va yoshlarga zarur imkoniyat eshiklarini ochishda kutilgan natijalarga erishilmoqdaki, oradan o‘tgan yillar bo‘yicha olingan taqqoslama raqam va dalillardan ham buni bilish qiyin emas.

Muxtasar qilib aytganda, oradan o‘tgan 20 yil partiyaviy faoliyatimizda o‘ziga xos sinov, chiniqish, toblanish hamda ibratli tajriba maktabini yaratgan davrga aylandi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Barcha bo‘g‘inlardagi partiyaviy kadrlar salohiyati tobora yangilanib va barqarorlashib borar ekan, oldimizda turgan vazifalar ijrosida ham hech shubhasiz ko‘zlangan dovonlar zabt etilaveradi. Binobarin, davlatimiz rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalarning bosh mezoni ham aniq: Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek tarixiy jarayonning bugungi ilk bosqichida mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlash va shu tariqa xalqimiz turmush farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shishdan iboratdir.

Farmon AMINOV,

Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi raisi,

Xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashi deputati

  • Ko'rildi
    116
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+